O‘zbekistonda hafta oxirida respublikaning shimoliy hududlariga Kaspiy dengizi hududidan nam va salqin havo massalari kirib kelishi kutilmoqda, deya xabar berdi O‘zgidromet xizmati agentligi.

Seshanba va chorshanba kunlari O‘zbekiston hududi bo‘ylab quruq va iliq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Havo harorati kechalari +10…+15 daraja, kunduz kunlari +23…+28 daraja bo‘ladi.

5-oktabr kuni mamlakat hududining katta qismida quruq va iliq ob-havo saqlanib turadi, kunduzi harorat +25…+30 darajagacha biroz ko‘tariladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida ba’zi joylarda biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin.

6-oktabrda nam va salqin havo massalarining kirib kelishi O‘zbekistonning barcha hududini qamrab oladi, ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi, ayrim joylarda shamol tezligi 13−18 m/s gacha kuchayadi. Havo harorati kechasi +10…+15 daraja, kunduzi +20…+25 daraja bo‘ladi.

Toshkent shahrida havo o‘zgarib turadi, yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat juma kuni 6-oktabrda yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Shamol asosan sharqdan 3−8 m/s tezlikda esadi, 6-oktabrda 10−12 m/s gacha kuchayadi. Harorat kechasi +12…+15 daraja, kunduzi +24…+27 daraja, 5-oktabrda +27…+29 daraja bo‘ladi. Juma kuni 6-oktabrda yomg‘ir paytida +21…+23 darajagacha pasayadi.