Toshkent shahar Sergeli tumani “Quruvchilar” dahasida joylashgan “Inter Logistics” kompaniyasiga tegishli omborxonada 28-sentabrga o‘tar kechasi soat 2:43 da kuchli portlash yuz berdi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, portlash oqibatida 163 kishi jarohat olgan, ulardan ahvoli o‘rtacha og‘ir deb baholangan 24 nafari kasalxonaga yotqizilgan; kamida bir kishi halok bo‘lgan.

Hodisa oqibatida omborxona atrofidagi imoratlar, turar joy binolariga zarar yetgan. Ko‘p qavatli uylardagi aksariyat xonadonlarning deraza romlari qo‘porilib, sinib ketgan, ayrim xonadonlarning ichki qismiga ham jiddiy zarar yetgan. Rasmiylar hodisa oqibatida zarar ko‘rgan xonadonlar ta’mirlab berilishini ta’kidlamoqda.

Portlash ro‘y bergan vaqtda mutlaq ko‘pchilik uyquda edi. Hodisa oqibatida jabrlangan sergeliliklar “Gazeta.uz” muxbirlari bilan suhbatlarda birinchi taassurotlari, tunni qanday o‘tkazganliklari, qanday jabrlanganliklari va endi nima qilmoqchi ekanliklariga haqida qisqacha gapirib berdi.

сyerгели, сyerгелиdaги portlash, тошкент

3V-uyda yashovchi fuqaro

Uxlab yotgandik, birdan gumburlab ketdi. Avvaliga yer qimirlayapti, deb o‘ylagandik. Keyin qarasak, atrof chang, oynalar sinib yotibdi. Qo‘rqib, pastga tushdik. To‘g‘rimizdagi omborxona portlab ketgan ekan. Bizning oilada jarohatlanganlar yo‘q, lekin 6-qavatda bitta o‘lim bo‘libdi. 11-sinf bola, yonimizdagi 305-maktabda o‘qirdi.

Zoya Hojiyeva

Portlash yuz bergan vaqtda uxlab yotgandik, portlashni eshitishimiz bilan tashqariga otilib chiqdik. Mana, 9A-uydagi hamma xonadonlarning deraza romlari uchib ketdi. Elektron kotyollar bor-ku, hammasi portlab ketdi. Har biriga gaz quvuriga o‘tganu, ular ham uzilib, gaz sizib chiqib yotibdi. Ko‘pchilik, ayniqsa ko‘plab qariyalar jabr ko‘rdi, odamlarni kasalxonalarga olib ketishdi.

Nevaramning sinfdoshi, 305-maktabning 11-sinfida o‘qiydigan yigit halok bo‘libdi. Mahalla qo‘mitasidagilar ham aytishdi. Dafn marosimi ham bugun bo‘lsa kerak, odamlar yig‘ilgan, lekin hozircha ruxsat berishmayapti.

Bugun maktab ham, bog‘cha ham yopilgan, hech narsa ishlamayapti. U yerlarda ham hamma narsa — oynalar, eshiklar uchib ketgan.

Vafot etgan o‘smir haqida

Bir qo‘shni: “Ularning oilasi to‘rt kishi edi — dadasi, onasi, akasi va o‘zi. Adashmasam, onasining boshi yorilibdi. Soat 3 lardan o‘tganda qo‘shnilar chiqishdi, liftda pastga olib tushib ketishdi. O‘sha vaqtda „tez yordam“ yo‘q edi, kasalxonaga o‘zlari olib ketishdi”.

Boshqa qo‘shni: “Mashinada olib ketayotgandik. Mening qo‘limda joni uzildi. 11-sinfda o‘qirdi. Peshinda janozasi. Bu yerdan emas, Janubiy vokzal tarafda yashaydigan dodasining uyidan chiqarisharkan”.

Feruza opa

Soat 3:00 lar atrofida uyg‘ongandim, o‘sha vaqt portlash bo‘ldi. Birdan pastga tushdik. O‘g‘lim kichkina bolalarini olib, qizim — hammasi chiqib ketdi. Ularni hozircha ovsinimnikiga joylashtirdik. Hech kimga hech narsa qilgani yo‘q, faqat shu deraza romlari qo‘porilib tushdi, shularni joyiga o‘rnatish kerak, shunga tartibga keltiryapmiz.

Tuman hokimi yordamchisi kelib, bugun chiqib ketaveringlar, uyda erkaklardan bir kishi qolsa bo‘ldi, derazani qo‘yib, romlarni to‘g‘rilab beramiz, deb ketdi. To‘g‘rilab berar. Uy tartibga kelgunicha qayerga ham borardik? Shu yaqinda ovsinim, qaynisingillarim turadi, ularnikiga boramizda. Narsalarimiz vaqtincha qayerda turarkin, bilmasam.

Bolalarimiz o‘qishga kirgach shu yerga ko‘chib kelgandik. Uch yildan beri shu yerda yashaymiz — avvallari hech bunga o‘xshash narsa bo‘lmagandi. Juda kutilmaganda bo‘ldi. O‘zimiz sog‘-salomatmiz, bolalarimga hech narsa bo‘lmaganiga shukr!

сyerгели, сyerгелиdaги portlash, тошкент

21-uyda yashovchi ayol:

Uyqudan tursam yong‘in, yuqoridan qandaydir olov tushganday bo‘ldi. Qarasak, deraza romlari otilib ketgan; deraza tokchasida gullarim bor edi, o‘shalar tushib ketgan.

O‘g‘lim zalda edi, unga hech nima qilmabdi. Bir farzandim 10 yosh, biri 4 oylik — Xudoga shukr, ularga hech nima qilmadi. Keyin ko‘chaga chiqdik. Uyimizdan nariroqda turgan mashina ichida tong ottirdik.

Uyda yashasa bo‘ladi, faqat romlari ko‘chib ketgan. Uyga kirishga ruxsat berishyapti.

34-uyda yashovchi ayol

Hamma uxlab yotgan vaqt edi, birdan gumburlab ketdi. Shokka tushib qoldik. 6-qavatda yashaymiz, uch bolam, xo‘jayinim, men — besh kishi qanday qilib birpasda ko‘chaga chiqib qolganimizni ham bilmaymiz. Uyga qarashga ham ulgurmadik. Lift buzilib ketgan edi, bir amallab zinada tushdik.

Qo‘rqqanimizdan bitta kiyim bilan chiqib ketgandik, yarim kechasi chiqmaganmizmi — bolalarimiz sovqotib qoldi. Tunni qo‘shni “dom”lardan birida o‘tkazdik, lekin hozir ko‘chada turibmiz. Vaqtincha yashashga joyimiz yo‘q. Ovqatlanganimiz ham yo‘q. Palatkada bolalar bilan birga yashash qiyin.

86-uyda yashovchi erkak

Kuchli silkinishdan uyg‘ondik. Qarasak, portlash bo‘lgan ekan.

Birinchi, bolalarni kiyintirib, pastga olib tushdik. Ikkita bolam bor. Farzandlarimdan birining peshonasiga shisha sinig‘i kirib qolgan, mening qo‘llarim va oyoqlarimga ham shisha sinig‘i kirgan. Hozir farzandimning ahvoli yaxshi.

[Mas’ullar] hamma yetkazilgan zararni qoplab beramiz, deyapti. Pastda shtab ochdik, nima yordam kerak bo‘lsa, hammasini amalga oshiramiz, deyishdi.

Vaqtincha yashash uchun joy taklif qilingani yo‘q. Vaziyat ozgina tinchisa, oilamni onamlarning uylariga joylashtirib, uyni ozroq ta’mirlayman.

Sobir Solihov

Portlash bo‘lgan vaqtda televizor ko‘rib yotgandim, hali uxlamagandim. Avvaliga omborxonaga kirib chiqadigan mashinalar bir-biri bilan urishib ketdimi, deb o‘yladim. Pardani ochsam, yuqoriga qarab olov ko‘tarila boshladi.

Keyin uydagilarni uyg‘otdim. Shu payt yonimga xotinim kelgan edi, portlash to‘lqini romni uchirib yuborib, ikkalamizni ham yiqitib tashladi. Mening faqat yuzim shikastlandi, rafiqamga esa og‘riq qoldiruvchi ukol qilishdi.

сyerгели, сyerгелиdaги portlash, тошкент

Ulug‘bek Isoqov, 9A-uyda yashaydi

Soat 3:00 lar edi, uxlayotgandik. Oyna uchib kelib divanga urildi-da. Bir tarafi xotinimning yelkasiga tekkan — hozir orqasini ololmay yotibdi. Kasalxonaga olib bordik, yirtilgan joylarini tikishdi. Bolalarimizga zarar yetgani yo‘q. Faqat ayolim bilan o‘zim. Mening qo‘lim jarohatlandi

Mas’ullar kelishdi. Eshiklarni almashtirib beramiz deyishyapti. Eshiklar sinib, pardevorlar siljib ketgan. Hozir qayerda turishimizni aniq bilmaymiz. Hali (uyda) yashashga imkon bor-yo‘qligini aytishmadi. Uch kunda ta’mirlab beramiz deyishyapti. Shungacha yashash uchun joy surishtiramiz. Hozircha aniq emas. Qarindosh-urug‘, oshna-og‘aynilar bor, telefonlashib o‘tamiz.

Manzura Shermatova, “Habibiy” mahalla fuqarolar yig‘ini faoli

Mahallalarning xotin-qizlar faollaridan iborat ishchi guruh a’zosiman. Ertalab yig‘ilib, shu yerga keldik, birma-bir xonadonlarni o‘rganishni boshladik, talofat ko‘rganlarning soni yozib olinyapti. Ishchi guruh tomonidan har bir xonadonga yordam berilyapti. Ahvol tasavvur qilganimdan ancha og‘ir ekan.

Masalan, bir joyda oyna kesilib, zarb bilan otilib, bolaning qulog‘ini kesib yuborgan — quloq osilib qolgan, ahvoli yomon. Oyna bo‘lagi kimningdir tomirini kesib yuborgan. Bir xonadonda er-xotinning yuziga shisha tushib — ayol homilador ekan — yuzlari juda yomon kesilib ketgan. Juda ham og‘ir holat.

To‘plagan ma’lumotlarimizni, kim qanday zarar ko‘rgani haqidagi axborotni hokimlikka taqdim etamiz. Moddiy va ma’naviy yordam bo‘ladi, Xudo xohlasa. Xonadoni jiddiy zararlangani uchun yashash imkoniyati yo‘qlar bir-ikki kun qarindoshlarinikida yashab turishadi, ularning uylari ikki kun ichida ta’mirlab beriladi, Xudo xohlasa.