6-may kuni Shavkat Mirziyoyev huzurida oliy ta’lim yo‘nalishlarini optimallashtirish, qabul va malaka tizimlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar taqdimoti o‘tkazildi, deya xabar bermoqda davlat rahbarining matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, bugungi kunda bakalavriatda 306 ta yo‘nalish, magistraturada 625 ta mutaxassislik bor. Lekin ularning ayrimlari xalqaro standartlar va zamonaviy mehnat bozori talablariga mos emas. Bu bitiruvchilarda to‘liq malaka shakllanishi va ularning ishga joylashishida muayyan qiyinchiliklar tug‘dirmoqda.

Hozirgi qabul tizimi, kvotalarning taqsimlanishi raqobatni to‘liq ta’minlamayapti. Ayrim abituriyentlar yuqori ball to‘plasa-da, topshirgan oliygohining kvotasi soniga qarab, o‘qishga kirolmay qolishi mumkin, deyiladi xabarda.

Yangi tartibga ko‘ra, muayyan bir yo‘nalishga ajratilgan davlat granti doirasida yuqori ball to‘plagan abituriyent, tanlagan oliy ta’lim muassasasidan qat’i nazar, davlat grantiga tavsiya etiladi. Ya’ni, yuqori ball olgan yoshlar o‘qishga kirmay qolmaydi.

abituriyent, davlat granti, qabul квotaлари

Yig‘ilishda davlat grantlarini iqtidorga yo‘naltirish mavzusi ham muhokama qilindi.

Endi davlat granti 4 yilga bitta talabaga emas, balki har yili yuqori baholarga erishgan talabalar orasida qayta taqsimlanadi.

Davlat rahbari bu tizimni adolatli yo‘lga qo‘yish, yoshlarga va ota-onalarga yetkazish zarurligini, ijtimoiy tarmoqlarda yechimlarni aniq tushuntirish kerakligini ta’kidladi.

Adham Xudoyqulov. Kadr: “O‘zbekiston 24”Adham Xudoyqulov.
Kadr: “O‘zbekiston 24”

“Biz hozir joriy qiladigan yangi tizimimizda grantlar oliy ta’lim muassasalari kesimida emas, bo‘lajak talaba, yo‘nalish kesimida berilib, iqtidorga yo‘naltiradigan bo‘lishi kerak. Talabaga grantni iqtidori uchun ajratamiz, u keyingi o‘quv yilida ham grant uchun kurashishi kerak. Ya’ni iqtidorini moliyalashtirdimi, uni talaba to‘rt yil isbotlashi kerak”, — dedi “Ta’lim sohasidagi loyihalar markazi” loyiha ofisi direktori Adham Xudoyqulov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘iratbay Sharipovning qo‘shimcha qilishicha, 2024−2025 o‘quv yilida muhandislik, tibbiyot va aniq fanlar sohalarida grant o‘rinlari 50 foizgacha oshiriladi.