Toshkent shahri Sergeli tumani “Quruvchilar” dahasida joylashgan omborxonada ro‘y bergan portlash oqibatida 163 kishi jarohatlangan. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Shundan jami 24 nafari Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning Toshkent viloyati filiali, Toshkent shahri tez tibbiy yordam shifoxonasi, 1-sonli Respublika va 1-sonli shahar klinik shifoxonalari hamda 1-sonli shahar tug‘uruqxonasiga yotqizilgan. Toshkent shahri Sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi boshlig‘i birinchi o‘rinbosari Nodir Sotvoldiyev ularning ahvoli o‘rtacha og‘irlikda ekanini bildirdi.

Qolgan 138 nafar jabrlangan aholi vakilining salomatligi yaxshi bo‘lganligi uchun ambulator tibbiy yordam ko‘rsatilib, uyiga javob berilgan, deyiladi xabarda.

Avvalroq “Gazeta.uz” Toshkentning Sergeli tumanidagi omborxonada yuz bergan kuchli portlash oqibatida 11-sinf o‘quvchisi halok bo‘lganini aniqlangandi.

Ayni paytda yuqoridagi shifoxonalarda davolanayotgan bemorlar orasida o‘ta og‘ir tan jarohati olganlar yo‘q. Ularning salomatligi qoniqarli, deya ta’kidladi vazirlik.

Bemorlarga tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun xirurg, travmatolog, neyroxirurg, nevropatolog, yuz-jag‘ jarrohi, akusher-ginekolog kabi mutaxassislar jalb qilingan.