Toshkentda poyezd vagoni ustiga chiqib, rasmga tushmoqchi bo‘lgan 18 yoshli yigitni 27 ming voltli tok urdi, deya xabar bermoqda MilliyTV telekanalining “Millar” dasturi.

Voqea 20-sentabr kuni soat 19:05 da “Hamza” temiryo‘l bekatida sodir bo‘lgan. Yigit elektr toki urib, yerga yiqilgan. Voqea joyiga yetib kelgan stansiya xodimlari jabrlanuvchiga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatgan va tez yordam chaqirgan.

“Yigit kelib, narvon orqali tepaga chiqqan. Navbatchilik paytimizda 5-yo‘lda chaqnash sodir bo‘lgani haqida xabar kelib tushdi. Chiqqanida ikkita tok urishi yuz bergan. O‘t o‘chirish moslamasi bilan birinchi yordamni ko‘rsatdik”, — dedi “Hamza” temiryo‘l bekati rahbari o‘rinbosari Dilshod Hamdamov.

Yigit tanasining 98 foizi tok urishi oqibatida kuygani va ahvoli og‘ir ekani aytilmoqda. Hozirda huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.