Namangan viloyati Chust tumanida bolalarda kuzatilgan noxush holat dori vositalari yoki ovqatdan zaharlanish emas. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Namangan filialida tashkil etilgan matbuot anjumanida Sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari Elmira Bositxonova, Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari Botirjon Nuriddinov va ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.

Muloqot davomida vazir o‘rinbosari bolalarda kuzatilgan noxush holat dastlabki tekshiruvlarga ko‘ra, dori vositalari yoki ovqatdan zaharlanish emasligini alohida ta’kidlab, hozirda 20 ga yaqin analiz xulosalari olingani va chuqurlashtirilgan tahlillardan so‘ng vaziyatga aniqlik kiritishini bildirdi.

“Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan turli xabarlarga ishonavermaslik, bunday jarayonda faqatgina mutaxassislarning fikriga tayanib axborot tarqatilishi kerak. Ayni paytda salomatligidan shikoyat qilib kelayotgan yosh bolalarning 85 foizi sog‘ligi joyida, uylariga qaytishga birin-ketin ruxsat berilmoqda. Qolganlari kunning boshida ro‘yxatga olingan bo‘lib, ularning ham ahvoli yaxshilanib bormoqda”, — dedi Respublika ishchi guruhi rahbari Elmira Bositxonova.

21-sentabr kuni soat 16:00 dan boshlab Namangan viloyati Chust tumanidagi 9 ta bolalar bog‘chasi tarbiyalanuvchilari va 2 ta maktab o‘quvchilari — 70 dan ortiq bola zaharlanish bilan kasalxonaga yotqizildi. Ota-onalar farzandlari o‘sha kuni berilgan yod sabab zaharlanganiniaytishdi. Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘rganish yakunlanmaguncha “Antistrumin” №100 preparatini qo‘llashni taqiqladi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Chust tumanida bolalarning zaharlanishi bilan bog‘liq vaziyatdan “qattiq tashvishda”, deya ma’lum qildi uning matbuot kotibi.

Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov juma kuni Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazi Andijon filialiga kelib, toksikologiya bo‘limidagi 12 nafar bolalar bilan uchrashdi. Viloyat hokimligining matbuot xizmati yozishicha, bolalar dori vositasining nojo‘ya ta’siri oqibatida mazkur shifoxonaga kelgan. Biroq xabarda aynan qaysi dori ekani aytilmagan. Toksikologiya bo‘limi shifokori Murodjon Imomberdiyev bolalar “Antistrumin” (kaliy yodid) qabul qilganini tasdiqladi

Eslatib o‘tamiz, joriy haftadan butun O‘zbekiston bo‘ylab bolalarni yodlash dasturi ishga tushirilgan edi.