Transport vaziri Ilhom Mahkamov “Gazeta.uz”ga bergan intervyusida yaqinda prezident Shavkat Mirziyoyevning tirbandlik va yo‘l-transport hodisalari kuzatilayotgan yo‘llarda “svetoforsiz estakadalar” qurish bo‘yicha uch yillik dasturni qabul qilish to‘g‘risida bergan topshirig‘i yuzasidan tushuntirish berdi. Bu dastur mamlakatda yo‘l-transport hodisalari sonini kamaytirish bo‘yicha ishlab chiqilayotgan hujjatga kiritilishi kerak.

“Cvetoforsiz estakadalar” “viloyatlararo magistral yo‘llar, butun respublikani kesib o‘tuvchi yo‘llarda” qurilishi rejalashtirilgan.

“Estakadalar deganda [shaharlar ichidagi] yo‘l o‘tkazgichlar yoki ko‘priklar nazarda tutilmayapti, gap burilish yoki qayrilish yo‘l o‘tkazgich orqali amalga oshirilishi uchun harakatni chapga burilishsiz tashkil qilish haqida ketyapti. Shunday yechimlar bor. Hatto shaharlarda ham, Toshkentda ham — “betonka”da yoki boshqa joylarda… Shu nazarda tutilyapti”, — dedi transport vaziri.

Uning so‘zlariga ko‘ra, davlat rahbari loyihachilar va olimlar keyinchalik bunday estakadalar qurish bo‘yicha takliflar kiritishi uchun O‘zbekiston bo‘ylab yo‘llarni inventarizatsiyadan o‘tkazish, “tirbandlik kuzatiladigan, mashinalar yig‘iladigan va yo‘l-transport hodisalari sodir bo‘ladigan o‘choqlarni” aniqlash topshirig‘ini bergan. Barchasi ilmiy asoslangan tarzda bo‘ladi, “tartibsiz” va ma’nosiz qurilish bo‘lmaydi, dedi Ilhom Mahkamov.

Misol tariqasida u Toshkent-Samarqand yo‘lini keltirdi, bu yerda tirbandlik ko‘p, shu sababdan shaharlar orasidagi qatnov vaqti ko‘paygan. “Uning o‘tkazuvchanligini kichik hududlar bilan oshirsa bo‘ladi. Burilishlarni olib tashlash va yuk mashinalari faqat o‘ng tarafda harakatlanib, ikkinchi va uchinchi qatorlarni egallamaydigan sharoit yaratish mumkin”, — dedi vazir.

“Ya’ni agar magistral yo‘l bo‘lsayu, unda qayrilishlar bo‘lsa, bu holatda avtomobillar qayrilayotgan vaqtda harakatga xalal beradi va avariyaviy vaziyatlarni yuzaga keltiradi. Buning o‘rniga, aytaylik, o‘ng tomonda yo‘lni aylanib kesib o‘tuvchi bo‘lak bo‘ladi, xuddi shu bo‘lakning davomida chapga burilish yoki qayrilish bo‘ladi. Gap keyinchalik boshqa joylarda tirbandlikni keltirib chiqaradigan chorrahalar yoki yo‘l o‘tkazgichlar qurilishi haqida ketayotgani yo‘q”, — deya aniqlik kiritdi u.

Foto: Transport vazirligiFoto: Transport vazirligi

16-sentabr kuni Ilhom Mahkamov ichki ishlar vaziri o‘rinbosari — Jamoat xavfsizligi departamenti rahbari Bekmurod Abdullayev, IIV JXD Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshlig‘i Olim Saidov, Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi vazifasini bajaruvchi Jamshid Tursunov va boshqalar bilan yig‘ilishda ishtirok etdi.

“Hamma joyda shtab tashkil etilib, inventarizatsiya boshlandi. Birinchi navbatda magistral yo‘llar. Aniqlaydigan muammoli nuqtalarimizdan kelib chiqib, qancha yo‘l belgilari kerak, qayerda belgilar yetishmayapti, standartga ko‘ra qayrilishlar qayerda bo‘lishi kerak, qayerda yo‘qligi bo‘yicha vazifalarni belgilab olamiz. Shundan kelib chiqib bu estakadalar bo‘yicha yechimlar loyihalari tayyorlanadi, agar gap aynan estakadalar haqida ketayotgan bo‘lsa”, — dedi vazir.

Rossiya, Turkiya va Janubiy Koreya kabi davlatlardan xorijiy ekspertlarni taklif etish rejalashtirilmoqda, deya qo‘shimcha qildi u prezidentning mutaxassislarni jalb qilish bo‘yicha topshirig‘iga izoh berib.

Shaharlardagi yo‘l o‘tkazgichlar bo‘yicha mezonlar qabul qilinadi

Toshkent va boshqa shaharlarga kelsak, hozirda Transport vazirligi shaharlar chegaralarining qaysi qismida yo‘l o‘tkazgich va ko‘priklar qurilishi mumkin bo‘lishi bo‘yicha mezonlarni ishlab chiqmoqda.

“Men loyihachilar, Transport vazirligining Toshkent shahri bo‘yicha loyiha ofisi, Transport boshqarmasi, Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi va xorijlik mutaxassislarga yo‘l o‘tkazgichlar qayerda bo‘lishi kerakligi va ular megapolislarda qanday maqsadlarga xizmat qilishi kerakligi haqidagi ilmiy asoslangan mezonlarni ishlab chiqish topshirig‘ini berdim”, — deydi Ilhom Mahkamov.

“Mana shu mezonlardan kelib chiqib, Toshkent shahrini inventarizatsiyadan o‘tkazgandan so‘ng biz o‘sha o‘choqlarni, ular kerak bo‘lgan nuqtalarni to‘liq aniqlaymiz… Bular, birinchi navbatda, poyezdlar qatnovi intensiv bo‘lgan temiryo‘l bilan kesishmalar, o‘tish joylari va chorrahalar hisoblanadi. Ya’ni bu magistral yo‘l bo‘lib, temiryo‘l bilan kesishsa yoki, aksincha, bu temiryo‘lda intensivlik yuqori bo‘lsa, u yerda, albatta, yo‘l o‘tkazgich bo‘lishi kerak”, — dedi u.

“Ikkinchisi — Toshkent halqa avtomobil yo‘li. U ko‘plab shaharga kirib keluvchi yo‘llar bilan kesishadi. Masalan, Rohat aylanma yo‘li. Yoki vaziyat imkonsiz darajaga yetadigan Ippodrom, u yerga yechim kerak. Faqat shunday qarorlar nazarda tutilmoqda. Biz shahar markazi yoki chorrahalarni nazarda tutmayapmiz”, — dedi vazir.

Yil boshida Toshkent shahri hokimligi shahar transport infratuzilmasini yaxshilash va transport harakatini boshqarishning raqamli tizimini joriy etish to‘g‘risidagi prezident qarori loyihasini e’lon qilgandi. Hujjat ko‘p oylar davomida ishlab chiqilgandi. Qaror hali qabul qilinmagan.

Hujjatda shahar ichidagi yo‘l o‘tkazgichlar ortib borayotgan trafik va mashinalar to‘planib qolishini yengishga yordam bermasligi qayd etilgan. So‘zma-so‘z keltirganda: “Shahar ichida qurilgan barcha yo‘l o‘tkazgichlar keyingi chorrahalarda transport oqimining keskin oshishiga va tirbandlik paydo bo‘lishiga olib keladi”. Suhbatda transport vaziri ham buni qayd etdi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, bu tamoyillar Toshkent shahrida 12 ta yo‘l o‘tkazgich qurilishi, shuningdek, Botir Zokirov (Abay) va Navoiy ko‘chalari chorrahasida yo‘l o‘tkazgich qurilishi bo‘yicha ilgari e’lon qilingan rejalarga ham taalluqli (“Gazeta.uz” bunga qarshi chiqqandi).

“Aytib o‘tganimdek, hozirda mazkur yo‘l o‘tkazgichlar qayerda bo‘lishi kerakligi yuzasidan mezonlar ishlab chiqilib, inventarizatsiya qilish boshlandi. Prezident yo‘nalish beradi. Bizning vazifamiz bunga ilmiy tomondan, ilmiy asosda yondashish va barchasini loyihada jihatidan to‘g‘ri tashkil etishdan iborat”, — dedi u.

“Gazeta.uz”, shuningdek, Transport vazirligidan Samarqand shahrida avval qurilganidan tashqari yana ikkita yo‘l o‘tkazgich qurish rejasi bo‘yicha izoh berishni so‘radi. Bizning muxbirimiz urbanist Iskandar Soliyev bilan birgalikda ular qurilishi rejalashtirilgan joylarga borgan va u yerda yo‘l o‘tkazgichlar qurishning hojati yo‘qligiga amin bo‘lgandi.

Qolaversa, bu yo‘l o‘tkazgichlar qurilishi Rossiyaning SIMETRA kompaniyasi ishtirokida ishlab chiqilgan Samarqand shahrining transport Bosh rejasiga kiritilmagan. “Gazeta.uz” Bosh reja qanday tayyorlangani haqida kompaniya eksperti Vladimir Valdin bilan bir qator intervyularni e’lon qilgandi.