Prezident Shavkat Mirziyoyevning farmoniga ko‘ra, O‘zbekiston davlat mustaqilligining 32 yilligi munosabati bilan 8 nafar xorijiy investor “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi.

Mukofot “davlatlar o‘rtasidagi ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish, diplomatik, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, ilmiy-texnikaviy va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarni kengaytirishga qo‘shayotgan katta hissasi, mamlakat iqtisodiyotiga investitsiyalarni jalb etish, samarali innovatsion loyihalar va qo‘shma dasturlarni amalga oshirish, respublikadagi keng qamrovli islohotlar va demokratik o‘zgarishlarni, O‘zbekiston tomonidan ilgari surilayotgan global va mintaqaviy tashabbuslarni faol qo‘llab-quvvatlash borasidagi alohida xizmatlari, shuningdek, xalqlar orasidagi do‘stlik va hamjihatlik rishtalarini mustahkamlash yo‘lidagi ibratli faoliyati uchun” berildi.

Taqdirlanganlar ro‘yxati

  1. Stepan Gurjiy — “Lukoyl” aksiyadorlik jamiyatining Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika bo‘yicha vitse-prezidenti (Rossiya);
  2. Muxammad Abunayyan — ACWA Power kompaniyasi boshqaruvi raisi (Saudiya Arabistoni);
  3. Muxammad Jamil Al-Ramaxiy — Masdar kompaniyasi bosh ijrochi direktori (BAA);
  4. Jemil Kazanji — Aksa Energy kompaniyasi boshqaruv kengashi raisi (Turkiya);
  5. Mexmet Jengiz — Cengiz Holding kompaniyasi asoschisi (Turkiya);
  6. Shandor Chani — OTP Bank boshqaruvi raisi (Vengriya);
  7. Seyfollax Gasemi — Air Products kompaniyasi boshqaruvi raisi (AQSh);
  8. Peris Muratoglu — Total Eren kompaniyasi boshqaruvi raisi (Fransiya).

Investorlar asosan energetika sohasida, shuningdek, neft-gaz va bank sanoatida faoliyat yurituvchi kompaniyalar vakillaridir.

“Lukoyl” O‘zbekistonda 19 yildan beri faoliyat yuritib keladi va O‘zbekiston neft va gaz sanoatiga 8 milliard dollardan ortiq sarmoya kiritgan. 2021-yilda kompaniya O‘zbekistonning 413,1 milliard kub metr gaz zaxirasiga ega konlarida ish olib borgan (umumiy hajmning 22,1 foizi). Bu vaqt ichida ulush o‘sgan bo‘lishi mumkin. “Lukoyl” bilan Qandim-Xauzak-Shodi loyihasi bo‘yicha 2046-yilgacha, Hisor loyihasida esa 2043-yilgacha shartnoma imzolangan.

Saudiyaning ACWA Power kompaniyasi O‘zbekistonda 7,5 milliard dollarlik quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha qator loyihalarni amalga oshirmoqda. Mart oyida mazkur kompaniya bilan Toshkent va Samarqand viloyatlarida umumiy quvvati 1400 MVt bo‘lgan ikkita quyosh elektr stansiyasi, shuningdek, uchta hududda 1200 MVt quvvatga ega energiya saqlash tizimlarini qurish bo‘yicha shartnomalar imzolangandi. Loyihalar doirasida yana 2,5 milliard dollarlik investitsiya jalb etish mo‘ljallanmoqda.

Amirliklarning Masdar kompaniyasi ham O‘zbekistonda bir nechta quyosh elektr stansiyalarini qurmoqda. 2023-yilda kompaniya uchta fotoelektr stansiyasini: Jizzax viloyatida 220 MVt quvvatga ega Nur Jizzakh, Samarqand viloyatida 220 MVt quvvatga ega Nur Samarkand va Surxondaryo viloyatida 457 MVt quvvatga ega Nur Sherabad fotoelektr stansiyalarini qurishni boshlash niyatida. Ushbu maqsadlar uchun kompaniya qariyb 400 mln dollarlik kredit olgan.

Turkiyaning Aksa Energy kompaniyasi Toshkent viloyatida 240 MVt quvvatga ega gaz issiqlik elektr stansiyasini, shuningdek, Buxoro viloyatida 270 MVt quvvatga ega IESni qurgan.

Turkiyaning Cengiz Holding xoldingi ishtirokida O‘zbekistonda ikkita loyiha amalga oshirildi — Toshkent va Sirdaryo viloyatlarida umumiy quvvati 460 MVt bo‘lgan issiqlik elektr stansiyalari ishga tushirildi. Avgust oyi boshida kompaniya prezidentga yana 5,2 milliard dollarlik loyihalarni taqdim etdi.

Vengriyaning OTP Bank banki iyul oyida birinchi bosqichda 73,71% ulushini sotib olib, “Ipotekabank”ni xususiylashtirdi. Mart oyi oxirida prezident bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda “Ipotekabank”dagi davlat ulushi 324 million dollarga sotilgani ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, kompaniya 100 million dollarlik qo‘shma jamg‘arma tashkil qilmoqchi.

May oyida O‘zbekiston hukumati va Air Products o‘rtasida Qashqadaryo viloyatidagi Uzbekistan GTL zavodi tarkibida sanoat gazlarini qayta ishlashda ishlab chiqarish kompleksini rivojlantirish bo‘yicha 1 milliard dollarlik sarmoyaviy shartnoma imzolangandi.

Total Eren may oyida Samarqand viloyatining Nurobod tumanida quyosh fotoelektrstansiyasini ishga tushirdi. Fransiya kompaniyasi O‘zbekistondagi faoliyatini yangi yirik sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish orqali kengaytirish niyatida.