Hafta davomida harorat me’yordan past bo‘ladi

Dushanba, seshanba kunlari harorat kunduzi +27…+32 daraja bo‘ladi. Bu avgust oyi o‘rtasi uchun me’yoriy qiymatlardan 2−4 darajaga past. Hafta o‘rtasidan salqin havo asta-sekin chekinib, harorat ko‘tariladi va kunduzi +37 daraja atrofida bo‘ladi.

“Kengash ovozi xalq ovozi bo‘lishi kerak” — prezident

Prezident Toshkent, Farg‘ona va Buxoro viloyatlarida o‘nlab rahbarlar ishdan olinganidan har bir hokim xulosa qilishi kerakligi haqida ogohlantirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kengash xalq ovoziga aylanib, joylarda kim ishdan ketishi borasida taklif berishi kerak.

Na Rossiya, na O‘zbekistondan rasmiy takliflar kelib tushgani yo‘q — Qozog‘iston uch tomonlama gaz ittifoqi haqida

Qozog‘iston Energetika vazirligi uch tomonlama gaz ittifoqi tuzilayotgani haqidagi xabarlar yuzasidan bergan izohida na Rossiya, na O‘zbekiston tomonidan rasmiy takliflar bo‘lmaganini ma’lum qildi. Avvalroq Turkmaniston bu boradagi xavotirlarini bildirgan edi.

UzAuto Motors 2024-yildan avtomobillarni uch oy ichida yetkazib berishga va’da bermoqda

UzAuto Motors kompaniyasi Lacetti, Cobalt, Damas va Labo avtomobillari uchun barcha shartnomalar to‘langani, yil oxirigacha 50 mingdan ortiq avtomobil egalariga topshirilishini ma’lum qildi. 2024-yildan esa avtomobillar shartnoma tuzilgan kundan boshlab uch oy ichida yetkazib berilishi va’da qilinmoqda.

Zo’r TV jurnalistlari yo‘l o‘tkazgichning bir qismi qulashi haqidagi reportajni suratga olmoqchi bo‘lganida kaltaklandi

Zo’r TV muxbiri va operatori Toshkent aeroporti yaqinidagi yo‘l o‘tkazgichda shiftlari qulagani haqidagi reportajni suratga olmoqchi bo‘lganida kaltaklandi. Operator burni singan holda kasalxonaga yotqizilgan. AOKA hujumni qoraladi. “O‘zbekiston temir yo‘llari” tashlangan shaxs ishdan bo‘shatilganini ma’lum qildi.

Fuqarolar uchun 2022-yilgi budjet ijrosi e’lon qilindi. Asosiy ma’lumotlar

Iqtisodiyot va moliya vazirligi fuqarolar uchun 2022-yilgi budjet ijrosi yuzasidan ma’lumotlarni e’lon qildi. Foyda solig‘i o‘tgan yilgidan kamaydi, bilvosita soliq tushumlari prognozga nisbatan past bo‘ldi. “UzGasTrade”ga gaz narxi o‘rtasidagi tafovutni qoplash uchun 6,6 trln so‘m ajratildi.

Toshkentda avtobus beton to‘siqqa urilishi oqibatida haydovchi va 3 yo‘lovchi jarohatlandi

Sergeli tumanida 184-sonli avtobus haydovchisi boshqaruvni yo‘qotishi oqibatida avval stolbaga, so‘ng beton to‘siqqa urildi. “Toshshahartransxizmat” hodisa oqibatida faqat haydovchi, YHXB esa jami 4 kishi jarohatlanganini ma’lum qildi.

Toshkent viloyatida ekoinspektorni kaltaklagan shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Ohangaron tumanida somondan bo‘shagan yerlar yoqib yuborilganini o‘rganish uchun borgan inspektor kaltaklandi. Xodimga kuch ishlatgan fuqaroga nisbatan jinoyat ishi ochildi. Inspektorning ahvoli yaxshi deb baholanmoqda.

Toshkent IIBBda fuqaro vafot etgani yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Toshkent shahar IIBBda tergov vaqtida fuqaro vafot etgani yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ichki ishlar xodimlari mansab vakolatidan chetga chiqish va qiynoqqa solishda gumonlanmoqda.

Yunusobodda tadbirkor ikki chinorni kestirib tashladi

Toshkent shahar Yunusobod tumanida mebel ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkor ikki dona chinor daraxtini kestirib tashladi. Oqibatda tabiatga 204 mln 105 ming so‘m zarar yetkazildi.

Toshkentdagi issiqlik tarmoqlari texnik auditdan o‘tkazilmoqda

Veolia Energy Tashkent kompaniyasi poytaxtdagi issiqlik tarmoqlarida texnik audit o‘tkazmoqda. Bu ma’lumotlar issiqlik tarmoqlarining texnik holatini aniqlash imkonini beradi va Toshkent shahridagi issiqlik ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish bo‘yicha investitsiya dasturini optimallashtiradi.

Turkmaniston Rossiyaning O‘zbekiston va Qozog‘iston bilan “gaz ittifoqi” bo‘yicha bayonotlardan xavotir bildirdi

Turkmaniston Rossiyaning O‘zbekiston va Qozog‘iston bilan “gaz ittifoqi” bo‘yicha bayonotlardan xavotirda. Ularda ittifoq kengayishi mumkinligi aytilgan, ammo kimlar hisobiga ekani tushunarsiz, Turkmaniston quvurlari orqali esa boshqa davlat gazi tranziti rejalashtirilmagan, dedi “Turkmangaz” rasmiysi.

Toshkent viloyatida daraxtga urilgan Spark haydovchisi halok bo‘ldi

Qibray tumanida daraxtga urilgan 18 yoshli Spark haydovchisi voqea joyida halok bo‘ldi, bir yo‘lovchi shifoxonaga yotkizildi. Voqeaga yo‘lning xavfli burilish qismida haydovchining boshqaruvni yo‘qotishi sabab bo‘lgan.

“Ummon” guruhining sobiq solisti Zohid Risqiyevga sud hukmi o‘qildi

Sud inson halok bo‘lgan YTHni sodir etganlikda ayblangan “Ummon” guruhining sobiq solisti Zohid Risqiyevga nisbatan shartli ravishda 2 yil sinov muddati berib, ozodlikda qoldirdi, qolaversa, uni 3 yilga transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qildi.