Shavkat Mirziyoyevining farmoni bilan Jamshid Anvarovich Qo‘chqorov Bosh vazirning o‘rinbosari — O‘zbekiston iqtisodiyot va moliya vaziri lavozimiga tasdiqlandi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Uning nomzodi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan ma’qullangan.

2022-yil oxirida amalga oshirilgan maʼmuriy islohotlarga koʻra, bosh vazir oʻrinbosari bir vaqtning oʻzida vazir yoki boshqa rahbarlik lavozimini egallamasligi hamda vazirliklar va boshqa davlat idoralari faoliyatini toʻgʻridan toʻgʻri boshqarmasligi belgilab qoʻyilgandi.

Avvalroq Soliq qo‘mitasini sobiq iqtisodiyot va moliya vaziri Sherzod Kudbiyev boshqarishi haqida xabar berilgandi.

Dekabr oyining oxirida, maʼmuriy islohot eʼlon qilinganidan va baʼzi vazirlik va idoralar birlashtirilgandan soʻng, Kudbiyev Iqtisodiyot va moliya vaziri boʻlgandi, uni Moliya va iqtisodiyot vazirliklarining vazifalarini, Bojxona qoʻmitasi hamda Soliq qoʻmitasini oʻzida birlashtirgan “supervazirlik” rahbari deb atashayotgandi.

Sherzod Kudbiyev Davlat soliq qoʻmitasini 2020-yil may oyidan 2022-yil oxirigacha boshqargandi. U bunga qadar prezidentning davlat xizmati va vakillik organlari bilan oʻzaro hamkorlik masalalari boʻyicha maslahatchisi, bandlik va mehnat munosabatlari vaziri, Mirzo Ulugʻbek tumani hokimi va boshqa lavozimlarda ishlab kelgan.

Jamshid Qoʻchqorov (1964-y.t.) Toshkent xalq xoʻjaligi institutini (1985) va Kolorado shtati iqtisodiyot institutini (1996) tamomlagan. Iqtisodiyot fanlari nomzodi. Markaziy bank raisi oʻrinbosari (1996−1997), moliya vaziri oʻrinbosari — Moliya vazirligi Davlat byudjeti bosh boshqarmasi boshligʻi (1997−2005), moliya vaziri oʻrinbosari (2005−2016), moliya vazirining birinchi oʻrinbosari (2017-yilgacha), keyin esa bosh vazir oʻrinbosari — moliya vaziri (2017−2020-yillar) boʻlib ishlagan.