28-iyul “Qoraqalpog‘iston Respublikasi aholisini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda jismoniy shaxslar tomonidan qurilgan uy-joylarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida” gi prezident farmoni [PF-119-son] qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.

Farmonga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida fuqarolarning huquq belgilovchi hujjatlarsiz qurilgan uy-joylari joylashgan yer uchastkasiga ijara huquqi, unda joylashgan bino va inshootlarga mulk huquqi e’tirof etiladi.

Jumladan, buning uchun fuqaro ushbu uy-joydan 2018-yil 1-maygacha bo‘lgan davrdan boshlab o‘ziniki kabi halol, oshkora va uzluksiz foydalangan bo‘lishi, ushbu holat kosmik suratlarni qayta ishlash orqali hamda so‘nggi 5 yil uchun yer solig‘i va mol-mulk solig‘i to‘langanligi bilan tasdiqlangan bo‘lishi lozim.

Huquqlarni e’tirof etish xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlarining qarorlari bilan tasdiqlanadigan uy-joylar ro‘yxatiga muvofiq Jo‘qorg‘i Kenges qarori bilan rasmiylashtiriladi.

Bunda:

  • talabgorlar va (yoki) chegaradosh yer uchastkalari egalari o‘rtasida nizo mavjud bo‘lgan hollarda, xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlarining qarorlari nizo bartaraf etilganidan keyin qabul qilinadi;
  • xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari tomonidan qarorlar qabul qilish hamda ularga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishning oxirgi muddati — 2024-yil 1-avgust hisoblanadi;
  • xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining qarorlari tegishli adliya organida huquqiy ekspertizadan o‘tkazilganidan keyin qabul qilinadi va rasmiy e’lon qilinganidan keyin kuchga kiradi.