27-iyul kuni ijtimoiy tarmoqlar orqali ayol kishining turmush o‘rtog‘iga haqoratli so‘zlarni aytib, farzandini urib haqorat qilgani aks etgan videolar tarqaldi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi holat yuzasidan ma’lumot berdi.

Aniqlanishicha, 19-iyulda Qorao‘zak tumani, “Qutli makon” MFYda yashovchi fuqaro P.J. Qozog‘istonda ishlab yurgan turmush o‘rtog‘i K.S. bilan yuzaga kelgan kelishmovchilik natijasida, voyaga yetmagan farzdandi T.J.ga tazyiq o‘tkazib, uni haqorat qilgani tasvirlangan videoni turmush o‘rtog‘i K.S.ga Telegram messenjeri orqali yuborgan.

Holat yuzasidan 27-iyulda Qorao‘zak tuman IIB huzuridagi tergov guruhi tomonidan fuqaro P.J.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 110-moddasi 2-qismi “a” bandi (voyaga yetmagan shaxsni muttasil ravishda do‘pposlash yoki boshqacha harakatlar bilan qiynash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, xozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Shuningdek, mazkur oilada tarbiyalanayotgan uch nafar voyaga yetmaganlarning ijtimoiy himoyasini ta’minlash maqsadida tuman prokuraturasi tomonidan ularning holidan xabar olinib, maktabgacha va maktab ta’limi hamda ichki ishlar organlarining psixolog xizmati xodimlari jalb qilindi.

Hozirda voyaga yetmaganlar Qozog‘iston Respublikasidan qaytib kelgan otasi K.S.ning qaramog‘iga topshirildi. Jinoyat ishi tergovi Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.