Markaziy bank boshqaruvining 27-iyuldagi yig‘ilishi bo‘yicha bayonotda o‘rta muddatli istiqbolda narxlar barqarorligini ta’minlash uchun budjet defitsitini belgilangan parametrlar darajasidan oshmasligini ta’minlash muhim ekani qayd etildi.

Regulyator qayd etishicha, joriy yil yakuni bo‘yicha inflyatsiya darajasi makroiqtisodiy rivojlanishning bazaviy ssenariysi doirasida shakllanib, 8,5−9,5 foiz atrofida bo‘lishi borasidagi prognozlar o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Oziq-ovqat mahsulotlari import ta’minotidagi so‘nggi yaxshilanish dinamikasining davomiyligi bo‘yicha noaniqliklar saqlanib qolmoqda. Bundan tashqari, iqlim o‘zgarishi ta’sirida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish bilan bog‘liq xarajatlarni o‘sish xatarlari, yuqori talab dinamikasi sharoitida narxlarga qo‘shimcha bosim yaratishi mumkinligi aytilgan.

Kelgusi davrlarda bazaviy inflyatsiya prognozi va inflyatsion kutilmalarning ishonchli pasayish trayektoriyasiga o‘tishi, asosiy stavkani pasaytirish imkoniyatlarini yanada oshirishi ta’kidlangan.

Markaziy bank pul-kredit sharoitlarining yalpi talab, narxlar va inflyatsion kutilmalarga ta’sirlarini baholab, barcha pul-kredit instrumentlari inflyatsiyani joriy yilgi prognoz koridori doirasida shakllanishini va o‘rta muddatda target ko‘rsatkichlariga erishishni ta’minlashga qaratilishini ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy bank asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirgani xabar qilingandi. Regulyatorning qayd etishicha, inflyatsiya va inflyatsion kutilmalarning pasayishiga qaramasdan, narxlarga talab omillari bilan bog‘liq bosimlar saqlanib qolmoqda.

Shuningdek, “Gazeta.uz” yanvarning 8 kunida davlat budjeti xarajatlari daromaddan 2,3 baravar ortib, defitsit 5,5 trln so‘mga yetgani, bu 2023-yil uchun defitsit kutilmasining beshdan bir qismidan ko‘proq (25,1 trln so‘m) ekani haqida yozgandi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi esa daromad va xarajatlar bo‘yicha ma’lumot berishni to‘xtatgani keltirib o‘tilgan.

Keyinchalik Vazirlik yanvarning birinchi yarmida davlat budjeti defitsitining 5,5 trln so‘mga yetishini sovuqdan jabr ko‘rgan 30 ming tadbirkorning soliq qarzdorligi o‘sishi hamda ish haqi, pensiya va nafaqalarning moliyalashtirilishi bilan izohlagandi.