O‘zgidromet xizmati agentligi ish haftasi — 24−28-iyul sanalarida kuzatiladigan ob-havo haqida ma’lumot berdi.

Boshlangan haftaning katta qismida O‘zbekiston hududi bo‘yicha issiq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Kunduz kunlari harorat +39…+42 darajaga, janubda va cho‘l hududlarda, shuningdek, 24−25-iyul kunlari respublika shimolida ba’zi joylarda +43…+44 darajaga yetadi.

27-iyulda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatiga, 28-iyulda respublikaning barcha hududlariga Qozog‘iston hududlaridan nisbatan salqin havo kirib keladi va harorat 35…+38 darajagacha, janubda +40…+42 darajagacha biroz pasayadi.

Bunday harorat hafta oxirida ham saqlanib turadi.

Shimolda, janubda va cho‘l hududlarda shamol tezligi 13−18 m/s gacha, ayrim joylarda 20−22 m/m gacha kuchayishi, chang-to‘zon kuzatilishi mumkin. Tog‘li hududlarda 24-iyulda kunning ikkinchi yarmida va hafta oxirida ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

Poytaxtda 24−27-iyul kunlari havo asosan kam bulutli bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan birozdan o‘rtacha tezlikgacha esadi. Harorat 24−27-iyulda +39…+42 daraja, 28-iyulda +38…+40 daraja bo‘ladi.

Ushbu haftada kunlar issiq bo‘lishiga qaramay, havo harorati o‘tgan yillarda o‘rnatilgan rekord ko‘rsatkichlarga yetib bormaydi. Shunday qilib, respublika hududining katta qismida eng issiq iyul oylarida maksimal havo harorati +43…+46 darajani, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda +47…+49 darajani tashkil etgan.

Avvalroq Sog‘liqni saqlash vazirligi Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqaviy byurosi ma’lumotlariga tayanib, jaziramadan saqlanish bo‘yicha tavsiyalar e’lon qilgandi.