Iyun oyida O‘zbekiston qiymat ko‘rsatkichi bo‘yicha Xitoyga tabiiy gaz eksportini oshirdi, deb xabar bermoqda Xitoy Xalq Respublikasi Bosh bojxona boshqarmasi.

Boshqarma ma’lumotlariga ko‘ra, aprel oyida O‘zbekiston mamlakatga gaz eksportini tiklagan va 40,47 million dollarlik gaz yetkazib bergan. May oyida yetkazib berish hajmi 78,16 million dollarga, iyun oyida esa yana 9,1 foizga oshib, 85,27 million dollarga yetgan.

Umuman olganda, birinchi yarim yillikda eksport 203,9 million dollarni tashkil etdi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan (406,3 million dollar) ikki baravar kam. Buni yanvar-mart oylarida O‘zbekistondagi energetika inqirozi fonida gaz eksporti to‘xtatilgani bilan izohlash mumkin.

Agar so‘nggi uch oylik (aprel, may va iyun) raqamlarni solishtirsak, bunda ham o‘tgan yili eksport hajmi joriy yilga nisbatan 1,6 barobar ko‘p bo‘lganini ko‘rish mumkin.

Prezident huzuridagi Statistika agentligining xabar berishicha, iyun oyida gaz eksportining umumiy hajmi 76,9 million dollarni tashkil etdi, bu may oyiga nisbatan 8 foizga kam (yil boshidan buyon — 278,4 million dollar). Doimgidek, gaz yetkazib beriladigan mamlakatlarning geografiyasi, shuningdek, yetkazib berishning fizik hajmi bo‘yicha ma’lumot berilmagan.

“Gazeta.uz” avvalroq O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi gaz eksporti bo‘yicha ma’lumotlar bir necha baravar farq qilayotgani haqida yozgandi. Energetika vaziri Jurabek Mirzamaxmudov bu holatga izoh berib, Xitoy Turkmaniston gazining tranzitini ham hisobga olayotganini aytgandi. Bizning hisob-kitoblarimizga ko‘ra, hatto buni inobatga olganda ham, statistikada katta farq kuzatiladi.

2022-yil yakuni bo‘yicha O‘zbekiston tomoni 910,9 million dollarlik gaz eksport qilganini e’lon qildi. Xitoy tomoni esa 1,07 mlrd dollarlik o‘zbek gazi import qilganini e’lon qildi, bu O‘zbekiston ma’lumotlaridan 159,5 million dollar yoki 18,2 foizga ko‘p.

Avval xabar berganimizdek, yilning birinchi olti oyida O‘zbekistonda gaz qazib olish o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 9,6 foizga yoki 2,51 milliard kub metrga kamaygan.

May oyi o‘rtalarida prezident O‘zbekistonda gaz harakatining yagona avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish to‘g‘risidagi qarorni imzolagandi. 1-iyulga qadar barcha gaz qabul qilish va yetkazib berish punktlarida elektron hisoblagichlarni o‘rnatishni yakunlash va ularni soliq organlarining ma’lumotlar bazasi bilan integratsiyalash bo‘yicha topshiriq berilgandi. Bundan tashqari, gaz va neft bo‘yicha shartnomalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yig‘ish tizimini yaratish rejalashtirilgan. Hisoblagichlarni o‘rnatish talablari barcha neft va gaz konlarining yarmidan ko‘piga egalik qiladigan xorijiy kompaniyalarga taalluqli emas.