Toshkent shahri Ichki ishlar bosh boshqarmasiga qurilayotgan ko‘p qavatli uylardagi kvartiralar uchun pul to‘lagan aholidan MCHJ mansabdor shaxslarini javobgarlikka tortishni so‘rab murojaat kelib tushdi. Ularning hech biriga uy-joy topshirilmagan, deb xabar qildi boshqarma matbuot xizmati.

Tekshiruv jarayonida aniqlanishicha, 47 yoshli Obid Sharipov Max-House-Group MCHJni tashkil qilib, o‘zining sheriklari — 42 yoshli Axtam Osimov va 35 yoshli Azizbek Samandarov bilan birga bir nechta fuqarolarga nisbatan firibgarlik sodir etgan.

Ta’kidlanishicha, Sharipov MCHJ nomidan Uchtepa va Chilonzor tumanlarida qurilayotgan ko‘p qavatli uylardagi xonadonlarni sotishini ma’lum qilib, fuqarolardan xonadonlar uchun to‘lovlarni qabul qilib olgan. Ushbu ko‘p qavatli uylar qurilishi uchun hech bir mutassaddi tashkilotlardan ruxsat olmasdan va uy qurishga kerakli biron-bir hujjatlarga ega bo‘lmasdan, kadastr hujjatlari yo‘q bo‘lgan xonadonlarni fuqarolarga sotishini bildirib, aldov yo‘li bilan juda ko‘p miqdordagi pullarni o‘zlashtirib olgan.

firibgarlik, қидирув

Holat yuzasidan Toshkent shahri IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) 4-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov jarayonida Sharipovga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llandi. Gumonlanuvchilar — Samandarov va Osimov tergovdan qochib yashiringani sababli qidiruvga berildi. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.

Fuqarolardan ushbu shaxslardan jabr ko‘rgan bo‘lsa yoki qidiruvdagi shaxslarning qayerda ekani haqida biror ma’lumotga ega bo‘lsa, poytaxt IIBBning 71−206−42−28, 71−206−49−46 yoki 102 raqamlariga murojaat qilishlari so‘raldi.