Yuy Szyun Xitoyning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlandi. Xitoy elchixonasining rasmiy saytida uning tabrik so‘zi keltirib o‘tilgan.

Diplomat 1972-yil avgust oyida tug‘ilgan, Xitoy Kommunistik partiyasi a’zosi, oliy ma’lumotli. Tashqi ishlar vazirligining tegishli boshqarma va idoralarida, shuningdek, xorijdagi elchixonalar va konsulliklarda faoliyat olib borgan.

Yangi elchi o‘zining tabrik so‘zida elchixona “O‘zbekiston jamiyatining xayrixoh vakillari bilan hamkorlikda ish olib borishi, ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi muhim kelishuvlarni faol amalga oshirishi, rivojlanish strategiyalarini kelishishga hissa qo‘shishi, o‘zaro do‘stona almashinuvlarni rag‘batlantirishi”ni ta’kidladi.

Elchixona bergan xabarda turli sohalarda har tomonlama o‘zaro manfaatli hamkorlikni chuqurlashtirish va doimiy asosda o‘zaro anglashuv va ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlash, yangi davrda Xitoy-O‘zbekiston har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirishga ko‘maklashish haqida ham so‘z borgan.

12-iyul kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Yuy Szyundan ishonch yorliqlari nusxalarini qabul qilib oldi.

Xitoyning O‘zbekistondagi avvalgi elchisi Szyan Yan shu yil boshida o‘zining 5 yillik diplomatik missiyasini yakunlagandi. U ikki tomonlama hamkorlikni zamonaviy darajaga ko‘tarishga qo‘shgan shaxsiy hissasi uchun shaxsan O‘zbekiston prezidenti tomonidan topshirilgan “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan.