Jizzax viloyati Zafarobod tumanidagi “Yorqin” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida o‘tkazilgan navbatdagi profilaktik reyd davomida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining Jizzax viloyati hududiy boshqarmasi inspektorlari tomonidan daraxtlarning noqonuniy kesilgani aniqlandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar qildi.

Ma’lum bo‘lishicha, Sirdaryo viloyatida yashovchi shaxs tegishli ruxsatnomasiz jami 3 tup ignabargli daraxtlarni noqonuniy kesib, “O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunning 4, 37 va 49-moddalarini buzgan.

Mazkur holat yuzasidan fuqaroga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasi 1-qismi (Daraxtlarni, butalarni, boshqa o‘simliklarni va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish) bilan bayonnoma tuzilib, 1 650 000 so‘m miqdorida jarima solindi. Shuningdek, huquqbuzar o‘simlik dunyosiga yetkazilgan 25 million 740 ming so‘m zararni ham to‘lashi ta’kidlangan.