O‘zgidromet xizmati agentligi 25-iyun−2-iyul kunlari kuzatiladigan ob-havo haqida ma’lumot berdi.

Sinoptiklarning ma’lum qilishicha, bu yilgi chilla davri salqin ob-havo bilan boshlandi. 25-iyun kuni Kavkaz hududlaridan salqin havoning yana bir qismi kirib kelishi hisobiga havo harorati +29…+32 darajagacha tushdi, ba’zi joylarda esa undan ham pastroq bo‘ldi.

Dushanba kuni respublika bo‘yicha harorat +30…+33 daraja, janubda +39…+41 daraja bo‘lgan ob-havo saqlanib turadi. 27−30-iyun kunlari havo harorati biroz ko‘tariladi va +34…+37 daraja, janubda +39…+41 daraja atrofida bo‘ladi.

Faqat shanba va yakshanba kunlari — 1−2-iyulda O‘zbekiston hududiga issiq havo kirib kelishi kuchayadi va kunduzgi harorat yana +38…+40 darajagacha, janubda ba’zi joylarda +42 darajagacha ko‘tariladi.

Ushbu haftaning oxirigacha respublika bo‘yicha havo asosan kam bulutli bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat Farg‘ona vodiysi hududlari bilan chegaradosh tog‘oldi va tog‘li hududlarda 26−28-iyun kunlari ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

26-iyunda shimolda, 27−29-iyunda respublikada ba’zi joylarda shamol tezligi 13−18 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zon bilan kuzatilishi mumkin.

Toshkent shahrida havo biroz bulutli bo‘ladi, vaqti-vaqti bilan o‘zgarib turadi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Sharqiy yo‘nalishdagi shamol birozdan o‘rtachagacha esadi. Harorat dushanba kuni kunduzi +32…+34 daraja, 27−30-iyunda +34…+37 daraja, 1−2-iyulda+37…+40 daraja bo‘ladi.