Uzbekistan Airways kompaniyasi 16-iyun kuni hisob bo‘yicha o‘n sakkizinchi Airbus — A320neo samolyotini qabul qilib oldi. Tuluzadagi zavoddan Toshkentga uchib kelgan layner, an’anaga ko‘ra, suv arkasi bilan kutib olindi.

Avvalroq lizingga olingan ikkita A330 samolyotida bo‘lgani kabi, ushbu layner ham quyruq qismiga kompaniya logotipi, dvigateliga esa Uzbekistan Airways yozuvi tushirilgan soddalashtirilgan fyuzelaj rangida qabul qilib olindi. Yil oxiriga qadar olib kelinishi kerak bo‘lgan qolgan to‘rtta A320neo samolyotlari ham xuddi shunday rangga bo‘yaladi. Bu tashuvchi yaqin kelajakda uzoq yillardan buyon o‘zgarmay kelayotgan o‘z livreyasi — samolyotlar tashqi ko‘rinishini yangilashni rejalashtirayotgani bilan bog‘liq.

Yangi samolyot aviakompaniyaning Airbus konserni bilan hamkorligiga 30 yil to‘lgan kunda yetib keldi. 1993-yilda xuddi shu kuni Uzbekistan Airways (o‘shanda — “O‘zbekiston havo yo‘llari” edi) birinchi Airbus — A310 samolyotini qabul qilib olgan edi. Shunday qilib kompaniya parki G‘arbda ishlab chiqarilgan samolyotlar bilan to‘lishni boshlagan. Ushbu samolyotda 1995-yilda ilk bor Toshkent — Nyu-York — Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha transkontinental reysi amalga oshirilgan.

Vaqt o‘tishi bilan Uzbekistan Airways yanada tejamkor A320/321 samolyotlariga o‘ta boshladi. Bugungi kunda aviakompaniya parkida 29 ta yo‘lovchi va yuk tashish samolyotlari mavjud bo‘lib, ularning katta qismi Airbus samolyotlaridan tarkib topgan. Ilk A320neo samolyoti 2019-yil bahorida yetkazib berilgan. 2022-yil davomida kompaniya beshta A320neo samolyotini qabul qilib oldi.

a320neo, airbus, uzbekistan airways

Aviakompaniya matbuot xizmati xabariga ko‘ra, yangi samolyot BOC Aviation kompaniyasi tomonidan uzoq muddatli lizing asosida yetkazib berilgan. U bitta toifali konfiguratsiyada (faqat ekonom-klassda) 186 yo‘lovchini tashishga mo‘ljallangan.

Aviakompaniya boshqaruvi raisi Shuhrat Xudayqulovning ta’kidlashicha, bunday qaror O‘zbekistondan reyslarga jiddiy ortib borayotgan talabni qondirish maqsadida qabul qilingan. Yil oxirigacha barcha beshta samolyot qabul qilingandan so‘ng, ularni biznes klassli ikki toifali konfiguratsiyaga aylantirish rejalashtirilgan.

A320neo o‘z sinfidagi eng shovqinsiz avialayner hisoblanadi. Uchish jarayonidagi tovush tarqalishi darajasi oldingi avlod havo kemalariga qaraganda 50 foizga pastroq. Bundan tashqari, ushbu turdagi havo kemasida konditsioner tizimi ham mavjud, u har ikki daqiqada havoni to‘liq yangilaydi va uning butun salon bo‘ylab bir tekis taqsimlanishini ta’minlaydi.