9-iyun kuni Zhejiang union of railway logistics kompaniyasi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” va “Qirg‘iz temir yo‘li” davlat korxonasi hamkorligida Landjou stansiyasidan Toshkentga 30 ta konteynerdan iborat ilk blok poyezdi harakati yo‘lga qo‘yildi, deya xabar bermoqda O‘zbekiston Transport vazirligi matbuot xizmati.

Tarkibida quyosh panellari, mexanik jixozlar, matolar va boshqa yuklar bo‘lgan umumiy qiymati 2,5 million dollarni tashkil etuvchi yuk poyezdi Xitoyning Landjou shahridan Toshkentga 15 kunda yetib kelishi belgilangan. Mazkur loyiha Sian shahrida bo‘lib o‘tgan “Xitoy — Markaziy Osiyo” sammiti doirasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish maqsadida yo‘lga qo‘yilgan.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev va Xitoy xalq respublikasi raisi Si Szinpin uchrashuvi yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston va Xitoyning qo‘shma bayonotida O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy temiryo‘li loyihasi ikki davlat va mintaqa o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashda tarixiy ahamiyatga ega ekani ta’kidlangandi. Tomonlar loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish tugallanganidan mamnun va temiryo‘l qurilishini yakunlash va tayyorlashga birgalikda hissa qo‘shishga tayyor.

Bundan tashqari, har ikki tomon Xitoy-Markaziy Osiyo transport yo‘lagi qurilishini jadallashtirish, bu yo‘nalishda temir yo‘lkonteyner tashuvlarini rivojlantirish, Xitoy-Tojikiston-O‘zbekiston avtomobil yo‘lining uzluksiz ishlashini ta’minlash va yuk tashish hajmini oshirishga tayyor.

Loyiha doirasida Jalolobod-Makmal-Arpa-Torugart-Qashg‘ar qo‘shma yo‘nalishi bo‘ylab avtomobil yo‘li qurish rejalashtirilgan. Qirg‘iziston orqali o‘tadigan tranzit yo‘li O‘zbekistonga qo‘shimcha 5 mln tonna tranzit yuk tashish imkonini berishi kutilmoqda.

O‘zbekiston Transport vazirligi avvalroq mazkur loyihaning amalga oshirilishi Xitoydan O‘zbekiston orqali Turkiyaga va undan keyin Yevropaga, shuningdek, Fors ko‘rfazi davlatlarigacha bo‘lgan savdo va transport geografiyasini kengaytirishini ma’lum qilgandi.