12-iyun kuni kechki payt Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahridagi “Buyuk Ipak yo‘li” bozorida keng ko‘lamli yong‘in sodir bo‘ldi. Favqulodda vaziyatlar vazirligining ma’lum qilishicha, yong‘in 4 soat davomida bartaraf etildi.

Hodisa soat 19:17 da boshlangan, soat 19:25 da birinchi bo‘linmalar yetib borgan vaqtda savdo komplekclari ochiq alanga bilan yonayotgani aniqlangan. Yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari tomonidan ko‘rilgan harakatlar natijasida hudud 20:25 da qurshab olingan.

Soat 23:12 da vazirlik yong‘inni o‘chirish jarayoni aks etgan lavhalarni e’lon qildi. Bu paytda mahalliy Telegram kanallar yong‘in hali to‘liq o‘chirilmagani haqida xabar berdi. Soat 23:30 ga kelib, hodisa bartaraf etilgan.

Kun.uz muxbirining voqea joyidan xabar berishicha, yuzdan ortiq tadbirkorning mol-mulklariga zarar yetgan. “Ichkarida 150−200 million so‘mlik mahsulotlarimiz bor edi, faqat 2−3 qop yukimizni olishga ulgurdik. Qolgani yonib ketdi, qo‘limizdan hech narsa kelmadi”, — deydi savdogarlardan biri.

Bosh prokuratura matbuot xizmati mazkur yong‘in bo‘yicha Jinoyat kodeksining 259-moddasi (Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini bildirdi. Hozirda viloyat IIB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

“Uning kelib chiqish sababi va moddiy zarar miqdorini aniqlash ishlari olib borilmoqda”, — deyiladi FVV xabarda.