“Gazeta.uz” O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi tomonidan O‘zbekiston prezidentligiga nomzod Robaxon Mahmudovaning saylovoldi dasturini taqdim etadi (biografiya).

“Siyosiy maydonda xalqchil va hayotiy g‘oyalari bilan o‘z o‘rni va obro‘siga ega bo‘lgan O‘zbekiston „Adolat“ sotsial-demokratik partiyasi navbatdagi saylovlar oldidan vatanimiz taraqqiyoti yo‘lida huquqiy demokratik, „ijtimoiy davlat“ va „barcha uchun farovonlik ta’minlangan“ adolatli fuqarolik jamiyatini qurishning sotsial-demokratik modelini taklif etadi”, — deyiladi dastur muqaddimasida. Uning asosiy qoidalari quyidagilardan iborat:

  • inson, uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari davlat va jamiyatning eng yuksak qadriyatlari ekanligini tan olib, jamiyat va davlat hayotining barcha jabhalarida har bir insonni farovon hayoti uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, ijtimoiy adolat va qonun ustuvorligi mezonlarini ta’minlash;
  • O‘zbekistonning erkinlik, imkoniyatlar tengligi, adolatlilik, birdamlik, ijtimoiy himoya va mas’uliyat tamoyillari hukmronlik qiladigan, insonlarning keskin tabaqalanishiga yo‘l qo‘yilmaydigan kuchli “ijtimoiy davlat” sifatida, aholining yuqori turmush darajasiga ega rivojlangan davlatlar qatoriga qo‘shilishiga erishish;
  • “xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqqa xizmat qilmog‘i kerak” g‘oyasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi ekanligini ta’kidlab, xalq hokimiyatining timsoli bo‘lmish vakillik demokratiyasi institutining roli va ahamiyatini yanada oshirish;
  • mamlakat iqtisodiyotining barqaror rivojlanishini ta’minlash, jamiyatning innovatsion, intellektual salohiyati va inson kapitalini rivojlantirish;
  • partiyaning asosiy elektorati hisoblanmish ishchi va mehnatkashlar, yuqori malakali mutaxassislar, budjet sohasi xizmatchilari, pedagoglar, shifokorlar, ilmiy va injener-texnik xodimlar, xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlari va boshqa xayrixohlar manfaatlarining samarali himoyasini ta’minlash;
  • har bir inson farovonligining garovi bo‘lmish tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash, fuqarolik totuvligi, millatlararo va dinlararo bag‘rikenglikni mustahkamlash, muvozanatli, o‘zaro manfaatli va konstruktiv tashqi siyosat olib borish.

Partiya “elektorat va saylovchilar ehtiyojlari va orzu-umidlariga asoslangan holda, o‘tmish saboqlaridan to‘g‘ri xulosa chiqarib, mamlakatning kelajak avlodi oldidagi mas’uliyatni his etib, kelgusi besh yillik uchun” quyidagi ustuvor vazifalarni olg‘a suradi.

1. Huquqiy-ijtimoiy davlat qurish — pirovard maqsad

“Adolatning qaror topishida sud hokimiyatining o‘rni katta. Biz sud hokimiyati mustaqil, sudlar esa adolat qo‘rg‘onlari bo‘lishi tarafdorimiz. Biz Oliy sud, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz va boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan hamkorlikda sud-huquq tizimidagi islohotlar natijasini, ayniqsa, sohada aholining noroziligiga sabab bo‘lgan omillarni tanqidiy o‘rganib boramiz va shu orqali amaldagi qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan aniq takliflar tayyorlaymiz”, — deyiladi dasturda

Partiya sud tizimini kompleks rivojlantirish, sudlarning mavqeini oshirish, sudyalarning daxlsizligini ta’minlash adolatli jamiyat qurishning muhim sharti, deb hisoblaydi.

Shuningdek, partiya insonlar sarson bo‘lishiining oldini olish va sud faoliyati sifatini oshirish maqsadida amaldagi “Sudlar to‘g‘risida”gi qonunni takomillashtirish orqali fuqarolik, jinoiy, iqtisodiy va ma’muriy ishlar bo‘yicha tuman, shahar va viloyat sudlari negizida umumiy yurisdiksiya sudlari tashkil qilishni, ularga “xalq sudlari” maqomi berishni, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarga nazorat instansiyasi vakolatini yuklash taklif qiladi.

Partiya advokatlarning maqomini yanada ko‘tarish, ularni ijtimoiy himoya qilish mexanizmlarini kuchaytirish, har bir advokat malakali huquqiy xizmat ko‘rsatishi uchun zarur choralarni ko‘rishi, bu boradagi amaldagi qonunlar ijrosi yuzasidan kuchli va samarali nazorat o‘rnatish, sud jarayonida advokatura va prokuratura huquqlari tenglik prinsipini ta’minlash uchun kurashadi.

“Amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq sud qarorlarini ijro qilish vakolati prokuratura va ichki ishlar organlariga berilgan bo‘lib, bu holat xalqaro talablarga javob bermaydi. Qolaversa, jazo o‘tayotgan shaxslar ta’qib qiluvchi organlar qo‘lida bo‘lmasligi lozim. Shu munosabat bilan, biz barcha ijro bilan bog‘liq vakolatlarni va jazoni ijro etish muassasalarini surishtiruv hamda tergov vakolatiga ega bo‘lmagan, xolis organ — adliya idoralari boshqaruviga berishni maqsadga muvofiq, deb bilamiz. Shunda surishtiruv va tergovdan noroziliklar barham topadi, har qanday noqonuniy xatti-harakatlarning, qiynoq va tayziqlarning oldi olinadi, ijro jarayonida inson huquqlari ta’minlanadi”, — deyiladi dasturda.

“„Propiskadan o‘tish“ tizimiga yangicha yondoshish, fuqarolarning o‘z xohish-istaklaridan kelib chiqib, doimiy yashash joyini o‘zi belgilash huquqini ta’minlovchi huquqiy asosni bosqichma-bosqich takomillashtirib borish masalasi doimiy e’tiborimiz markazida bo‘ladi”.

Partiya jamoat joylari tushunchasining huquqiy asosini yaratishni, huquqbuzarliklarning oldini olish tizimini, jinoyatchilikka qarshi kurashish va jamoat tartibini saqlash bo‘yicha ichki ishlar tizimining faoliyatini tubdan takomillashtirish va aholining xohish-istaklarini ro‘yobga chiqarish maqsadida ularning sonini maqbullashtirish hamda “halq politsiyasi” deb nom berish, Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlarining sonini optimallashtirish va inspektorlarni chinakam “xalq yordamchilari”ga aylantirish taklifini ilgari suradi.

Dasturda O‘zbekiston bosh prokurori va unga bo‘ysunuvchi prokurorlarning qonunlarni aniq va bir xilda bajarilishini nazorat qilish vazifasini kengaytirish va quyi prokuratura organlariga “Xalq prokuraturasi” maqomini berish taklifini ilgari suriladi.

“Bugungi kunda dastlabki tergov harakatlari O‘zbekiston bosh prokuraturasi, IIV va DXX tomonidan amalga oshirilmoqda. Dastlabki tergov organlarining tarqoqligi natijasida inson huquqlarining buzilishi holatlari yuz berayotganligi saylovchilarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Bosh prokuratura va uning quyi organlarining tergov jarayoni ustidan nazorat funksiyasi tobora pasayib bormoqda. Ushbu holatni bartaraf qilish, dastlabki tergov ustidan nazoratni kuchaytirish maqsadida, mamlakatda yagona tergov organi — Tergov qo‘mitasini tashkil etish tashabbusini ilgari suramiz”, — deyiladi dasturda.

Partiya korrupsiya bilan kurashish nafaqat davlat organlari va huquqni muhofaza etish tuzilmalarining vazifasi, balki butun jamiyatning burchi ekanini e’tirof etadi. Partiya ushbu illatni tag-tomiri bilan yo‘qotish uchun kurashadi. Bosh prokuratura bilan hamkorlikda kelgusi 5 yilda O‘zbekistonning korrupsiyaga murosasiz 50 ta davlat qatoriga kirishini ta’minlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni belgilab, amalga oshiradi.

2. Kuchli ijtimoiy siyosat — xalq farovonligining kafolati

Partiya “Ijtimoiy tenglik — teng huquq va teng mas’uliyat demakdir” degan tamoyilga tayangan holda jamiyatdagi ijtimoiy tenglikni ta’minlaydigan, har bir fuqaroning qobiliyati hamda malakasidan kelib chiqqan holda mehnat qilishi kafolatlanadigan, u o‘z mehnatining miqdori va sifatiga yarasha munosib ish haqi va hayot darajasiga erishishi uchun keng imkoniyatlar yaratilgan ijtimoiy davlat qurish uchun kurashishini ta’kidlagan.

“Maqsadimiz — ijtimoiy adolat tamoyilini ta’minlash. Ijtimoiy adolat — bu siyosiy qarashlari, jinsi, millati, tili va diniy e’tiqodidan qat’i nazar, qonun oldida barcha fuqarolarning o‘zaro tengligini ta’minlashdir. Bu — ta’lim, tibbiyot va boshqa sohalardagi imkoniyatlar tengligidir. Bu — kafolatlangan mehnat faoliyati erkinligi, mansab lavozimlari bo‘yicha ko‘tarilib borishdagi imkoniyatlar tengligidir. Eng muhimi, bu — keksa avlod vakillari va ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar to‘g‘risida g‘amxo‘rlikdir”, — deyiladi partiya dasturida.

Partiyaning kelgusi 5 yillik pirovard maqsadi — bolalarni maktabgacha ta’lim muassasalariga qamrab olish darajasini ikki barobarga ko‘tarishdir.

Partiya maktablardagi ma’naviy-tarbiyaviy ishlarni yangicha asosda tashkil etish, “Milliy g‘oya”, “Odobnoma”, “Dinlar tarixi”, “Vatan tuyg‘usi” kabi fanlarni birlashtirgan holda, yagona — “Tarbiya” fanini joriy qilishni qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, partiya maktablarga buyuk allomalar, davlat va siyosat arboblari, mashhur sarkarda ajdodlarning nomlarini berish tarafdori.

Partiya “O‘qituvchining maqomi to‘g‘risida” va “Ta’lim to‘g‘risidagi kodeks”ni qabul qilishni taklif qiladi

“Davlat va nodavlat oliy ta’lim muassasalari soni va samaradorligini oshirish hisobiga oliy ta’lim bilan qamrov darajasini 2030-yilga qadar 50 foizdan oshirish, oliy ta’lim muassasalari sonini yanada oshirish borasida amaliy takliflar beramiz. Shu bilan birga, oliy ta’lim muassasalarining bosqichma-bosqich o‘zini-o‘zi moliyalashtirish tartibiga o‘tishini ta’minlashga qaratilgan normativ hujjatlarni ishlab chiqamiz”, — deyiladi partiya dasturida.

Partiya kamida 10 ta oliy ta’lim muassasasini xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlar reytingining birinchi 1000 ta oliy ta’lim muassasalari ro‘yxatiga, jumladan, O‘zbekiston Milliy universiteti va Samarqand davlat universitetini birinchi 500 ta oliy ta’lim muassasalari ro‘yxatiga kiritish borasidagi chora-tadbirlar ustidan samarali va ta’sirchan parlament, deputatlik va jamoat nazoratini o‘rnatadi.

Partiya, bundan tashqari, pedagogika yo‘nalishidagi oliy o‘quv yurtlarini eng nufuzli ta’lim muassasalariga aylantirish, pedagoglikka moyilligi bo‘lgan yoshlarni maqsadli tarbiyalab borish bo‘yicha vazifalarni amalga oshirish tarafdori.

“Mamlakat raqobatdoshligini uzoq muddatda istiqbolli ta’minlashning muhim omili sifatida biz mamlakat ilmiy salohiyatini kuchaytirish, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda ilm-fanning rolini oshirish, innovatsion iqtisodiyotga o‘tish, ilm-fan va ishlab chiqarish hamkorligini mustahkamlashga keng e’tibor qaratamiz. Olimlarni, ayniqsa, yosh olimlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘ramiz”, — deya qayd etilgan dasturda.

Partiya “an’anaviy sotsial-demokratiyaning ijtimoiy adolat tamoyili va keng ko‘lamli ijtimoiy dasturlarning amalga oshirilishini ta’minlaydigan kuchli davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlagan holda”, quyidagi vazifalarni ustuvor deb biladi:

  • mehnatga haq to‘lash bilan fuqarolarning yashash minimumi xarajatlari o‘rtasidagi tafovutlarni keskin qisqartirish, “bazaviy hisoblash birligi”, pensiya va eng zarur “yashash minimumi” hamda “iste’mol savati”ning o‘zaro mutanosibligiga erishish va minimal ish haqini bozordagi narx-navoga mutanosib ravishda oshirish;
  • aholining daromadi bo‘yicha keskin tabaqalanishining oldini olish va shu orqali ijtimoiy munosabatlarda barqarorlik va uyg‘unlikni ta’minlash;
  • ta’lim, ilm-fan, tibbiyot sohasi xodimlari hamda ziyolilarning ijtimoiy nufuzi, maqomini oshirish va ularni himoya qilishning samarali mexanizmlarini yaratish;
  • budjet sohasi xodimlari uchun budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan idoraviy uy-joylar qurilishi hajmini kengaytirish, qurilayotgan uy-joylarning sifatini oshirish.

Partiya sog‘liqni saqlash tizimini qayta shakllantirishni davom ettirish tarafdori.

“Kelgusi besh yillikda sog‘liqni saqlash bo‘yicha davlat xarajatlarini umumiy davlat xarajatlariga nisbatan 15,4 foizdan 17 foizga hamda har 1000 kishiga xizmat ko‘rsatuvchi shifokorlar sonini 2,45 nafardan 5 nafarga, shifoxona muassasalari sonini esa 1135 tadan 1250 taga oshirish — ushbu yo‘nalishdagi asosiy vazifalarimiz hisoblanadi”, — deyiladi dasturda.

Partiya maktablar va maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalarga tibbiy xizmat ko‘rsatish ta’minoti tizimini mustahkamlash, har bir maktabda malakali tibbiy xizmatni joriy etish, bolalarga bepul stamotologiya xizmati ko‘rsatilishini ta’minlash, bolalarni bepul dori vositalari bilan uzluksiz ta’minlash, har bir bolada sil kasalini aniqlash uchun mantu sinamasi o‘tkazish, bolalar orasidagi yuqumli kasalliklarga qarshi emlashlar o‘tkazish masalalarini kechiktirib bo‘lmas dolzarb vazifalar deb hisoblaydi.

Shuningdek, partiya skrining va perinatal markazlari, ayollar tibbiy maslahatxonalari, tug‘ruq komplekslari, ginekologik va patronaj xizmatlari faoliyatini doimiy yaxshilab borishni zarur, deb biladi. Bolalar tibbiyot birlashmalari tizimi (maktab tibbiyoti)ni tubdan yaxshilashga qaratilgan “Sog‘lom bolalik” loyihasini amalga oshirishni taklif qiladi.

“Sog‘liqni saqlash bo‘yicha islohotlarni davom ettirish va yuqori darajaga ko‘tarish orqali bolalar o‘limi ko‘rsatkichini har 1000 nafar tug‘ilgan chaqaloqqa 2017-yildagi 18 tadan 10 tagacha, onalar o‘limi koeffitsentini (har 100 000 tirik tug‘ilgan chaqaloqqa nisbatan) esa 19,7 dan 15 tagacha kamaytirish kelgusi besh yillikdagi muhim vazifamiz hisoblanadi”.

Partiya dorilarni vrach retsepti asosida berilishini yo‘lga qo‘yish hamda dorilar reklamasini cheklashga qaratilgan qonunlarni qabul qilish tashabbusi bilan chiqadi.

Partiya xalq tabobatini rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratishini va ushbu sohaning huquqiy asoslarini takomillashtirib, mustahkamlab borishini ta’kidlagan. Aholining tibbiy madaniyatini oshirish va ushbu sohada tizimli ishlarni kuchaytirish maqsadida, partiya “Tibbiy madaniyatni oshirish” davlat dasturini qabul qilishni taklif qiladi.

3. Xalq nomidan, xalq uchun va xalq manfaatlari yo‘lida xizmati qiladigan adolatli jamiyat qurish

“O‘zbekiston „Adolat“ sotsial-demokratik partiyasi — kuchli, erkin va adolatli fuqarolik jamiyati qurish, „xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilmog‘i kerak“ degan g‘oya asosida xalq hokimiyati tamoyilini izchil amalga oshirish, parlamentarizmni rivojlantirish, parlament demokratiyasining zamonaviy institutlarini qo‘llab-quvvatlash, davlat hokimiyati va boshqaruvi tizimida vakillik organlarining rolini kuchaytirish — mamlakatni demokratik yangilashning muhim yo‘nalishi, deb hisoblaydi”, — deyiladi dasturda.

Partiya hokimiyatning mahalliy bo‘g‘inlari vakolatlarini kuchaytirish va kengaytirish — aholining hayotiy muhim muammolarini yechishda eng ishonchli va to‘g‘ri yo‘l, deb hisoblaydi. Ayni vaqtda, xalq deputatlari mahalliy Kengashlarning rolini oshirish orqali ijro hokimiyati ustidan deputatlik va jamoatchilik nazoratini o‘rnatish zarur, deb biladi.

Partiya axborot sohasini yanada demokratlashtirish, so‘z va axborot erkinligini ta’minlash, bosma ommaviy axborot vositalari mahsulotlarini tarqatish sohasida raqobatni kengaytirish, ommaviy axborot vositalari xodimlarining, ayniqsa, jurnalist va blogerlarning ijtimoiy muhofazasini kuchaytirishni muhim vazifa deb biladi.

“Butun dunyo sotsial-demokratlari ishchi va mehnatkashlarning haq-huquqlarini himoya qilishda kasaba uyushmalari bilan yaqindan hamkorlik qilishadi. Shu bois, partiya kasaba uyushmalari harakatiga katta ahamiyat beradi va uni zamonaviy, sivilizatsiyalashgan bozor munosabatlarini shakllantirishda ishchi va mehnatkashlarni ijtimoiy himoya qilishning eng muhim vositasi, deb hisoblaydi. Biz uchun kasaba uyushmalari harakatini bundan keyin ham rivojlantirish va kuchaytirish — adolatli jamiyatni shakllantirishning zaruriy sharti bo‘lib qolaveradi”, — deyiladi dasturda.

4. Aqilli iqtisodiyot — mamlakat jadal taraqqiyotining garovi

“Bizning maqsadimiz — raqamli texnologiyalarga asoslangan innovatsion milliy iqtisodiyotni barpo etish, „farovon davlat“ qurish, aholining turmush darajasini yanada yuksaltirish, tadbirkorlikni har bir fuqaroning qobiliyati va imkoniyatini inobatga olgan holda rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish va uning rivojlanishiga g‘ov bo‘layotgan byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish orqali mamlakatning iqtisodiy qudratini mustahkamlashdir”, — deyiladi dasturda.

Partiya ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyoti tarafdori sifatida yuksak texnologiyali mahsulot, ma’lumotlar almashinuvi texnologiyasi va virtual moliyaviy xizmatlarga tayangan raqamli iqtisodiyotning yalpi ichki mahsulot tarkibidagi ulushini 2025-yilga qadar 45% ga yetkazishni muhim vazifa deb biladi.

Partiya raqamli iqtisodiyot rivojida innovatsion yondoshuvni muhim, deb biladi hamda taraqqiyotning barqaror davomiyligida davlatning muvofiqlashtiruvchilik faoliyati yetakchi ekanini e’tirof etadi. Shu nuqtai nazardan, barqaror iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlash borasida quyidagi vazifalarni amalga oshirish zarur, deb hisoblaydi:

  • O‘zbekistonda innovatsion yondashuvli raqamli iqtisodiyotga o‘tishni tashkil etish, iqtisodiyotni tarkibiy qayta qurish, uni modernizatsiya qilish, ishlab chiqarishni texnik va texnologik qayta jihozlashga alohida e’tibor qaratish;
  • innovatsion iqtisodiyotni rivojlantirish, yangi texnologiyalar bazasini yaratish, zamonaviy biznes infratuzilmalarini tashkil etishda faol ishtirok etish;
  • innovatsion faoliyatning normativ-huquqiy bazasini takomillashtirish, shu jumladan, “Innovatsiyalar va innovatsion faoliyat to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilish;
  • iqtisodiyotni eng zamonaviy ilm-fan va texnika yutuqlari, ilg‘or innovatsion g‘oyalar va bilimlar asosida rivojlantirish choralarini ko‘rish;
  • iqtisodiyotda sun’iy monopoliyaga barham berish va mulkchilikning turli shakllariga asoslangan raqobatni qo‘llab-quvvatlash;
  • aholini ish bilan band etish, yangi ish o‘rinlari yaratish, ishsizlikka qarshi kurashish masalalariga alohida e’tibor qaratish;
  • aholi daromadini izchillik bilan ko‘paytirish bo‘yicha davlat tomonidan amalga oshirilayotgan siyosatni qo‘llab-quvvatlash;
  • mamlakatning muhim milliy boyligi bo‘lgan inson kapitalini har tomonlama ko‘paytirish hamda rivojlantirish bo‘yicha ilg‘or tashabbuslarni ilgari surish;
  • o‘rta va uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan umumdavlat indikativ iqtisodiy dasturlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirish, ya’ni ijtimoiy yo‘naltirilgan iqtisodiy loyiha va dasturlarning davlat tomonidan kuchli qo‘llab-quvvatlanishiga erishish;
  • energiyaning mavjud barcha muqobil turlarini kompleks ravishda rivojlantirish orqali raqobatli energetika bozorini tashkil etishni rag‘batlantirish, energiyani tejaydigan innovatsion texnologiyalarni joriy etish;
  • uy-joy kommunal xizmatlari tomonidan aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlarning optimal tarif va qiymatlarini belgilaydigan qonun hujjatlarini ishlab chiqish;
  • uy-joy kommunal xizmatlar sohasiga innovatsion texnologiyalarni joriy etish va xususiy investitsiyalarni jalb etish uchun sharoit yaratish, sohaga yo‘naltiriladigan mablag‘larning samarali va oqilona sarflanishi ustidan deputatlar hamda jamoatchilik nazoratini o‘rnatish;
  • biznesning amaldagi qonunchilikda belgilab qo‘yilgan mehnat munosabatlari, mehnatga haq to‘lash, xodimni ijtimoiy sug‘urta qilish, pensiya ta’minoti talablariga amal qilishi uchun mas’uliyatini oshiradigan huquqiy me’yorlarni takomillashtirish va ijrosini nazorat qilish;
  • intellektual mulk obyektlari (mualliflik huquqi, turdosh huquqlar, ixtiroga bo‘lgan huquqlar va boshqa) huquqlari buzilishiga nisbatan davlat va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish;
  • yuqori texnologiyali mahsulotlarni eksport qilishni va ilg‘or ilmiy va texnologik ishlanmalarni qo‘llab-quvvatlash orqali milliy iqtisodiyotning jahon tizimiga integratsiyasini kuchaytirish.

Davlat tomonidan tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashning eng samarali shakllari sifatida quyidagilarga alohida e’tibor qaratish belgilangan:

  • qulay ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaratishga qaratilgan qonun va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish;
  • “soliq ta’tili” va soliq kreditlari, “davlat subsidiyalari va grantlari” (kichik korxonalarga soliqqa tortilmaydigan to‘g‘ridan-to‘g‘ri budjetdan mablag‘ yoki boshqa turdagi moddiy resurslar ajratish) kabi soliq vositalaridan keng foydalanish;
  • innovatsion korxonalar, kompaniyalar va boshqa tadbirkorlik subyektlariga davlat grantlarini ajratish.

Partiya mamlakatning chekka hududlari va kichik shaharlarning rivojlanishini jadallashtirish, hududlar va poytaxt orasidagi keskin iqtisodiy va ijtimoiy tafovutga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida yirik kompaniyalarning markaziy boshqaruv organlarini kichik shaharlarga ko‘chirish hamda kichik shaharlarning ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini respublika va mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan keng ko‘lamli rekonstruksiya qilish zarur, deb hisoblaydi va davlatning “Urbanizatsiya” dasturini qo‘llab-quvvatlaydi.

“Toshkentning ma’muriy markazini shaharning hozirgi chegaralaridan tashqariga ko‘chirishni, aqlli texnologiyalar asosida shaharning yangi qismini bunyod etishni taklif qilamiz. Zero, zamonaviy yangi shaharning qurilishi — eski shaharning saqlab qolinishiga, uy-joylarning buzilmasligiga, ortiqcha sarf-xarajatlarning qisqarishiga xizmat qiladi”, — deyiladi dasturda.

Partiya O‘zbekistonda “aqlli bino, aqlli shahar” konsepsiyasini keng joriy etish tarafdori. Ushbu konsepsiya energetik va moddiy resurslarni iste’mol qilish darajasini tushirish, qurilishning insonlar salomatligi va atrof-muhitga bo‘lgan salbiy ta’sirini kamaytirish, shaharlarning “yashil belbog‘lari”ni kengaytirish va himoya qilish, toza chuchuk suv manbalarini muhofaza qilish, shaharni rejalashtirish ishlariga yondashuvni tubdan o‘zgartirish, tabiatning sanoat korxonalari tomonidan ifloslanishini kamaytirish, chang va zaharli moddalarni ko‘p yutuvchi dov-daraxtlar ko‘lami va turini oshirish, shaharlar va sanoat korxonalari atrofida yashil maydonlar barpo etish kabi chora-tadbirlarni nazarda tutadi.

“Biz ekologik halokatning oqibatlari bilan kurashgandan ko‘ra, uning oldini olgan ma’qul, deb hisoblaymiz. Biz yuqori darajali ekologik zarar ko‘rgan hududlarda (Orolbo‘yi, Markaziy Farg‘ona hududlari) ekologik holatni sog‘lomlashtirish va tiklash bo‘yicha chora-tadbirlarni ko‘rish, shuningdek, cheklovchi davlat choralarini kiritish va keltirilgan zararni davlat budjeti hisobiga qoplash uchun qonunchilik bazasini yaratamiz va mas’ullarga tegishli ta’sir choralarini qo‘llaymiz”, — deyiladi dasturda.

Partiya barcha ekologik muammolar yechimi va ular bilan bog‘liq fuqarolar salomatligi muhofazasi masalalarini faqatgina davlat budjetiga yuklab qo‘yish noto‘g‘ri, deb hisoblaydi. “Ekologik ishlar” va sanksiyalar ortga qaytmas xususiyatga ega bo‘lishini va sudgacha olib chiqilishini ta’minlaydi.

Shuningdek, raqamli texnologiyalar bazasida iqtisodiyotning barcha sohalarini yangilashni ko‘zlovchi “Raqamli O‘zbekiston — 2030” Milliy dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish partiyaning ustuvor vazifalardan biri bo‘ladi.

Nomzodning qayd etishicha, u o‘z o‘rnida sodda va barqaror soliq tizimini qo‘llash orqali “yashirin” iqtisodiyotga barham berish, muqobil energetika tizimini rivojlantirish orqali uglevodorod resurslari sarfini kamaytirish, kelgusi 10 yillikda mavjud energiya quvvatlarining kamida 30 foizini qayta tiklanuvchi energiya manbalari tashkil etishiga erishish, jahonning ilg‘or texnologiyalariga asoslangan holda milliy avtosanoatda elektr dvigatelli yengil avtomobillar, avtobus va yuk mashinalari ishlab chiqarishni o‘zlashtirish, 2030-yilga qadar ichki yonuv dvigatelli transport vositalarining kamida 30 foizini ekologik toza transport vositalariga almashtirish, davlat budjetining ijtimoiy yo‘naltirilishini saqlab qolish masalalarini hayotga tadbiq qiladi.

Nomzod adolatli va samarali soliq hamda budjet siyosatini amalga oshirish tarafdori. U soliqqa tortishning progressiv stavkalarini o‘rnatish, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni to‘liq yoki qisman soliqdan ozod qilishni taklif qiladi.

Partiya qishloq xo‘jaligida “hayotiy va samarali” dehqonchilik tarafdori. Bu borada rivojlangan demokratik mamlakatlarning ekologik toza oziq-ovqat mahsulotlari sanoatini rag‘batlantirishning turli mexanizmlarini qo‘llash sohasidagi tajribasidan keng foydalanish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlashni taklif qiladi.

“Mamlakatning iqtisodiy qudrati, eng avvalo, kafolatlangan budjetga bevosita bog‘liqdir. Biz bugungi kunda davlat daromadiga undiriladigan barcha to‘lovlar (jarimalar, davlat bojlari, yig‘imlar va boshqa majburiy undiruvlar) to‘laligicha davlat budjetiga tushmayotganligidan xavotirdamiz. Undiruvlarning bir qismi davlat budjetiga tushmagan holda ayrim davlat organlariga yo‘naltirilganligi bizni mutlaqo qoniqtirmaydi”, — deyiladi partiya dasturida.

“Bunday undiruvlar faqat davlat budjetiga undirilishi va so‘ngra, qonun hujjatlariga muvofiq taqsimlanishi zarur. Aks holda, davlat bojlari va boshqa majburiy undiruvlar parlament nazorati doirasidan chetda qoladi va ayrim davlat organlari tomonidan maqsadsiz foydalanishga, ichki korrupsiyaning rivojlanishiga sabab bo‘ladi”.

Partiya tashqi va ichki turizmni (ekoturizm, agroturizm, ziyorat turizmi, sport turizmi) yo‘nalishlarini rivojlantirish, turistik xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, madaniyatli transport xizmati ko‘rsatish orqali davlat budjetini to‘ldirish lozim, deb hisoblaydi. Turizm va xizmat ko‘rsatish obyektlari (mehmonxonalar, zamonaviy axborot markazlari, oilaviy maktabgacha ta’lim muassasalari, hunarmandlar va rassomlar, san’atkorlar xizmatlari, kompyuter savodxonligi, kutubxonalar va yosh ijodkorlar to‘garaklari) tashkil qilish orkali yangi ish o‘rinlari barpo etish partiyaning doimiy diqqat-etiborida turadi.

Buning uchun iqtisodiyotning muhim bo‘g‘ini va qon tomiri hisoblangan avtomobil yo‘llarini xalqaro andozalar darajasiga ko‘tarishni, transport vositalari harakatini tartibga soluvchi yo‘l belgilarini tartibga solishni dolzarb vazifa deb biladi. Partiya avtomobil yo‘llariga taqiqlovchi belgilar o‘rnatish masalasini faqatgina xalq deputatlari mahalliy Kengashlar qarorlari asosida ruxsat berish tizimini joriy etish taklifini kiritadi.

5. Yurt kelajagi vatanparvar yoshlar qo‘lida

“Inson kapitali mamlakatning muhim milliy boyligidir va biz uning har tomonlama ko‘payishi va taraqqiy etishi, zamonaviy fikrlaydigan, intellektual rivojlangan, professional tayyorgarlikka ega, mamlakatni modernizatsiya qilish va demokratik jamiyat qurish yo‘lidagi murakkab va keng ko‘lamli vazifalarni hal etishga qodir bo‘lgan, yurtimiz va xalqimiz manfaatlariga sadoqatli yangi avlod kadrlarini tayyorlash masalasi prinsipial va hal qiluvchi ahamiyatga ega deb bilamiz”, — deyiladi partiya dasturida.

Partiya aholining oliy ta’lim bilan qamrab olinishini kengaytirish, qolaversa, ta’lim va tarbiya sohasida uzviylikni ta’minlash maqsadida quyidagi masalalarni ustuvor vazifalar sirasiga kiritadi:

  • maktabgacha ta’lim muassasalarida ovqatlantirish tizimini yangi innovatsiyalar asosida yangitdan tashkil etish. Bunda kaloriyali ovqatlar hamda miya faoliyatini yaxshi ishlashida kerak bo‘ladigan vitaminlarga boy oziq-ovqat mahsulotlari o‘rin olishiga alohida e’tibor berish;
  • umumta’lim maktablarida ijtimoiy adolat va tenglik tamoyillarining qaror topishiga erishish, erkak o‘qituvchilar sonini ko‘paytirish, sinflardagi o‘quvchilar sonini optimallashtirish, elektron o‘quv-ta’lim dasturlari va multimedia mahsulotlari miqdori va sifatini oshirish;
  • umumta’lim maktablarning boshlang‘ich sinflarida uzaytirilgan kun guruhlarini joriy qilish va o‘quvchilarni sog‘lom ovqatlantirishni tizimli yo‘lga qo‘yish;
  • ijtimoiy-gumanitar yo‘nalishdagi o‘quv predmetlarini optimallashtirish hisobiga inson huquqlari predmetini joriy etish;
  • kasb-hunar ta’limining mehnat bozori bilan aloqasini yanada mustahkamlash, mutaxassislarni maqsadli tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish.

Partiya o‘quv jarayonining samaradorligini oshirish, shuningdek, o‘quvchilar hamda talabalarning ko‘ngilli xordiq chiqarishi, sport bilan shug‘ullanishi va kitob mutoalaasi uchun zarur bo‘lgan vaqtni maqbullashtirish maqsadida o‘quv yilining boshlanishi muddatini qayta ko‘rib chiqishni taklif qiladi.

Respublika bo‘yicha maktab o‘quvchilari yagona formada yurishi, ular o‘rtasidagi tengsizlikning oldini olish barobarida, bolalarni intizomga, oddiylikka, samimiylikka o‘rgatadi.

“Biz umumta’lim maktablari uchun darsliklarning yangi, zamonaviy avlodini yaratish lozim, deb hisoblaymiz hamda darsliklarni ishlab chiqishning amaldagi samarasiz tizimi o‘rniga mutlaqo yangi tizimi — „Darsliklar bo‘yicha ilmiy-tadqiqot instituti“ tashkil qilishni taklif qilamiz”, — deyiladi dasturda.

Oiladagi zamonaviy jarayonlar, oilaviy munosabatlar ijtimoiy barqarorlik va jamiyat xavfsizligini ta’minlashning eng muhim omili ekanini hisobga olib, partiya quyidagilarni amalga oshiradi:

  • O‘zbekiston hududida qiyin hayotiy vaziyatda bo‘lgan oilaning sotsiologik portretini tuzish, ularni inqirozli vaziyatdan chiqish yo‘llarini yaratish, turmush darajasi va farovonligini oshirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish;
  • umumbashariy va milliy oilaviy qadriyatlar, oilalardagi munosabatlarning tahlili asosida zamonaviy obod va funksional oila mezonlari negizida modelini tuzish, shuningdek ushbu modelni jamiyatda keng targ‘ib qilish va amalliyotga kiritish;
  • reproduktiv salomatlik va oilaning demografik rivojlanishini uzoq muddatli rejalashtirish, “Sog‘lom oila — sog‘lom jamiyat” konseptual g‘oyani amalga oshirish.

Partiya xotin-qizlarning qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning ijtimoiy hayotdagi rolini, ijtimoiy-siyosiy maqomini yanada oshirish, iqtidorli hamda yuqori malakali xotin-qizlarni davlat boshqaruvi va siyosatga faol jalb etish, ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish, muhojirlarning mehnat huquqlarini himoya qilishni takomillashtirish masalalariga keng e’tibor qaratadi.

6. Tinchliksevar, progressiv tashqi siyosat: milliy manfaatlar ustunligi

“Biz barcha mamlakatlar va xalqaro institutlar bilan o‘zaro manfaatli va do‘stona munosabatlarni mustahkamlashga qaratilgan davlatning dinamik tashqi siyosatini qo‘llab-quvvatlaymiz, Markaziy Osiyoning amalda barqaror, har tomonlama rivojlangan va yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan mintaqaga aylanishi tarafdorimiz”, — deyiladi partiya dasturida.

Partiya O‘zbekiston a’zo bo‘lgan BMT, SHXT, MDX, YeXHT, IHT, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashi, boshqa xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarning tegishli ijtimoiy va insonparvarlik dasturlari doirasida o‘zaro manfaatli xalqaro hamkorlik tarafdori. Partiya ijtimoiy sohada qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda faol ishtirok etish, savdo va investitsion faoliyat uchun qulay sharoitlar yaratish, iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish va xalq farovonligini oshirish maqsadida, transchegaraviy, transport-kommunikatsion, infratuzilmaviy va boshqa loyihalarni amalga oshirish tarafdori.

Buning uchun partiya:

  • O‘zbekiston Respublikasining xalqaro institutlar integratsiyalashuvi va modernizatsiyasi, xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikning yangi tizimini shakllantirish, xususan, SHHT davlatlarining iqtisodiy, gumanitar va ijtimoiy sohalarida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va amalga oshirish;
  • ommaviy qirg‘in qurollarining tarqalishi, xalqaro terrorizm va ekstremizm, odam savdosi, giyohvand moddalar kontrabandasi, noqonuniy migratsiya, ekologiya muammolarini hal etishda faol ishtirok etish;
  • O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining, xususan, mehnat migrantlarining xorijiy mamlakatlardagi huquqlarini samarali himoya qilish choralarini ko‘rishini ta’kidlagan.

Buning uchun birinchi galda Barcha mehnat muxojirlari va ularning oila a’zolari huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi halqaro konvensiya qoidalarini mamlakat qonunchiligida aks etishi va qo‘llanishi choralarini ko‘radi hamda tegishli qonun va qonunosti hujjatlari, shu jumladan, “Mehnat migratsiyasi to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilish tashabbusi bilan chiqadi.

Partiya sotsial-demokratiyaning “Birdamlik” shioriga asosan mamlakatda azaldan yonma-yon yashab kelayotgan, o‘zining milliy, madaniy va diniy an’analariga ega xalqlarning xilma-xilligini mushtarak holda saqlash, bag‘rikenglik asosida qaror topgan millatlararo totuvlik va dinlararo hamjihatlik munosabatlarini bundan keyin ham asrab-avaylash, turli millat va elatlarning uyg‘un ravishda rivojlanishi uchun barcha zaruriy choralarni ko‘radi. Partiya umumbashariy balo-ofatlar — giyohvandlik, ekstremizm va zo‘ravonlik, fohishabozlik, odam savdosi va boshqa illatlarga qarshi butun jamiyat bilan yakdil bo‘lib, faol kurash olib boradi.

“Biz milliy armiyamiz qiyofasi, harbiy imkoniyatlari, mohiyati, harbiy jamoalardagi axloqiy sharoitni tubdan isloh qilish, qo‘shinni zamonaviy va ishonchli qurol-aslaha va harbiy texnika, eng yangi o‘quv vositalari, o‘quv-moddiy baza bilan ta’minlash, qo‘shin tarkibida zamonaviy AKTni joriy qilishga qaratilgan sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlaymiz”, — deyiladi dasturda.

Partiya harbiylikning qiyinchiliklarini boshidan kechirgan xizmatchilarning oilalari ham ish bilan ta’minlanishi, o‘qish, pensiya va tibbiy ta’minot sohalarida qonun bilan kafolatlangan imtiyozlarga ega bo‘lishlari kerak deb hisoblaydi. Ilgari ishlash imkoniyati bo‘lmagan yoki mutaxassisligi bo‘lmagani bois kam ish haqi evaziga ishlashga majbur bo‘lgan harbiylarning umr yo‘ldoshlari uchun pensiyalarni alohida hisoblash tartibini o‘rnatish zarur. Ularning umumiy mehnat stajiga uzoq garnizondagi butun yashash davrini kiritish, o‘sha paytdagi ish haqi miqdorini esa hudud uchun qabul qilingan o‘rtacha miqdorda belgilash masalalari ham partiya diqqat-e’tibori markazida bo‘lishi ta’kidlangan.