Oliy Majlis Qonunchilik palatasi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini o‘zgartirish bo‘yicha muhokamalar qayta tiklanmoqda.

Quyi palata matbuot xizmati xabar berishicha, 24 fevral kuni soat 15:00 da Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari hamda Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitalarining qo‘shma yig‘ilishida Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha Konstitutsiyaviy qonun loyihasini muhokama qiladi.

So‘nggi uch oy ichida ushbu qo‘mitalar jamoatchilik, ekspertlar va olimlarning takliflarini to‘plashni davom ettirdilar, deya ma’lum qildi palata matbuot xizmati. Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, tuzatishlar loyihasiga rejalashtirilgan o‘zgarishlar bo‘lajak majlisda e’lon qilinadi.

Tadbirni yoritish uchun faqat bir qancha telekanallar va O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (O‘zA) vakillari taklif etildi.

Qisqa tarix

Konstitutsiyaviy islohotlarning zaruriyati haqida ilk bor prezident Shavkat Mirziyoyev 2021 yilgi inauguratsiya nutqida gapirib, bu taklif xalqning o‘zidan chiqqanini ta’kidlagandi. Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini Konstitutsiyaning 29 yilligi munosabati bilan tabriklab, Konstitutsiyaning 30 yilligiga, ya’ni 8 yil 2022 dekabrga qadar o‘zgartishlarni qabul qilishni taklif qilgandi.

2022 yil 20 iyunda Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvda davlat rahbari Konstitutsiyani parlament vakolati bilan emas, balki referendum o‘tkazish yo‘li orqali o‘zgartirish taklifini ilgari surdi.

25 iyunda esa o‘zgartirishlar loyihasi xalq muhokamasi uchun e’lon qilindi va u 1 avgustga qadar davom etdi. Avvaliga muhokamalar uchun 10 kun ajratilgan bo‘lsa, keyinchalik deputatlar bu kamligini ta’kidlab yana 10 kun muddat qo‘shishdi. Yakunda esa takliflarni yig‘ish jarayoni yana 15 kunlik muddatga uzaytirildi.

Qoraqalpog‘iston respublikasi maqomini o‘zgartirish bo‘yicha taklif qilingan o‘zgartishlar sabab 1−2 iyul kunlari Nukusda sodir bo‘lgan voqealardan so‘ng, Qoraqalpog‘istonga tegishli moddalar o‘zgartirishlar loyihasidan chiqarib tashlandi.

1 avgust kuni xalq muhokamasi yakunlangach, Konstitutsiyaviy komissiya Qonunchilik palatasining mas’ul qo‘mitalari «vatandoshlardan tushgan takliflarni umumlashtirish va tahlil qilish, shuningdek, qonun loyihasini yakunlash bo‘yicha ishlarni davom ettirishini ma’lum qildi».

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yilning oktabr oyi boshida Konstitutsiyani isloh qilishga shoshilishning hojati yo‘qligini aytgandi. 24 noyabr kuni Qonunchilik palatasi tuzatishlarni qayta ko‘rib chiqishga yuborish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

20 dekabr kuni O‘zbekiston prezidenti Konstitutsiya kuni munosabati bilan yo‘llagan tabrigida unga kiritilayotgan o‘zgartishlarga to‘xtalgandi. Bu islohotlarni «Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining mazmuni va mantig‘i, xalqimiz bildirayotgan talab, istak va takliflar, shiddat bilan o‘zgarayotgan davrning o‘zi taqozo etmoqda», — degandi u.

Referendum to‘g‘risidagi qonunga ko‘ra, u Oliy Majlis palatalari tomonidan referendumni o‘tkazilgan sanasi e’lon qilinganidan keyin kamida bir yarim oy davomida o‘tkazilishi mumkin. Ushbu sana hozircha e’lon qilinmadi.