26 oktabr, chorshanba kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkentning Uchtepa tumaniga tashrif buyurdi. U tumandagi bir necha obyektlarda bo‘lishi kutilgan edi, biroq tashrif 22-son oilaviy poliklinikada yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirish bilan cheklandi.

Bu kabi tashriflar haqida odatda oldindan e’lon qilinmaydi. Ammo aholi tashrif kutilayotganini tezlashtirilgan va keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari orqali taxmin qilishi mumkin.

Rejalashtirilgan tashrif arafasida Uchtepa tumanida bir necha kun davomida ko‘cha va hovlilarda yuzlab ishchilar va o‘nlab texnika vositalari ishladi. Noqulay ob-havo sharoitiga qaramay (ayrim kunlari yomg‘ir yog‘di), yo‘llar shoshilinch ravishda asfaltlandi, bordyurlar almashtirildi, gullar va chim o‘tqazildi, binolarning yo‘lga qaragan tomoni yangitdan bo‘yab chiqildi.

24 oktabr kuni «Gazeta.uz» muxbiri Shuhrat Latipov Uchtepa tumanida bo‘lib, hudud qanday qilib yaxshi tarafga o‘zgarganini kuzatdi.

Tashrifga tayyorgarlik

Dushanba kuni kuchli yomg‘ir Toshkentda yo‘llardagi o‘nqir-cho‘nqirlar, ko‘chalar va piyodalar yo‘lakchalarini tezda suvga to‘ldirdi. Taxminan shu vaqtda Uchtepa tumani hokimligidan uncha uzoqda bo‘lmagan Farhod, Jurjoniy va Yusuf Sakkokiy ko‘chalari kesishmasida butun shaharda qilinayotgandek — beton hamda qora va qizil rangli granit bo‘lakchalari ko‘rinishida ishlangan bruschatkadan qurilgan yap-yangi piyodalar yo‘lakchasi paydo bo‘ldi.

Trotuarlarning ayrim qismlari hali tayyor bo‘lmaganligi bois, piyodalar loy joylardan yoki qatnov qismidan yurishga majbur bo‘lishdi.

Yo‘l o‘rtasida Grand Road Tashkent kompaniyasining yomg‘irpo‘sh kiyib olgan bir necha guruh ishchilari yo‘lni ajratuvchi beton to‘siqni toraytirib, undagi eski bruschatkani yangi qizil ranglisiga almashtiryapti. Yo‘l yoqasidagi bordyurlarning surilishi natijasida yo‘lning o‘zi ham biroz kengaygan.

Tovuq grili sotiladigan do‘kon xodimasining so‘zlariga ko‘ra, trotuarni yangilash ishlari 3−4 kun avval boshlangan.

Foziltepa va Katta Xirmontepa ko‘chalarining ham bir qismida yaqinda ekilgan gullarni ko‘rish mumkin. Ishchilardan biri sharros yomg‘ir quyayotgan vaqtda baland beton bordyurni kulrang tusga bo‘yab chiqayotgan edi.

Turar joy binolarining yangilangan fasadlari ham ko‘zga tashlanadi. 28-uy oldidagi eski o‘simlik va gullardan tozalangan gulzorga yangi gullar o‘tqazilgan. Ba’zilari yerga sochib tashlangan.

Uydan aravachada yosh bolasi bilan chiqqan ayol «Gazeta.uz» muxbiri bilan suhbatda gullarni ekishda undan yordam so‘rashganini ma’lum qildi.

Ayol bilan muloqot chog‘ida qo‘lida gul ko‘targancha uyboshi («domkom») kelib qoldi. U gullar prezident tashrifi arafasidagi tayyorgarlik doirasida ekilayotganini tasdiqladi. Uning aytishicha, gullarni bir muddat avval rayhonlarni ekib chiqishga ko‘maklashgan prokuratura xodimlari ulashgan.

Bolali ayol kichik gullarni eka olishini, ammo kattalarini eplay olmasligini aytdi. Bunga javoban uyboshi undan pod’ezdda ijarada turganlar bo‘lsa, ulardan shu o‘simliklarni ekishda yordam so‘rab ko‘rsa bo‘larmikin, deb qiziqdi.

Chilonzor massivining 21- va 22-mavzelarini ajratib turuvchi hamda Foziltepa va Katta Xirmontepa ko‘chalari oralig‘ida joylashgan Nayman ko‘chasida ko‘plab ishchilar va texnikani ko‘rish mumkin edi. Uni salkam to‘rt kun (1, 2 va 3) — 21 oktabrdan 24 oktabrgacha avtotransportlar harakati uchun yopib qo‘yishgandi.

Ko‘cha ikki tomondan mashinalar vositasida, xususan, ichki ishlar organlari avtomobillari bilan to‘sib qo‘yilgan. Bu yerda yangi asfalt yotqizilgan, gullar ekilmoqda, yangi chim bo‘laklar qo‘yib chiqilmoqda, sug‘orish tizimi o‘rnatilgan, bolalar maydonchalarining eskilari ta’mirlanib, yangilari qurilgan.

Uylardan birining yon tomonida qaysidir ma’noda Yangihayot tumanidagi «Do‘stlik ramzi» muralini yodga soluvchi devoriy surat solinmoqda.

Kommunal xizmat xodimi birinchi qavatdagi derazalarni oq rangga bo‘yab chiqmoqda. Ishchilarning boshqa bir guruhi esa asfaltni suvning kuchli bosimi bilan loydan tozalamoqda.

22-mavzedagi bir qator uylar fasadlarining bo‘yoqlari yangilangan, ammo bu ishlar shoshilinchda amalga oshirilgani sezilib turibdi. Devor bilan birga soyabon (koziryok)lar, deraza romlarining bir qismi va oynalar ham bo‘yalib ketgan.

Shu mavzeda yashovchi va ikki nevarasi bilan aylanib yurgan bir ayol o‘zgarishlarni ijobiy baholadi, biroq qilingan ishlarning kamchiliklari va «betartib, aniq bir tizimsiz» amalga oshirilganini ko‘rsatib o‘tdi.

«Mana, bordyurlarni yaqindagina o‘rnatishgan edi. Lekin keyin yana kelishdi. Eskisini buzishyapti, yangisini boshlashyapti, ya’ni qilinayotgan ishlar boshidan oxirigacha o‘ylanmagan. Ishlar xuddi tugagandek, ammo keyinroq birdan quvurlar o‘tkazishni boshlab yuborishadimiyey, avval qilingan ishlarning barini buzishadi, yana beton kavlash boshlanadi. Umuman olganda esa, qilinayotgan ishlarning bari chiroyli, albatta», — dedi u. Uning nevarasi ham qo‘shimcha qilib, atrofda hamma narsa chiroyli bo‘lib ketganini, unga bu yoqayotganini aytdi.

Ayol piyoda yo‘laklari, avtoturargoh va bolalar maydonchasi qurilishi haqida fikr bildirdi. «Ha, yana odamlarning chiroyli gulzorlari, ayvonlarini buzib tashlab, shunchaki tuproq bilan ko‘mib qo‘yishdi, ya’ni umumiy bir manzara hosil qilishyapti», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hokimiyat aholi bilan maslahatlashmagan, ularning istak va xohishlarini so‘ramagan.

Lutfiy xiyobonida ham chim almashtirayotgan, gullar ekayotgan va o‘rindiqlarni bo‘yayotgan ishchilarning katta guruhini ko‘rish mumkin. Yashil hududdagi daraxtlarning poyasi turli — oq, pushti, yashil va binafsha ranglarga bo‘yab chiqilgan. Yangi o‘rindiqlar ham olib kelingan.

Agar Lutfiy ko‘chasi bo‘ylab biroz yuqoriroqqa, Shirin ko‘chasi tomon harakatlanilsa, chim va gullar yo‘qligini sezish mumkin.

Lutfiy ko‘chasi bo‘yidagi Chilonzor massivi 13-mavzeda joylashgan 7-uy. Foto: Tatyana Klyuyeva.

«Uchtepaliklar» Telegram-guruhida aholi tomonidan qoldirilgan xabarlarga ko‘ra, Lutfiy, Shirin ko‘chasidagi binolarning fasadlarini bo‘yash ishlari yarim tunda ham davom ettirilgan. Shuningdek, yo‘llardagi chiziqlar yangilangan, ko‘cha yoritgichlari sozlangan, daraxtlar oqlangan, gullar o‘tqazilgan. Aholining qayd etishicha, 22-mavze «markaz»dek bo‘lib qolgan, biroq ular mahalliy ma’muriyat bu yerdagi o‘zgarishlarni prezidentga «butun tuman mana shunday obod qilingan», deya tortiq qilishi mumkinligidan xavotir bildirgan.

O‘zgarishlar «Bog‘ishamol» parki oldidagi Foziltepa ko‘chasidagi 1,2 gektar yerda (shu yer uchun boshqa kompaniya bilan nizolashgan) Safia qandolat fabrikasi qurilgan hududni ham qisman qamrab olgan.

Bu yerda ham gullar o‘tqazilgan, yo‘l chiziqlari yangilangan, bolalar maydonchalari ta’mirlangan. Chilonzor massivining 15-mavzesidagi 16-uyda — fabrikaga qarama-qarshi tarafda yashovchi fuqaroning aytishicha, bir hafta avval ularning uyi fasadi oqlangan, shuningdek, pod’ezdlar oldiga o‘rindiqlar qo‘yib chiqilgan.

Bu yerda ham prezident tashrifiga tayyorgarlik ko‘rilgan. Ishchilar yangi ochilgan Safia qahvaxonasi oldida bruschatkani loydan tozalayapti, shuningdek, eshiklarni yuvyapti. Ayni vaqtda sal o‘ngroqda buzilib yotgan bruschatkani ko‘rish mumkin. Katta ehtimol, uni ham yangilash ko‘zda tutilgan. Qayd etish joiz, shu joyda trotuar zavodga kirish yo‘li sabab uzilib qolgan. Trotuar bo‘ylab kelayotgan piyoda oldinga o‘tish uchun yo yo‘lning qatnov qismiga chiqishi kerak, yoki obyekt atrofidagi to‘siqqa urilib, suv va loy to‘planib qolgan kichkina beton yo‘lkadan o‘tishi lozim.

Farhod ko‘chasida (Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev tomonidan ta’sis etilgan J-United Group`ga aloqador bo‘lgan) Mimar Group va Grand Road Tashkent kompaniyalarining nomi yozilgan o‘nlab texnikalar harakatlanib yuribdi.

«Vatanparvar» mahallasining «Vatanparvar-Dilkusho» uy-joy egalari shirkati rahbari Tatyana Klyuyevaning aytishicha, markaziy hisoblangan Lutfiy ko‘chasi bo‘yidagi barcha uylarning fasadi yangilangan. Uning so‘zlariga ko‘ra, u massivning 24-mavzesida joylashgan 55-uyning bo‘yalishi uchun 15 yildan beri kurashib kelardi — bu ish davlat rahbarining bo‘lajak tashrifi haqidagi xabarlar paydo bo‘lgach, shu yakshanbaga o‘tar kechasiyoq amalga oshirilgan.

U Lutfiy ko‘chasining «Moskva» kafesidan «Vatan» kinoteatrigacha bo‘lgan qismi 22 oktabrda qanday holatda bo‘lganini aks ettiruvchi suratlar bilan bo‘lishdi. Uning aytishicha, ishchilar yo‘l bo‘yidagi bino fasadini bir kechada to‘liq yangitdan bo‘yab bo‘lgan, shuningdek, asfalt ustiga tuproq tashlab, unga gullar tiqib chiqqan, ayrim eski kafe va binolarning atrofini esa «ko‘rinishni buzmasligi uchun» oq brezent bilan o‘rab tashlagan.

Uchtepa tumani hokimligi axborotlaridan kelib chiqib xulosa qilinsa, asosiy ko‘chalarni asfaltlash ishlariga 17 oktabrdan faol kirishilgan. Shundan beri tuman ma’muriyati Katta Xirmontepa, Farhod va boshqa asosiy ko‘chalarning yopilishi va ularda yo‘l ishlari olib borilishi haqida 7 marta xabar bergan. Taqqoslash uchun, sentabrda Farhod ko‘chasining bir qismi ta’mirlanishi haqida faqat bitta xabar berilgan, bundan avvalgi yo‘l ta’miriga oid axborot esa may oyiga taalluqli.

«Gazeta.uz» tuman hokimligi matbuot xizmatiga savollarni yo‘lladi, biroq hozircha javoblar olgani yo‘q. Ayni vaqtda, tuman ma’muriyati Facebook`dagi sahifasida aholining «prezident tashrifi arafasidagi ko‘zbo‘yamachiliklar» haqidagi kommentlariga javob qaytargan.

Xususan, biz yuqorida yozgan Nayman ko‘chasining obodonlashtirilishi haqidagi reportaj ostida foydalanuvchilarning bir qismi bu ishlar tashrif arafasida qilinayotganini qayd etib o‘tgan. Bunga javoban hokimlik «shukr qilishni o‘rganish» zarurligini uqtirib, «bizda deyarli har bir xonadonda isitish tizimi bir maromda ishlab» turgan bir vaqtda «isitish tizimi umuman izmidan chiqqan» Yevropa mamlakatlarinini misol qilib keltirgan. Tuman ma’muriyati «eng muhimi, osmonimiz musaffo ekanligiga shukrona keltirish»ga chaqirgan.

Deputat — tashrifga tayyorgarlik haqida

Xalq deputatlari Uchtepa tuman kengashi deputati, jamoatchilik nazorati uchun ochilgan bir qator Telegram guruhlar asoschisi va ma’muri Nuriddin Zayniddinov «Gazeta.uz»ga bergan intervyusida ta’kidlashicha, Toshkentda prezident tashrifiga tashqi (vizual) tayyorgarlik tashrifdan 10−15 kun avval boshlanadi, aslida esa infratuzilmalar va investitsiya loyihalarini tayyorlashga bir necha oy yoki yil avval kirishiladi.

«Biz buni amaliyotda ko‘rganmiz. Bu holat tashqi tomondan aholiga seziladi. Avvalambor, davlat rahbari o‘tishi mumkin bo‘lgan yo‘llar mahalliy ma’murlar tomonidan ortiqcha deb topilgan reklama qurilmalari, yengil konstruksiyalar, inshootlardan tozalanadi. Shundan so‘ng yo‘llar tartibga keltiriladi, zarurat bo‘lsa yangitdan asfalt yotqiziladi. Bino va uylarning fasad tomonlari bo‘yab chiqiladi yoki qisman banner bilan to‘sib qo‘yiladi. Yo‘llarning ikki chetiga gul va daraxtlar ekib chiqiladi. Albatta, biz ko‘plab shunday hodisalarga guvohi bo‘lganmiz», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Uchtepa tumanidagi ishlarga shahar va tuman ma’muriyati, Obodonlashtirish boshqarmasi va boshqa tashkilotlarga tegishli texnika va xodimlar jalb etilgan, yirik gabaritli texnikalar esa Mimar Group, Grand Road Tashkent va shu kabi boshqa xususiy kompaniyalarga tegishli.

«O‘ylashimcha, asosiy hisoblangan va davlat rahbari harakatlanishi mumkin bo‘lgan yo‘llar ta’mirlanmoqda. Mahalliy amaldorlar top-toza ko‘chalarni, ularning nazarida obodonlashtirilgan ko‘chalarni ko‘rsatgilari yoki ayrim bir tavsiyalarga muvofiq tarzda harakat qilgilari kelayotgandir, ehtimol», — deb hisoblaydi deputat.

Deputatning ta’kidlashicha, bu ishlarni bajarishda jamoatchilik va aholi fikri inobatga olinmagan, buni ijtimoiy tarmoqlarda qoldirilayotgan fikr va izohlardan ham bilish mumkin. «Shuningdek, jamoatchilik va aholi o‘rganishi yoki muhokama qilishi uchun biror bir rasmiy axborot yoki hujjat e’lon qilingani ham yo‘q», — dedi u.

Nuriddin Zayniddinov prezident tashrifiga tayyorgarlik bilan bog‘liq xarajatlar va ularning moliyalashtirish manbalari haqidagi savolga javob berarkan, bu deputatlar bilan kelishiladigan «ochiq axborot emas»ligini aytib, u bu savolga javob berish uchun vakolatli emasligini bildirdi.

«Bu masalalar mahalliy kengashda muhokama qilinmagan. Bir narsa deyish qiyin. Bu savollarga javoblarni tegishli tashkilotlardan so‘ragan ma’qul», — dedi u.

Prezident bir necha bor «ko‘zbo‘yamachilik»ni to‘xtatishni talab qilgan, biroq bu amaliyot hanuz davom etmoqda

Shavkat Mirziyoyev Toshkentning Yashnobod tumanida tashkil etilgan Uch avlod bog‘ida. 2022 yil, may.

Prezidentning Toshkent shahri yoki O‘zbekiston viloyatiga deyarli har qanday tashrifidan oldin shunday keng ko‘lamli tayyorgarlik ko‘riladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyevning o‘zi ham gapirgan. Xususan, 2018 yilning aprelida u hududlardagi asl vaziyatdan juda yaxshi xabardorligini ma’lum qilgandi.

«Albatta, meni hech kim ko‘rmasligi uchun ko‘rinmas odamdek kelib-ketolmayman. Bir, bir-ikki kun avval qaysidir bir viloyat, qaysidir bir tumanga borishimni aytaman. Men eng „og‘ir“ tumanlarni tanlayman, har holda shunga harakat qilaman… Qaysi devorning orqasida nima borligini, O‘zbekistonda qaysi ko‘cha supirilganu, qaysi daraxt yiqilib yotganini men juda yaxshi bilaman. Men yuradigan yo‘ldagi narsalarni bo‘yab qo‘yganlaring bilan odamlar rahmat demaydi… Bizning do‘stlarimiz ham ko‘p, dushmanlarimiz ham juda ko‘p. Sizlar mana shu ishlaring bilan dushmanlarning tegirmoniga suv quyyapsizlar. Shuni bilinglar, butun viloyatlarning rahbari ham, tumanlarning rahbarlari ham», — degandi u.

Prezidentning 2021 yil avgustida bir necha ogohlantirishlariga qaramay, joylarda uning tashrifi arafasida ko‘cha va maydonlarni tozalash, bir kechada binolar oldida «maysazor» va «gulzor»lar paydo qilish, umuman, «haqiqiy holatni bo‘yab ko‘rsatishdek xo‘jako‘rsin ishlar» davom etayotganini tan olgandi.

«Ko‘zbo‘yamachilik, odamlarni qiynash, soxta va balandparvoz gaplarga o‘chlik yillar davomida ba’zi rahbarlarning qon-qoniga shu qadar singib ketgan ekanki, ulardan qutulish qiyin bo‘lyapti», — degandi prezident. Uning so‘zlariga ko‘ra, «bu kabi illatlarga butunlay chek qo‘yishimiz kerak».

Davlat rahbari mahalliy hokimiyat idoralarining ishi prezident kelib ketishi bilan tugamasdan, aksincha, tashrifdan keyin yangitdan boshlanishi, hatto oldingidan ham ko‘payishi lozimligini aytib o‘tgan edi.

«Gazeta.uz» avvalroq prezident ishtirokidagi tadbirlarda so‘zga chiquvchilar oldindan tayyorlab qo‘yilgan taklif va savollar berilgani holda saralab olinishi haqida yozgandi. Shavkat Mirziyoyevning o‘zi esa bunday holatlar haqida xabardor ekanligini ta’kidlagandi.