O‘zbekistonda matnlarni o‘qib beradigan o‘zbek nutq sintezatori yaratilmoqda. Dasturga «Muxlisa» deb nom berish rejalashtirilgan. Bu haqda 21 oktabr kuni o‘tkazilgan Senat Kengashi majlisida ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Shaharsozlikda nogironligi bo‘lgan shaxslarning ehtiyojlarini ta’minlash hamda barcha ijtimoiy infratuzilma obyektlaridan moneliksiz foydalanishi uchun moslashtirishga qaratilgan yig‘ilishda qatnashgan Ko‘zi ojizlar jamiyati boshqaruv raisi Ergash Norpo‘latov ko‘zi ojizlar uchun o‘zbek nutq sintezatori yaratish taklifini ilgari surdi.

Foto: Senat matbuot xizmati.

«Ko‘zi ojizlik nogironlikning eng yuqori formasi [hisoblanadi]. Qo‘limiz va oyog‘imiz butun bo‘lishi mumkin. Lekin ko‘zimiz ojizligi tufayli bir qadam oldinga tashlolmaymiz yoki stolda turgan biror narsaga qo‘l uzata olmaymiz. Shuning uchun bizga o‘zbek tilidagi ovoz sintezatori hozir juda zarur bo‘lyapti», — dedi u.

Uning qayd etishicha, bunday sintezatorni yaratish prezidentning 2017 yil 1 dekbarda qabul qilingan farmoni bilan tasdiqlangan davlat dasturida ham ko‘rsatilgan. Bu borada ishlar amalga oshirilgan.

«Yanglishmasam, unga bir milliard so‘mga yaqin mablag‘ sarflangan. Lekin sintezator mukammal yaratilmagan. Hozir hamma ishlatadigan telefon rus yoki ingliz tilida gapiradi. Lekin o‘zbek tilida gapirmaydi. Biz o‘zbek sintezatorini yaratsak, ko‘zi ojizlar axborot olish imkoniyatiga ega bo‘ladi, ularning harakatlanishidagi cheklovlar ham ancha bartaraf etiladi», — deya qo‘shimcha qildi jamiyat raisi.

Ergash Norpo‘latov misol tariqasida Rossiya tajribasini gapirar ekan, u yerdagi ko‘zi ojizlar GPS tizimi orqali bemalol o‘zi harakatlanishi, to‘siq yoki chuqurlik oldiga kelganida, bu haqda dastur tomonidan ogohlantirilishini ta’kidladi.

«O‘zbekcha ovoz sintezatorini yaratishga mlrd so‘m kerak emas. Yaqinda jamiyat bu bo‘yicha hisob-kitob qildi. Agar Rossiya bilan hamkorlikda ishlasak, 250 mln so‘mga yaqin mablag‘ ketarkan. Bu dastur amalga oshsa, ko‘zi ojizlar harakatidagi ko‘p cheklovlar hal bo‘lardi», — dedi u.

Mazkur taklif bo‘yicha axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov javob berarkan, bu borada amaliy ishlar boshlanganini ma’lum qildi.

«Ergash Jo‘rayevich juda muhim masalani gapirdi. Internetda ovozli yordam beradigan dasturlar juda ko‘p. Bu narsalar ancha oldin boshlangan. Lekin ularning ko‘pi rus yoki ingliz tilida. O‘zbek tilidagi variantlari ham qilingan. Ammo sifatsiz, aksent bilan gapiradigani chiqqan», — dedi vazir.


Foto: Senat matbuot xizmati.

Uning aytishicha, loyiha prototi 24−27 oktabr kunlari Samarqandda o‘tkaziladigan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi doirasidagi ko‘rgazmada namoyish etiladi.

«Ko‘pchilik yaxshi biladi, rus tilida „Alisa“ deb nomlangan tarjimon dastur mavjud. Biz o‘zbekcha variantini „Muxlisa“ nomi bilan atashni rejalashtirganmiz. Bu yerda ikkita masala bor. Birinchisi, mavjud matnni ovozli tarzda o‘qib berish, ikkinchisi esa ovozni matnga aylantirish», — dedi Sherzod Shermatov.

Ta’kidlanishicha, prototip allaqachon ishlab chiqilgan. «Ammo tegishli dasturlarga moslashtirish uchun baribir ozgina vaqt ketadi. Bular [Ko‘zi ojizlar jamiyati] bilan birgalikda ishlaymiz. Birinchi navbatda qaysi dasturlarga aynan o‘zbek tilida ovozni chiqarib berish kerak bo‘lsa, hamkorlikda yordam beramiz», — dedi Sherzod Shermatov.