Senat raisi Tanzila Narbayeva fuqarolar tomonidan ko‘tarilayotgan muammolar faqatgina ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama etilgach, mas’ul organ va tashkilotlar harakatga tushayotganini tanqid qildi. U mazkur masalaga Senatning 32-yalpi majlisi davomida to‘xtalib o‘tdi.

Tanzila Narbayeva dastlab daraxtlarni kesishga muddatsiz davrga moratoriy e’lon qilingan bo‘lsada, ayrim shaxslarni daraxtlarni yo‘q qilishini to‘xtatib bo‘lmayotganini aytdi.

«Daraxtlarni kesish, sun’iy tarzda quritish (1, 2) holatlari [ko‘paygan]. Aytganimizdek, bino qurmoqchi bo‘lganlar tenderda yutib olib, birorta bino quraman deydida daraxtlarni sug‘ormasdan, uning qurishiga kuzatuvchi bo‘lib qarab turib, daraxtlarni qurib qolishga olib kelyapti», — dedi u.

Shuningdek, senatorlar maktab darsliklarining narxi va ularning mazmuni borasida odamlardan kelib tushayotgan murojaatlarni xalq vakillari sifatida o‘rganishlari kerakligini qayd etdi.

«Ikkinchi muammoni ko‘tarishyapti — yangi o‘quv yili boshidan maktab darsliklari muammosi bilan boshlanib, endilikda darsliklarning mazmuni, ularni o‘quvchilarning yoshiga aqliy, psixologik, fiziologik imkoniyatlariga mos ravishda tayyorlanishi bilan bog‘liq muammolarni ko‘tarishyapti. Bugun ham shuni gapirishyapti. Biz avval ham — 2019 yilda ushbu masalada parlament so‘rovi doirasida o‘rganishlar o‘tkazgandik, hukumatga parlament so‘rovini yuborganmiz. Ushbu masala shu paytgacha baribir hal bo‘lgani yo‘q. Senatning fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash qo‘mitasi hukumatning tegishli komplekslari bilan birgalikda darsliklar masalasiga qaytib, o‘qituvchilar, ota-onalar, ekspert-olimlar hamda keng jamoatchilikning takliflari asosida darsliklarni tayyorlash, nashr etishning shaffof tizimini ishlab chiqish kerak bo‘ladi», — deb qayd etdi Senat raisi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozir bu bo‘yicha Adminstratsiyada ham ishlar ketayotganligi e’lon qilingan, lekin bunga xalq vakillari ham kirishib, birgalikda o‘rganishlar olib borishi zarur.

«Uchinchi masala — Toshkentga oliy o‘quv yurtiga qabul qilingan talabalarni turar-joy bilan ta’minlash masalasi yakuniga yetkazilmas ekan, bu muammo har yili ko‘tarilaveradi. Mavjud yotoqxonalar, lekin u paytda qancha edi yotoqxonalar? Hozir qanchadan-qancha ko‘p OTMlar tashkil qilinyapti, talabalar soni ham ortib bormoqda. Demak, ehtiyoj ham ko‘payyapti», — dedi u.

Qolaversa, Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev Tashkent Index savdo-ishlab chiqarish majmuasida talabalar uchun 10 ming o‘rinli turar-joy tashkil etish taklifini bildirgandi. Senat raisi buning ortidan boshqa muammolar yuzaga kelishi mumkinligini qayd etdi.

«Lekin shuncha talaba bir hududga joylashtirilsa, uning ortidan qanchadan-qancha muammolar kelib chiqadi, ham xavfli. Boshqa ijtimoiy muammolar — sanitariya gigiyena qoidalarini ta’minlash kerak bo‘ladi, poliknilikalarga tushadigan qo‘shimcha yuklamalar paydo bo‘ladi, yo‘llarda tirbandliklar yuzaga keladi», — dedi Tanzila Narbayeva.

Bundan tashqari, yuqori palata yetakchisi odamlar ko‘tarayotgan muammolar birgina davlat rahbariga tashlab qo‘yilgani, uning o‘zi yechim topishga majbur bo‘layotgani uchun hukumatni tanqid qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi o‘quv yili boshlanishi bilan tirbandliklar muammolar ko‘tarila boshladi.

«Mana shu masalalar hammamizni, ayniqsa, hukumat vakillarini o‘ylantirishi kerak. Odamlarimiz bugun mana shu masalalarni hal qilsanglar bo‘lmaydimi, degan chaqiriq bilan bizga murojaat qilyapti. Bu yerda o‘tirgan hukumat a’zolari chiroyli-chiroyli rejalar qilgansizlar, mablag‘lar ajratilyapti. Lekin odamlarning mana bunaqangi murojaatlari kamaymas ekan, odam bu ishlar qilinyaptimi yoki yo‘qmi degan savolga o‘ylanib qoladi. Qachon odamlar dod-voy qilib, ijtimoiy tarmoqqa chiqadi, shundan keyin boshlanadi. Hammasini davlat rahbariga tashlab qo‘ydik, tashlab qo‘yish kerak emas. Hammasiga o‘zlari munosabat bildirib, o‘zlari yechim topib beryaptilar. Qolganlar nima qilib o‘tiribdi unda?», — dedi Senat raisi.

Tanzila Narbayeva so‘zi yakunida mazkur masala yuzasidan hamma ko‘zini ochib olishi kerakligini ta’kidladi.