24 iyul kuni Toshkent shahrida PPX inspektori Botir Soliyev voyaga yetmagan (taxminan 14−15 yoshlar atrofidagi) bolaga nisbatan qo‘pol tarzda muomala qilgani aks etgan videolar tarqaldi. Troll.uz Telegram-kanalida e’lon qilingan mazkur videoga IIV o‘zining dastlabki munosabatini bildirdi.

Videodan inspektor va bola o‘rtasidagi muloqot nimadan boshlanganini anglash qiyin. IIO xodimi qo‘l ostidagi xodimga bola bilan suhbati avvalida voyaga yetmaganlar bilan ishlovchi xodimni chaqirishni buyuradi. U bo‘lsa «ratsiya» orqali xodimlarni voqea joyiga jalb qiladi.

Shu vaqtda bolakay quyidagicha javob qaytaradi: «To‘xtab turing, Ichki ishlar organlari to‘g‘risidagi qonunga asosan sizlar xizmat faoliyatinglarni ommaviy axborot vositalari bilan qilishinglar kerak».

PPX inspektori esa «meni ruxsatim bilan» deya bolaga do‘q-po‘pisa qilishga uringan. Uning so‘zini bo‘lmoqchi bo‘lganida bolaga qarata 2 marotaba «men senga so‘rayotgan narsangni javobini beraman» deya gapirgan. «Sekinroq. Voyaga yetmagan bolasan. Sal sekinroq muomala qilaver. Sen videoga olayotgan, men senga aytayapman — chiroyli qilib ol meni. Meni ismim Botir, familiyam Xasanov. Bu sen olayotgan video menga nisbatan prokuratura yoki mendan yuqori turuvchi organlarga taqdim qilish uchun olinadi», — dedi u.

Suhbat davomida xalq xizmatidagi xodim video internetga tarqalib ketsa, bolaning ota-onasini sudga berish bilan qo‘rqitgan.

«Agar bu narsa internet, saytlarga qo‘yib yuboradigan bo‘lsang, men shu videoga olayotgan bolani, sen voyaga yetmagansan, shuning uchun senga mas’ul bo‘lgan ota-onangni sudga beraman. Sabab meni internet tarmoqlariga qo‘yvorganing uchun. Men O‘zbekiston respublikasining ichki ishlar xodimiman, O‘zbekiston respublikasi fuqarosiman. Konstitutsiyaviy huquqlarim bor. Tushuntira oldimmi?», — dedi Botir Xasanov.

Shu payt bola uning gapini bo‘lib, uning ham Konstitutsiyaviy huquqlari borligini eslatib o‘tgan va xodimdan Asosiy qonunning 29-moddasida nima yozilganini so‘ragan.

Ma’lumot o‘rnida, Konstitutsiyaning 29-moddasida — «Har kim fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqiga ega. Har kim o‘zi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqiga ega, amaldagi konstitutsiyaviy tuzumga qarshi qaratilgan axborot va qonun bilan belgilangan boshqa cheklashlar bundan mustasnodir. Fikr yuritish va uni ifodalash erkinligi faqat davlat siri va boshqa sirlarga taalluqli bo‘lgan taqdirdagina qonun bilan cheklanishi mumkin», deya qayd etilgan.

Xodim esa voyaga yetmagan bolaning gapini bo‘lish uchun ovozini yanada balandlatib gapirishga o‘tgan. «Moddangni oxirida aytasan. Men gapirayotgan gapimni gapirib olay. Avvalo, meni gapimni bo‘lishing madaniyatga to‘g‘ri kelmaydi. Madaniyatga to‘g‘ri kelmaydi», — dedi u yosh bolaga qo‘rs muomala qilib.

Uning fikricha, bolaning bu xatti-harakati o‘zbek mentalitetiga to‘g‘ri kelmaydi. «O‘zbek xalqida katta gapirganda kichkina jim turadi. Katta gapirib bo‘lganidan keyin meni izmim bilan sen gapirish huquqiga egasan», — dedi u. U yana bir marta bolani oila a’zolariga qo‘shib, sudga berishini ta’kidlagan.

Bolakay esa tilga kirib, xodimning ism familiyasi oshkor etilmasligi, shunchaki o‘zi bilan urushgani chiqishini aytgan.

Shundan so‘ng ikki shaxs o‘rtasidagi muloqot quyidagi xronologiyada davom etgan.

Inspektor: Tushunmadim. Meni yuzimni internetga qo‘yishga senlarni haqqing yo‘q.

Bola: Bor.

Inspektor: Nimaaa?

Bola: Bor haqqim.

Inspektor: Nimaaaaaa?

Bola: Konstitutsiyaning 29-moddasida nima yozilgan?

Inspektor: Olib kel, Konstitutsiyani olib kel… Hozir birga boramiz.

Videodan lavha.

Shundan so‘ng, ichki ishlar xodimi guvohnomasini bolaga ko‘rsatib, o‘zini kimligini tanishtirganini yana bir marta aytdi: «Men senga aytayapman, bu narsa (video — tahr.) internetga chiqib ketsa, men sen bilan sudlashaman. Sen bilan emas, ya’ni, ota-onang bilan».

U shunindek, tasvirga olayotgan shaxsga ham qarata gapirgan: «Bo‘ldimi? Olib bo‘ldingmi, xursandmisan? Bo‘ldi. Oshga bergin». Shundan so‘ng, u yana voyaga yetmagan bolaga nimadirni tushuntirishga uringan. Shu vaqt yon-atrofga qarab, o‘z xodimlarini qidirgan va suratga olayotgan shaxsni uning ustidan kulayotganlikda ayblab, qo‘pol qilib javob berishini ta’kidlagan. Shu joyda video tugaydi.

Mazkur holat yuzasidan IIV matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov dastlabki munosabatni e’lon qildi.

«Joriy yilning 24 iyul kuni Toshkent shahar Yashnobod tumani M.Ashrafiy ko‘chasida fuqaro bilan kasb etikasiga noloyiq muloqotda bo‘lgan Yashnobod tumani PPX inspektori B.Xasanovning harakatlari intizomiy tartibda o‘rganilib, huquqiy baho berilishini ma’lum qilamiz», — deyiladi xabarda.

«Ichki ishlar organlari xodimlari yodingizda tuting. Siz xalqning xizmatidasiz. Sizning har bir harakatingiz fuqarolarning ko‘z oldida bo‘lgani uchun odamlar sizning xizmatingizni tasvirga olishiga doim tayyor turing. Kameradan hech ham cho‘chimang, asabiylashmang. Har qanday vaziyatda xizmatingizni davom ettirishga shay bo‘ling», — deya Shohrux G‘iyosov xodimlarga murojaat qildi.

Video