Prezident Administratsiyasi rahbari lavozimidan ozod etildi

Zaynilobiddin Nizomiddinov prezident Administratsiyasi rahbari lavozimidan ozod etildi.

Dauletmurat Tajimuratov ayblanuvchi, Lolagul Qallixanova gumonlanuvchi sifatida jalb etildi

Bosh prokuratura Qoraqalpog‘istondagi voqealar yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoiy ish bo‘yicha 14 kishi hibsga olinganini ma’lum qildi. Advokat va jurnalist Dauletmurat Tajimuratovga ayblov e’lon qilindi, jurnalist Lolagul Qallixanova gumonlanuvchi sifatida jalb qilindi.

«Kichik deb qaralgan masala katta muammoga aylanadi» — Tanzila Narbayeva

Qoraqalpog‘istondagi fojeali voqealar barcha muammolar xalq bilan muloqotda, o‘z vaqtida hal etilishi zarurligini ko‘rsatdi, dedi Senat raisi Tanzila Narbayeva. U bunday holatlarning oldini olishda xalq vakillari mas’ul ekanini va ularning ishini qayta ko‘rib chiqish zarurligini ta’kidladi.

Qoraqalpog‘istonda uzoq masofadagi 34 ta mahallada tibbiyot punktlari tashkil etiladi

Prezident qaroriga ko‘ra, yil oxirigacha Qoraqalpog‘istonda uzoq masofadagi 34 mahallada tibbiyot punktlari tashkil etiladi. Respublikada 120 o‘rinli Bolalar tibbiy reabilitatsiya markazi quriladi, Nukusda og‘ir bemorlar uchun 20 o‘rinli palliativ yordam ko‘rsatadigan xospis tashkil etiladi.

Shavkat Mirziyoyev Sindzo Abe vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi

Shavkat Mirziyoyev Yaponiya imperatori Naruxito va bosh vaziri Fumio Kisidaga mamlakat sobiq bosh vaziri Sindzo Abe vafoti munosabati bilan hamdarlik bildirdi. Abega 8 iyul kuni Nara shahridagi chiqishi vaqtida suiqasd qilinib, keyinroq u shifoxonada vafot etdi.

Toshkentda hayit kuni masjidga yetib olish uchun maxsus avtobuslar tashkil etiladi, ayrim yo‘llar yopiladi

Shanba kuni poytaxtdagi 12 tumanda Qurbon hayiti namozi o‘qiladigan masjidlarga boruvchi maxsus avtobuslar harakatlanadi. Avtobuslar 03:00 dan 06:00 ga qadar tashkil etiladi. Shuningdek, soat 00:00dan soat 07:00ga qadar ayrim ko‘chalarda transport harakati to‘xtatiladi. Ro‘yxat.

SES Qurbon hayiti namozi vaqtida karantin qoidalariga rioya etilishini nazorat qiladi

SES Qurbon hayiti namozi o‘qiladigan masjidlarning sanitarik holatini va karantin qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish uchun mutaxassislar biriktirilishini ma’lum qildi. Masjidlar atrofida tashkil etiladigan oziq-ovqatlarning noqonuniy savdosi nazoratga olinadi.

Farg‘ona xalqaro aeroporti bojxona posti boshlig‘i qo‘lga olindi

U xorijdan olib kelingan tovarlarni noqonuniy tarzda bojxona nazoratidan o‘tkazish bilan shug‘ullanganlikda gumonlanmoqda.

Bayram kunlaridagi ob-havo haqida ma’lumot berildi

Qurbon hayiti kunlari yog‘ingarchilik kuzatilmaydi, harorat foni qulay bo‘ladi: 9 iyul kunduzi +30…+35 daraja, 10−12 iyulda +32…+37 daraja atrofida.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqola:

Agrar islohotlarni amalga oshirish yo‘lidagi tahdidlar

Umida Haqnazar, Yuliy Yusupov va Ilhom Azizov agrar islohotlar sohasidagi muammolarni tahlil qilishdi. Ekspertlar Konstitutsiyaning 55-moddasiga taklif etilgan qishloq xo‘jaligi yerlari va o‘rmon fondi davlatga tegishli bo‘lishi haqidagi o‘zgartirishdan voz kechish kerakligini ta’kidlamoqda.