Dushanba kuni O‘zbekistondagi xususiy AYOQSHlarda barcha markadagi benzin narxlari oshirilgani ma’lum bo‘ldi, deb xabar berdi “Gazeta.uz” muxbiri.

Jumladan, Toshkentdagi Mustang yoqilg‘i quyish shoxobchalarida benzin quyidagicha narxda sotilmoqda:

  • Ai-80 — 7500 so‘m;
  • Ai-92 — 10 000 so‘m;
  • Ai-95 — 11 000 so‘m.

Birjada 1 iyul holatiga Ai-80 narxi 8,78 ming so‘mni tashkil etib, 1 foizga o‘sish kuzatilgan.

Seshanba kuni “O‘zbekneftgaz” AJ o‘ziga qarashli AYOQSHlarda Ai-80 markali avtobenzinning chakana narxi o‘zgarmaganini ma’lum qildi:

  • Ai-80 — 6800 so‘m;
  • Ai-92 — 9700 so‘m;
  • Ai-95 — 10 700 so‘m.

Ta’kidlanishicha, Buxoro neftni qayta ishlash zavodi tomonidan 2022 yilning shu davriga qadar 749,7 ming tonna xomashyo qayta ishlandi. Jumladan, avtobenzin (109,5%), dizel yonilg‘isi (113,2%) bo‘yicha belgilangan prognoz ko‘rsatkichlari ijrosi to‘liq ta’minlandi.

Shuningdek, 72,7 ming tonna Yevro 4−5−6 ekologik toifadagi dizel yonilg‘isi hamda 179 tn miqdorida yuqori oktanli AI-98 rusumli avtomobil yonilg‘isi ishlab chiqarildi.

Eslatib o‘tamiz, may oyi oxirlariga kelib, dekabrdan beri ilk bor “O‘zbekneftgaz” kompaniyasiga qarashli yoqilg‘i quyish shoxobchalarida AI-80 benzini narxi 6500 so‘mdan 6800 so‘mgacha (4,3%) ko‘tarilgandi. O‘shanda kompaniya buni import qilinayotgan 30 foiz neft mahsulotlarining jahon bozorlaridagi narxi oshgani bilan izohlagandi.

May oyida esa boshlang‘ich narx o‘zgarmagan holda tonnasi 8,8 mln so‘mdan sotib olingan. Sotib olish narxi 1 mln so‘mga ko‘p yoki 13 foizga oshgan.

“O‘zbekneftgaz” birjada savdoga chiqarilayotgan avtobenzin iste’molchiga yetkazib berilgunga qadar “soliq, rentabellik, transport xarajatlari va boshqa xarajatlar” borligini ham inobatga olish lozimligini ta’kidladi.

Yanvar-aprel oylarida “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan 314,2 ming tonna ishlab chiqarilgan bo‘lib, birja savdolari orqali 305,3 ming tonna sotilgan. Ushbu davrda jamiyat tasarrufidagi neftni qayta ishlash zavodlarida jami 531,1 ming tonna xom ashyo qayta ishlangan bo‘lib, shundan 103,7 ming tonnasi import xom ashyolar ulushiga to‘g‘ri keladi 2021 yilning shu davriga nisbatan 32,8 ming tonna ko‘p.

“Hozirgi kunda jamiyat tomonidan respublika iste’molchilarini neft mahsulotlarga bo‘lgan talablarini qoplash uchun 30 foizdan kam bo‘lmagan miqdorlarda uglevodorod xom ashyolarini import qilinishi zarur bo‘lmoqda”, — deyiladi kompaniya xabarida. Avvalroq, “O‘zbekneftgaz” vakillari “Gazeta.uz"ga AI-80 benzini mahalliy xom ashyodan ishlab chiqarilishini ma’lum qilgandi.

Yil boshidan Yevropa davlatlarida sodir bo‘layotgan geosiyosiy voqealar fonida jahon neft bozorida 1 barrel Brent neftning o‘rtacha narxi 27,5 foizga — 87,2 dollardan may oyi boshida o‘rtacha 111,1 dollargacha o‘sdi.

Qo‘shni davlatlarda avtobenzin narxlari Turkmanistonda — 0,2%, Qozog‘istonda — 13,9%, Qirg‘izistonda — 17,7%, Rossiyada — 63,2% o‘sdi.