24 may kuni Toshkentda «Inson qadri» onlayn platformasi va «2022−2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi» to‘plami taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga Taraqqiyot strategiyasi markazi matbuot xizmati xabar berdi.

Unda nutq so‘zlagan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o‘rinbosari, Konstitutsiyaviy komissiya raisi Akmal Saidov Konstitutsiya islohoti nega zarur bo‘lib qolgani va butun dunyo davlatlarida konstitutsiyalar yangilanayotganini qayd etdi.

«Karl Marks va Fridrix Engelsning „Kommunistik partiya manifesti“ birinchi jumlasi „Yevropada kommunizm sharpasi kezib yuribdi“, degan so‘z bilan boshlangan. Men shuni sal boshqacharoq qilib, hozir butun dunyoda konstitutsiyaviy islohotlar sharpasi kezib yuribdi, demoqchiman», — deya Akmal Saidovning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Kun.uz.

Komissiya rahbari hozir biror davlatda «o‘zgartirish kiritilmagan konstitutsiya» qolmaganligini ta’kidladi.

Akmal Saidov. Foto: Taraqqiyot strategiyasi markazi.

«Oxirgi 25 yilda 100dan ortiq davlatda konstitutsiyaviy islohotlar bo‘lyapti. Faqatgina 21 asrda 57ta davlatda konstitutsiya qabul qilindi. Hozir biror davlatda o‘zgartirish kiritilmagan konstitutsiya qolmadi», — dedi u.

Taqdimot davomida quyi palata spikerining birinchi o‘rinbosari «NNT to‘g‘risida»gi kodeksni ishlab chiqish masalasiga ham to‘xtalib o‘tgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, islohotlarni fuqarolik jamiyati institutlari va jamoatchilik nazoratisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Shu sabab ham O‘zbekistonda «NNT to‘g‘risida»gi kodeksni ishlab chiqishga ehtiyoj bor.

Eslatib o‘tamiz, 20 may kuni parlament qarori bilan Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya tuzildi. Unga amaldagi Konstitutsiyani ishlab chiqishda qatnashgan, Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari Akmal Saidov raislik qiladi. Komissiya «jamiyat — islohotlar tashabbuskori» g‘oyasi asosida ish olib boradi.

Konstitutsiyaviy islohotlar jarayoni haqida O‘zLiDeP va «Milliy tiklanish» partiyalari ma’lum qilgandi. Asosiy qonunni isloh qilish zarurati haqida esa birinchi bo‘lib prezident o‘zining inauguratsiya nutqida aytib. bu mamlakat aholisidan kelib tushgan taklif ekanligini ta’kidlagandi. Konstitutsiyaning 29 yilligiga bag‘ishlangan nutqida esa davlat rahbari Bosh qomusga kiritilishi lozim bo‘lgan 9 ta yo‘nalishni belgilab bergandi. U o‘zgartirishlarni Konstitutsiyaning 30 yilligi arafasida — 2022 yil 8 dekabrga qadar kiritishni taklif qilgandi.

O‘tgan yilning dekabrida Akmal Saidov konstitutsiyaviy islohotlar zaruriyati haqidagi maqolani e’lon qilgandi. Ushbu islohot «yaxshi boshqaruvni „targ‘ib qilish uchun muhim vosita“ bo‘lib, „hukumat bg‘inlari o‘rtasida nazorat va muvozanat tizimini mustahkamlash, katta hisobdorlik, shaffoflik, ishtirok etish va bashorat qilishga“ hissa qo‘shishi mumkin»

«Gazeta.uz» shuningdek, kolumnist Komil Jalilovning hokimiyat tarmoqlari o‘rtasida o‘zaro tiyib turish va muvozanatni saqlashning demokratik tizimini barpo etish, shu orqali jamiyat va davlatni korrupsiyadan xalos etish uchun poydevor yaratish maqsadida Asosiy qonunga qanday o‘zgartirishlar kiritish zarurligi haqidagi kolonkasini chop etgandi.