O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi ehtiyot chorasi sifatida Kinder brendi ostidagi shokolad mahsulotlari xavfsizligi ustidan nazoratni kuchaytirdi, deb xabar qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

Bundan tashqari, davlatga kirib kelayotgan va savdoga chiqarilayotgan barcha shirinliklarning xavfsizligi ham nazoratdan o‘tkazilmoqda.

Avval xabar berganimizdek, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 11 mamlakatda 151 ta salmonellyoz holati bakteriya bilan zararlangan Belgiya shokoladini iste’mol qilish natijasida yuzaga kelganini aniqlagan edi. Birinchi holatlar 27 mart kuni qayd etilgan.

Xalqaro oziq-ovqat xavfsizligi idoralari tarmog‘i (INFOSAN) tomonidan 10 aprel kuni global yuqumli kasallik haqida ogohlantirish e’lon qilindi. Shu bilan birga, Kinder Surprise, Kinder Mini Eggs, Kinder Surprise Maxi va Kinder Schoko-Bons brendlari kabi mahsulotlarni qaytarib olish boshlandi.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligining «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, mamlakatda shokolad iste’mol qilgandan keyin salmonellyoz bilan kasallanish holatlari qayd etilmagan.

Tahririyat so‘roviga ko‘ra, Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi iste’molchilar tomonidan hech qanday shikoyat kelib tushmagani va shunga ko‘ra, olib kirilayotgan partiyalarni tekshirish choralari ko‘rilmagani haqida ma’lum qildi.

Mutaxassislar izohiga ko‘ra, salmonellyoz insonning oshqozon-ichak traktiga zarar yetkazuvchi bakteriyalardir. Ushbu infeksiya ko‘p hollarda bemorlarda yengil alomatlar bilan kechsa, ba’zi turlari odamlarda o‘tkir kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Umumiy simptomlar orasida diareya, isitma, qorin og‘rig‘i va ko‘ngil aynishi ko‘p kuzatiladi. Kasallikka aniq tashxis qo‘yish uchun mikrobiologik va bakteriologik tahlillar zarur.