14 mart kuni Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin shakar va don eksportini vaqtinchalik taqiqlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Bu haqda Rossiya hukumati matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, qaror «ichki oziq-ovqat bozorini tashqi cheklovlar sharoitida himoya qilish» uchun qabul qilingan.

Unga ko‘ra, oq shakar va shakarqamishni uchinchi mamlakatlarga eksport qilish taqiqlanadi. Ushbu chora 15 martdan 31 avgustgacha amal qiladi. Bug‘doy, javdar, arpa va makkajo‘xorini Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlariga olib chiqish taqiqlanadi. Cheklov 15 martdan joriy qilingan va 30 iyungacha amal qiladi.

Shakar va don mahsulotlarini eksport qilishda istisno holatlar mavjud. Ushbu turdagi mahsulotlarni Rossiyadan tashqariga yetkazib berish, shu jumladan gumanitar yordam ko‘rsatish uchun, shuningdek, xalqaro tranzit tashish doirasida davom etishi mumkin.

Ma’lumot uchun, Rossiya 2020−2021 qishloq xo‘jaligi yilida (2020 yil 1 iyul — 2021 yil 30 iyun) 49 mln tonna don eksport qilgan, shu jumladan bug‘doy eksporti 38,4 mln tonnani tashkil etdi. Yanvar oyi o‘rtalarida Rossiya Qishloq xo‘jaligi vazirligi 2021−2022 qishloq xo‘jaligi yilida Rossiya don eksportini 45−48 mln tonna miqdorida bo‘lishini prognoz qilgandi.

O‘tgan hafta CNN Ukraina hukumatiga tayanib, mamlakat asosiy ekinlar — bug‘doy, makkajo‘xori, don, grechka, shuningdek, asosiy oziq-ovqat mahsulotlari — shakar, tuz va go‘sht eksportini vaqtincha to‘xtatganini xabar qildi. Ukraina agrar siyosat va oziq-ovqat vaziri Roman Leshchenkoning ta’kidlashicha, bu choralar «aholining muhim oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish» uchun qilingan.

Spot nashrining qayd etishicha, Ukraina va Rossiya jahon bug‘doy eksportining 30% va jahon makkajo‘xori ta’minotining 20% ni tashkil qiladi.

O‘zbekistonda shakar importi

2017 yilning kuzidan boshlab O‘zbekistonning «Xorazm Shakar» va «Angren Shakar» shakar zavodlari so‘mning qadrsizlanishidan so‘ng o‘z faoliyatini amalda to‘xtatib qo‘ydi, bu esa xorijdan importning keskin oshishiga olib keldi (2016−2018 yillarda import hajmi 1 mlrd dollargacha oshdi). Shakar va shakar mahsulotlari uchun import bojlari va aksiz solig‘i stavkalari nolga qaytarildi. Bunga qadar 2000 yillarning boshidan beri 30 foizlik stavka saqlanib qolgan edi. 2019 yilda zavodlar yana ishlay boshladi.

2020 yil 1 yanvardan import qilinadigan shakardan 20 foizlik aksiz solig‘i undirish boshlandi, biroq aprel oyida koronavirus pandemiyasi sababli hukumat 20 turdagi tovarlar, jumladan shakar uchun boj va aksiz solig‘ini bekor qilindi

2020 yilning yozida shakar zavodlari xomashyo yetishmasligi sababli yana ishlab chiqarishni to‘xtatdi. «Gazeta.uz»ning «Angren Shakar»dagi manbasi mahalliy ishlab chiqaruvchilar import qiluvchilar bilan raqobat sababli qiyinchiliklarga duch kelishayotgani, mahalliy korxonalar esa aksiz solig‘ini to‘lashni davom ettirayotganini ma’lum qilgandi.

Bundan tashqari, 1 yanvardan boshlab mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan shakar ichki bozorda faqat birja savdolari orqali barcha toifadagi xaridorlar uchun birja savdolarida teng huquqli holda sotila boshlandi. Sotiladigan umumiy mahsulot hajmining 10 foizidan oshmaydigan hajmlar bundan mustasno. Bu esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha o‘z chakana savdo tarmoqlari orqali borish qiyin va chekka hududlarda joylashgan iste’molchilarga mo‘ljallangan.

2021 yildan shakar importiga yana 20 foizlik aksiz solig‘i o‘rnatildi, bundan tashqari, 20 foiz bojxona to‘lovi ham qaytarildi.

2019 yilning yanvar-sentabr oylarida O‘zbekiston shakarning katta qismini (81,3 foizi) Ukrainadan — 32,7 mln dollarga 66,7 ming tonna import qildi. 2020 yilning shu davrida Rossiya asosiy yetkazib beruvchiga aylandi (84,4%). Bu davlatdan 99,8 mln dollarga 245,9 ming tonna shakar import qilindi.

Davlat statistika qo‘mitasining «Gazeta.uz»ga ma’lum qilinishicha, 2021 yilda O‘zbekiston 13,4 mln dollarga 23,9 ming tonna oq shakar import qilgan: Rossiyadan — 2,93 mln dollarga 5,32 ming tonna, Jazoirdan — 4,05 ming tonna (2,48 mln dollar), Ozarbayjon — 4,61 ming tonna (2,37 mln dollar), Polsha — 3,67 ming tonna (2,23 mln dollar), Ukraina — 3,38 ming tonna (1,79 mln dollar), Qozog‘istondan — 1,5 ming tonna (820 ming dollar).

Bu hajmlar mahalliy shakar ishlab chiqarish bilan solishtirganda ahamiyatsiz. Xususan, yanvar-sentabr oylarida O‘zbekiston shakar zavodlarida 438,3 ming tonna shakar ishlab chiqarildi, bu 2020 yilning shu davriga nisbatan 3 barobar yoki 293,8 ming tonnaga ko‘pdir. Ishlab chiqarish uchun shakar xom ashyosi Braziliyadan olib kelinadi. 2021 yilda ushbu mamlakatdan 319,7 mln dollarga (o‘sish 7,5 barobar) 619,7 ming tonna shakar xomashyosi import qilingan.

Narxlarga tovarlar logistikasi bilan bog‘liq muammolar va yuklarni sug‘urtalash xarajatlarining oshishi ko‘proq ta’sir qilishi mumkin.

Avvalroq, «Gazeta.uz» kolumnisti Mirkomil Xolboyev 2021 yilda Rossiyada shakar narxi yil davomida bor-yo‘g‘i 4 foizga qimmatlashgani haqida yozgan edi.

Don mahsulotlari eksportini taqiqlash bilan bog‘liq vaziyat O‘zbekistonga qanday ta’sir qiladi?

Foto: Abdullo Yodgorov / «Gazeta.uz»

Don mahsulotlariga kelsak, O‘zbekiston ushbu mahsulot hajmining katta qismini (taxminan 90%) Qozog‘istondan import qiladi. 2020 yilda O‘zbekiston tomoni Qozog‘istondan 666,1 mln dollarga don va undan tayyorlangan mahsulotlar (un va boshqa don mahsulotlari) sotib olgan bo‘lsa, 2021 yilda don mahsulotlari yetkazib berish hajmi 648,3 mln dollarni (umumiy importning 97,9 foizi), un esa 92,9 mln dollarni tashkil qildi (97,2%).

Qozog‘iston unini yetkazib berish hajmi 372,9 ming tonna (+9%), mahalliy ishlab chiqarish esa 1,8 mln tonna (-6,8%) deb baholanmoqda.

Rossiyaning don yetkazib berishi ham ahamiyat kasb etmaydi. Agar 2020 yilda O‘zbekiston 7,8 mln dollarga 25,6 ming tonna bug‘doy va meslina import qilgan bo‘lsa, 2021 yilda import 3,5 mln dollarga 7,79 ming tonnani tashkil etdi.

Rossiya faqat YeOII mamlakatlariga don eksportini taqiqlaganiga qaramay, bu cheklov bilvosita O‘zbekistonga ham ta’sir qilishi mumkin.

Qurg‘oqchilik tufayli Qozog‘istonda g‘alla hosili odatdagidan chorak baravar kam bo‘ldi: 2021 yilda fermerlar hosildor yildagidek 20−22 mln tonna emas, 2021 yilda 16 million tonna g‘alla (shu jumladan, 12 mln tonna bug‘doy) yig‘ib oldi, deb yozdi Eldala.kz.

Buning natijasida 2021 yilning kuzida Qozog‘istondan bug‘doy eksportini boj yoki kvotalar orqali cheklash taklifi chiqqan edi. Ammo oxir-oqibat, mamlakatning ichki bozori juda yaxshi hosil olingan Rossiyadan g‘alla oqimi bilan qo‘llab-quvvatlandi. Rossiyaning chegaradosh hududlari uchun Qozog‘istonga don sotish foydaliroq bo‘lib chiqdi, chunki YeOII doirasida tovar yetkazib berishda eksport bojlari olinmaydi. Rossiyada 2021 yil iyulida bojlar 1 tonna uchun 97,5 dollarni tashkil qilgan.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilning so‘nggi to‘rt oyida Qozog‘istonga Rossiyadan 1,6 mln tonnadan ortiq don, jumladan, 1,3 mln tonna bug‘doy yetkazib berilgan. Mutaxassislarning prognozlariga ko‘ra, Rossiya bug‘doyi Qozog‘istonga kelishda davom etadi va 2022 yilning sakkiz oyida bu hajm yana 1,4 mln tonnani tashkil qiladi.

Qozog‘iston dehqonlari uyushmasi raisi Viktor Aslanovning aytishicha, Rossiyada don ekinlarini eksport qilishning vaqtinchalik taqiqlanishi Qozog‘iston agrobiznesiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

«Chunki erkin savdo bu bir, lekin bizda bundanda erkin savdolar mavjud. Men Rossiyadan Qozog‘istonga bug‘doy kontrabandasini nazarda tutyapman. Chunki to‘rtinchi yildirki, shu tarzda olib kelingan bug‘doy donimiz narxini pasaytirmoqda. Raqobat qila olishlari uchun qozoq fermerlari o‘z tovarlari narxini pasaytirishlari kerak bo‘lyapti. Ma’lum bo‘lishicha, bizda mana uchinchi-to‘rtinchi yildirki, ichki bozorda narxni bozor emas, balki jinoyat faktori shakllantirmoqda. Endi esa taqiq e’lon qilinganida, agar u to‘liq quvvatda ishlasa, unda bizning narxlarimiz normallashadi. Narxlar o‘sadi, lekin bu o‘sish spekulyativ bo‘lmaydi. Biz shunchaki so‘nggi uch yil davomida yo‘qotib kelayotgan pozitsiyalarimizni qaytaramiz», — dedi u.

Qozog‘istonda don eksportidagi cheklovlar va jahon g‘alla narxining oshishi fonida ushbu mahsulot va un narxi oshishi mumkin, bu esa, o‘z navbatida, O‘zbekiston uchun import narxlarining oshishiga olib kelishi mumkin.