Rossiyaning Ukrainadagi harbiy amaliyotlari ikki haftadan beri davom etmoqda. Bu vaqt ichida yuzlab global kompaniyalar Rossiya bozorini tark etdi. Mamlakat 5500 dan ortiq subyektga nisbatan qo‘llanilgan sanksiyalar hajmi bo‘yicha jahon yetakchisiga aylandi. Fitch reyting agentligi Rossiyaning suveren kredit reytingini «B» dan «C» ga, ya’ni «defolt muqarrar» darajasiga tushirdi. Rubl dollar va yevroga nisbatan tarixiy eng yuqori ko‘rsatkichlarini yangiladi.

Urush tufayli Ukraina iqtisodiyoti ham katta zarar ko‘rdi. Milliy bank rahbari o‘rinbosari Sergey Nikolaychuk Bloomberg agentligiga bergan intervyusida mamlakat yalpi ichki mahsuloti hozirgi sharoitda ikki barobar qisqarayotganini aytdi.

O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlaridan bo‘lgan Rossiya va Ukrainadagi iqtisodiy vaziyatning yomonlashishi mamlakat iqtisodiyotiga o‘z ta’sirini ko‘rsatishi mumkin. «Gazeta.uz» O‘zbekistonning ushbu ikki davlat bilan savdo-iqtisodiy aloqalari qanday yo‘lga qo‘yilganini o‘rgandi.

Materialni tayyorlashda Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlaridan foydalanilgan. «Gazeta.uz» qo‘mitaga hamkorlik uchun minnatdorchilik bildiradi.

O‘zbekiston Rossiya va Ukraina bilan savdo qiladigan mahsulotlar ro‘yxati

Rossiya

Rossiya bilan savdo-sotiq
2019
2020
2021
Jami, mln dollar
6 669,6
5 659,5
7 517,0
O‘zbekiston eksporti
2 531,9
1 485,8
2 058,9
Rossiyadan import
4 137,7
4 173,8
5 458,1

Rossiya 2021 yilda O‘zbekistonning asosiy savdo sherigi bo‘ldi va 2014 yildan beri birinchi marta Xitoydan ushbu maqomni olib qo‘ydi. O‘tgan yil davomida mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 7,51 mlrd dollarni tashkil etdi, bu O‘zbekiston va MDH davlatlari o‘rtasidagi umumiy savdo hajmining 47,4 foizini tashkil etadi. O‘zbekiston eksporti hajmi 38,5 foizga oshib, 2,05 mlrd dollarni, import hajmi esa 30,7 foizga oshib, 5,45 mlrd dollarni tashkil qildi.

O‘zbekiston meva-sabzavot mahsulotlarining asosiy eksport bozorlari Rossiya (barcha yetkazib berishlarning 30,5 foizi), Qozog‘iston (20,5 foiz), Qirg‘iziston (12,2 foiz) va Xitoy (11,7 foiz) hisoblanadi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, meva-sabzavot eksportining deyarli uchdan bir qismi Rossiya hissasiga to‘g‘ri kelsa-da, O‘zbekiston mahsulotlarining Qozog‘iston va Qirg‘iziston orqali qayta eksport qilinishi mumkinligini ham hisobga olsak, bu ko‘rsatkich yuqoriroq bo‘lishi mumkin.

Foto: Yevgeniy Sorochin / «Gazeta.uz».

Rossiya korxonalari ham o‘zbek to‘qimachilik mahsulotlariнинг asosiy xaridorlari hisoblanadi. 2021 yilda O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlari eksportini 38,9 foizga oshirdi — 910,7 mln dollargacha (barcha yetkazib berishning 31,1 foizi). Ammo bu yerda ham qo‘shni davlatlar orqali amalga oshirilish ehtimoli yuqori mumkin bo‘lgan reyeksport faktini hisobga olish kerak.

O‘zbekiston gaz eksportini ham qayta tikladi: agar 2020 yilda 300 dollarlik 2402 kub metr gaz yetkazib berilgan bo‘lsa, 2021 yilda 76,6 mln dollarlik 627,9 mln kubometr gaz yetkazib berilgan. Jismoniy hajmda polimerlar yetkazib berish 77,9 ming tonnadan 63,3 ming tonnagacha kamaygan, biroq ular qiymat jihatidan 58,8 mln dollardan 85,1 mln dollargacha oshgan. Trikotaj gazlamalarda ham xuddi shunday holat kuzatildi — 50,1 mln dollarlik 13,2 ming tonna mahsulot o‘rniga 60,2 mln dollarlik 11,9 ming tonna yetkazib berilgan.

Qayta ishlanmagan rux eksporti qariyb 2,5 baravarga o‘sdi — 15,2 ming tonnagacha (45,2 mln dollarga). O‘zbekiston korxonalari meva-sabzavot sharbatlarini yetkazib berishni ham sezilarli darajada oshirdi — 6595 tonnadan 10,7 ming tonnagacha (13,2 mln dollar).

O‘zbekistonga oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha Rossiya Qozog‘istondan keyingi ikkinchi o‘rinda turadi — 799,2 mln dollar (27,3 foiz). O‘simlik yog‘i importining yarmidan ko‘pi — 207,6 mln dollar (66,2%) va margarin — 86,6 mln dollar (80,8%), shuningdek, sut va sut mahsulotlarining uchdan bir qismi — 17,9 mln dollar (32,2%) Rossiya ishlab chiqaruvchilari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Shuningdek, O‘zbekistonga katta hajmdagi shokolad va tarkibida kakao bo‘lgan boshqa mahsulotlar — 36,7 ming tonna (83,2 mln dollar), non va qandolat mahsulotlari — 16,3 ming tonna (31,5 mln dollar), kir yuvish mashinalari — 76,5 ming dona (20 mln dollar), yengil avtomobillar — 4539 (68,7 mln dollar), prokladkalar, tamponlar, tagliklar — 7378,4 tonna (27,1 mln dollar) import qilinadi.

Bundan tashqari, Rossiya O‘zbekistonga neft va neft mahsulotlari — 643,3 ming tonna va 59,2 ming litr (443,2 mln dollar), yog‘och — 2,16 mln kub metr (328,3 mln dollar), DSP — 458,5 ming kub metr (115,5 mln dollar), tolali plitalar — 46,4 mln kvadrat metr (121,1 mln dollar), qora materiallardan tayyorlangan quvurlar va trubkalar — 175,5 ming tonna (233 mln dollar), rudalar va mis konsentratlari — 18,9 ming tonna (137,4 mln dollar), yarim tayyor metall buyumlar va temir yoki po‘latdan yassi mahsulotlar — 531,9 ming tonna (499,8 mln dollar), dori vositalari — 5739 tonna (107,1 mln dollar) va boshqa ishlab chiqarilgan mahsulotlar eksport qiladi.

Rubl qadrsizlanishi tufayli o‘zbek ishlab chiqaruvchilarining eksport mahsulotlari Rossiya bozorida qimmatlashadi va raqobatbardoshligi pasayadi. O‘zbekiston hukumati eksportchilarga yo‘qotish xavfini kamaytirish maqsadida xorijiy valyutaga bog‘langan shartnomalar tuzishni tavsiya qildi.

Importga kelsak, Rossiyadan olib kelingan tovarlar O‘zbekiston bozoriga arzonroq kirishi ehtimoli bor. Shu bilan birga, Rossiya tomoni o‘zining ichki bozorini ta’minlash uchun ayrim tovarlar eksportini cheklashi mumkin.

Moliyalashtirish

O‘zbekiston kompaniyalari so‘nggi yillarda Rossiyadan katta miqdorda kredit resurslarini jalb qildi. Asosan hozirda sanksiyalar ro‘yxatida bo‘lgan banklardan:

  • Gazprombank — 2021 yilda bank O‘zbekistonda faoliyat yurituvchi kompaniyalar bilan bir qancha kredit shartnomalarini tuzdi. Masalan, Samarqand kimyo zavodiga ikkita loyiha uchun 750 mln dollar, «O‘ztransgaz»ga esa 300 mln dollar berish niyatida. Bundan tashqari, «Gazprombank» Jizzakh Petroleum`ga Buxoro viloyatida yangi gaz-kimyo majmuasini qurish uchun 800 mln dollar ajratadigan konsorsiumga kirdi. Bungacha bank Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi loyihasini amalga oshirish uchun 120 mln dollar miqdorida kredit ajratgan, shuningdek, Samarqand aeroportini modernizatsiya qilishni moliyalashtirishda ishtirok etishni rejalashtirgan edi.
  • VTB bank Navoiy kon-metallurgiya kombinati investitsiya dasturini moliyalashtirish uchun 1 mlrd dollar ajratishni rejalashtirgan.
  • Rossiyaning VEB.RF davlat korporatsiyasi 2019−2022 yillarda O‘zbekistonga Rossiyaning yuqori texnologiyali mahsulotlarini yetkazib berishni qo‘llab-quvvatlash uchun 174 mln yevro ajratishni rejalashtirgan edi. VEB.RF «O‘zbekneftgaz»ga ham 650 mln dollarlik kredit liniyasini ochdi. Shuningdek, korporatsiya OKMK tarkibida misni qayta ishlash zavodini qurish uchun davlat kafolatisiz va kafilligisiz 712 mln yevro miqdorida kredit ajratdi.

Ushbu banklarning yirik iqtisodiy loyihalarni moliyalashtirishi kerakligi hisobga olinsa, O‘zbekiston sanksiyalar tufayli mazkur manbalardan mahrum bo‘lishi ehtimoli bor. Hukumat qo‘shimcha moliyalashtirishga ishonish mumkinligiga oydinlik kiritish uchun rossiyalik hamkorlar bilan muzokaralar olib borishi kerak.

Shu bilan birga, «Gazeta.uz» suhbatdoshlariga ko‘ra, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan loyihalar «likvidli va manfaatli» bo‘lgani uchun hukumatni moliyalashtirish tashvishga solmaydi, boshqa davlatlardan resurslarni jalb qilish muammo tug‘dirmaydi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston uzoq muddatda foyda ko‘rishi mumkin. Kamroq stavkada yevroobligatsiyalar chiqarish orqali g‘arb banklarining kredit mablag‘larini yoki qarz bozorini jalb qilish uchun loyihalarni sinchiklab o‘rganish va korxonalarni o‘zgartirish talab etiladi. Loyihalarni xususiylashtirish varianti ham mavjud.

Mehnat migrantlari

Foto: Shuxrat Latipov / «Gazeta.uz».

2021 yilda O‘zbekistonga xalqaro pul o‘tkazmalari hajmi 8,1 mlrd dollarni tashkil etdi, bu 2020 va 2019 yillarga (6 mlrd) nisbatan 34 foizga ko‘pdir. Rossiyadagi iqtisodiy vaziyat tufayli 2022 yilda mehnat muhojirlarining O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi kutilgan o‘sish 3 foiz o‘rniga 21 foizga kamayishi mumkin, deb taxmin qilmoqda Jahon banki ekspertlari.

Rublning qadrsizlanishi migrantlarning dollar daromadining kamayishiga olib keladi va bu O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmiga bevosita ta’sir qiladi. Rossiyaning SWIFT tizimidan uzilishi O‘zbekiston aholisi barcha daromadlarining 15−16 foizini tashkil etuvchi pul o‘tkazmalarini ham qiyinlashtiradi.

Bundan tashqari, kompaniyalarning ommaviy yopilishi va Rossiya aholisining yalpi talabining kamayishi ishsizlikning, shu jumladan migrantlar orasida o‘sishi xavfini oshiradi. Daromad kamayganligi sababli, ular o‘z xarajatlarini kamaytirish uchun patent va boshqa to‘lovlardan voz kechishni boshlashlari mumkin. Bu noqonuniy migrantlar sonini oshiradi.

Bundan tashqari, kompaniyalarning ommaviy yopilishi va Rossiya aholisi yalpi talabining kamayishi shu jumladan migrantlar orasida ishsizlik darajasining o‘sish xavfini oshiradi. Daromad kamayganligi sababli, ular o‘z xarajatlarini kamaytirish uchun patent va boshqa to‘lovlardan voz kechishni boshlashlari mumkin. Bu esa noqonuniy migrantlar sonini oshiradi.

O‘zbekiston hukumati allaqachon yumshatish choralarini ko‘rmoqda. Xususan, banklar rublni sotib olish va sotish bo‘yicha operatsiyalarni boshladilar. «Gazeta.uz»ga hukumatdagi manbaning aytishicha, Rossiyadagi vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha boshqa chora-tadbirlar ham ishlab chiqilmoqda.

Ukraina

Ukraina bilan savdo-sotiq
2019
2020
2021
Jami, mln dollar
383,8
439,4
704,0
O‘zbekiston eksporti
119,4
123,9
231,6
Ukrainadan import
264,4
315,6
472,4

Ukraina O‘zbekistonning to‘qqizinchi yirik savdo hamkoridir. Oxirgi ikki yilda tovar ayirboshlash hajmi 1,8 barobar oshib, 704 mln dollarni tashkil etdi. O‘tgan yili eksport hajmi 231,6 mln dollar, import 472,4 mln dollardan iborat bo‘ldi.

2021 yilda O‘zbekiston korxonalari tomonidan Ukrainaga asosan meva-sabzavot mahsulotlari — 31,2 ming tonna (15,2 mln dollar), to‘qimachilik mahsulotlari — 51,6 mln dollar, azotli o‘g‘itlar — 70 mln kilogramm (49,2 mln dollar), kaliyli o‘g‘itlar — 41,8 mln kilogramm (11,6 mln dollar), etilen polimerlari — 18,5 ming tonna (18,4 mln dollar), qayta ishlanmagan rux — 9597 tonna (27,7 mln dollar), avtomobillar — 929 dona (7,4 mln dollar) eksport qilindi.

Foto: Shuxrat Latipov / «Gazeta.uz».

O‘z navbatida, Ukraina korxonalari tomonidan 81,3 mln dollarga 4124 tonna dori-darmon, 11,6 mln dollarga 5525 tonna go‘sht, 8 mln dollarga o‘simlik yog‘i, 8,5 mln dollarga 5561,7 tonna qandolat mahsulotlari, 7,3 mln dollarga shokolad va kakaodan oziq-ovqat, 150 ming tonna temir, 124,8 mln dollarlik yarim tayyor mahsulotlar va yassi prokat va boshqa sanoat tovarlari va uskunalari yetkazib berildi.

O‘zbekistonga shakar yetkazib berish 12,6 ming tonnadan 3378 tonnaga (1,8 mln dollar) kamaydi.

«Farmak» farmatsevtika kompaniyasi (Kiyev) 2021 yilning birinchi yarmida O‘zbekiston farmatsevtika bozorida 2,3 foiz ulush bilan beshinchi o‘rinni egalladi. Kompaniya vakilining ma’lum qilishicha, O‘zbekiston kompaniyaning eksport savdolaridagi asosiy davlat hisoblanadi.

Boshqa bir farmatsevtika kompaniyasi «Lekxim» 2023 yilda O‘zbekistonda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va loyihaning birinchi bosqichiga 40 mln dollargacha sarmoya kiritishni rejalashtirgan edi.

Ukrainadagi urushni inobatga olgan holda, O‘zbekistonga dori-darmon yetkazib berish va loyihalarni amalga oshirish to‘xtatilishi, aylanmani 1 mlrd dollarga yetkazish maqsadi uzoqroq muddatga kechiktirilishi mumkin.

Tadbirkor Zafar Hoshimov yaqinda Rossiya va Ukrainadagi hodisalarning O‘zbekiston iqtisodiyotiga ta’siri haqidagi firklarini o‘rtoqlashgan edi. Uning ta’kidlashicha, Rossiya-Ukraina o‘rtasidagi mojaro natijasida logistika, bank ishi, xizmat ko‘rsatish sohasidagi muammolar va rubl kursi qadrsizlanishi O‘zbekiston iqtisodiyoti va mehnat muhojirlariga o‘z ta’sirini o‘tkazadi. Biroq tadbirkor bu holat O‘zbekistonda turizm va aviatsiyani rivojlantirish, yuqori malakali kadrlarni jalb qilish kabi imkoniyatlarni ham taqdim etishi mumkinligini ta’kidladi.

Avvalroq «Gazeta.uz» bilan suhbatlashgan uch iqtisodchi Rossiya moliya tizimiga qo‘llanilgan sanksiyalar va rubl qadrsizlanishi O‘zbekiston iqtisodiyotiga qanday ta’sir qilishi mumkinligi, Rossiyadagi o‘zbek migrantlari hozirgi sharoitda nima qilgani ma’qul ekani va ehtimoliy inqiroz oqibatlariga qarshi kurash uchun qanday choralar ko‘rish kerakligi haqidagi fikrlarini bildirgan edi.