Vladimir Zelenskiy Ukrainaning YeIga a’zo bo‘lishi uchun arizani imzoladi

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Yevroittifoqqa a’zo bo‘lish uchun arizani imzoladi. «Buning haqiqat ekaniga ishonchim komil», — dedi u.

Hujjatning surati Oliy Radaning Telegram-kanalida e’lon qilindi. Ariza Yevropa Kengashi, Yevroparlament rahbarlari hamda Yevropa Ittifoqiga raislik qilayotgan Fransiya prezidenti Emmanuel Makron nomiga yo‘llangan.


Bir qator davlatlar Rossiya uchun o‘z havo hududlarini yopdi

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi oqibatida turli davlatlar o‘z havo hududini Rossiya fuqaro aviatsiyasi uchun yopishni boshladi. Hozirgi vaqtda Yevropa Ittifoqining barcha 27 ta a’zo-davlati rus samolyotlari uchun o‘z havo hududini yopgan. Shuningdek, Kanada Yevropa hududidan tashqarida joylashgan davlatlar orasida parvozlarni cheklagan ilk mamlakat bo‘ldi.


Xarkov shahri «Grad»dan o‘qqa tutildi

Ukrainaning aholi soni bo‘yicha ikkinchi yirik shahri Xarkov «Grad» zalp bilan o‘t ochish tizimlaridan o‘qqa tutildi. Ukraina ichki ishlar vaziri maslahatchisi Anton Geraenko o‘nlab qurbonlar va yuzlab jabrlanganlar borligi haqida bayonot bergan.

Aholidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, raketa kelib tushgach, joylarda avtomat o‘q ovozlari eshitilgan. Anton Geraenko yarim soat o‘tib ham, Xarkovdagi aholi yashaydigan hududlarning o‘qqa tutilishi to‘xtamaganini ma’lum qilgan.


Yevrokomissiya rahbari: «Ukraina YeIga a’zo bo‘lishi kerak, biz uni Yevropa oilasida ko‘rishni istaymiz»

«Ukraina vaqt o‘tib, YeIga a’zo bo‘lishi kerak, bu mamlakat — bizlarning bittamiz, biz uni Yevropa oilasida ko‘rishni istaymiz», — dedi Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen. U Ukraina Yevropa qadriyatlarini tushunishini va tinch demokratik sharoitda yashashni istashini ta’kidladi. Shuningdek, Germaniya kansleri Olaf Shols Bundestag qarshisida chiqish qilar ekan, Ukrainaga amalga oshirilgan bosqin uchun butun boshli rus xalqi emas, balki Vladimir Putinning shaxsan o‘zi javobgarligini aytdi.


Ukraina va Rossiya muzokaralari boshlandi

Ukraina va Belarus chegarasida Ukraina va Rossiya delegatsiyalari o‘rtasida muzokaralar boshlandi. Ukraina delegatsiyasi muzokara uchun belgilangan hududga Gomel orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘l bilan emas, balki aylanma hudud — Polsha orqali kelgan. Muhokamalarning asosiy mavzusi — o‘t ochishni zudlik bilan to‘xtatish va Ukraina hududidan qo‘shinlarni olib chiqib кетишekanлиги aytilmoqda.


Ukrainadagi mojaro ortidan Rossiyaga sport bo‘yicha qator cheklovlar qo‘yilmoqda

Rossiyaning Ukrainaga qarshi «maxsus harbiy operatsiyalari» oqibatida mamlakat sportda ham ko‘plab sanksiyalarga uchradi. UEFA Chempionlar Ligasi finalini Sankt-Peterburgda emas, Parijda o‘tkazishga qaror qildi. FIFA ham Rossiya hududida hech qanday xalqaro musobaqa o‘tkazilmasligini ma’lum qildi, endi mamlakat vakillari Rossiya bayrog‘i yoki madhiyasidan foydalana olmaydi. Bundan tashqari, Vladimir Putin Xalqaro dzyudo federatsiyasining «faxriy prezidenti va elchisi» maqomidan mahrum etildi. Sochida o‘tishi kutilayotgan «Formula-1» gran-prisi esa bekor qilindi.


Rossiya Markaziy banki asosiy stavkani 20 foizga oshirdi

Rossiya Markaziy banki asosiy stavkani 9,5 foizdan 20 foizga oshirishga qaror qildi. Markaziy bank bayonotida qayd etilishicha, bu moliyaviy va narxlar barqarorligini saqlash, fuqarolar jamg‘armalarini qadrsizlanishdan himoya qilishga yordam beradi. Mamlakat Moliya vazirligi eksportchilarga valyuta tushumining 80 foizini sotish majburiyatini yukladi.


Dunyodagi eng yirik samolyot Rossiya harbiylari tomonidan yo‘q qilindi

Kiyev yaqinidagi Gostomel aeroportida turgan dunyodagi eng katta An-225 «Orzu» samolyoti Rossiya harbiylari tomonidan yo‘q qilindi.

Qayd etilishicha, samolyot Gostomel aeroportida ta’mirlash jarayonida bo‘lgan va shu sababdan Rossiya qo‘shinlari mamlakatga bostirib kirgan vaqtda Ukrainani tark eta olmagan.

«Biroq samolyot albatta qayta tiklanadi, — deya ma’lum qilindi Ukroboronprom xabarida. — Taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra, buning uchun 3 mlrd dollar va 5 yildan ziyod vaqt kerak bo‘ladi. Bizning vazifamiz ushbu xarajatlarni ukrain aviatsiyasi va aviatsion yuk tashish sektoriga katta zararlarni yetkazgan Rossiya Federatsiyasi qoplashiga erishishdan iborat», — deya qo‘shimcha qilindi.


Janubiy Koreya Rossiyaga qarshi sanksiyalar qo‘llayotgan davlatlar qatoriga qo‘shildi

Janubiy Koreya strategik tovarlarni jo‘natishni taqiqlash orqali Rossiyaga nisbatan eksport nazoratini kuchaytiradi va G‘arb davlatlarining ba’zi rus banklarini Swift xalqaro banklararo axborot almashuv tizimidan uzib qo‘yish harakatlariga qo‘shiladi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

«Koreya hukumati Rossiyaning Ukrainaga qurolli bosqinini qoraladi va xalqaro hamjamiyatning mas’ul a’zosi sifatida xalqaro hamjamiyatning vaziyatni tinch yo‘l bilan hal qilish borasidagi sa’y-harakatlarida, jumladan, iqtisodiy sanksiyalarda faol ishtirok etishga qaror qildi», — deyiladi vazirlik bayonotida.

Strategik tovarlar qatoriga elektronika, yarimo‘tkazgichlar, kompyuterlar, axborot va aloqa vositalari, sensorlar va lazerlar, navigatsiya va avionika, dengiz va aerokosmik uskunalar kiradi.


Avstraliyada suv toshqinlari oqibatida sakkiz kishi halok bo‘ldi

Avstraliyaning sharqiy qismida kuchli yomg‘ir va suv toshqini natijasida sakkiz kishi halok bo‘ldi, deya xabar berdi BBC.

Yangi Janubiy Uels (Avstraliyaning sharqiy qismidagi shtat) shimolidagi Lismor shahridagi daryo qirg‘oqlarni buzib, toshqin 14,37 metrgacha ko‘tarildi. Ayni paytda Kvinslenddagi Brisben daryosida suv toshqini sodir bo‘layotgani va katta miqyosda zarar keltirayotgani aytildi.