2 fevral kuni Nukus shahridagi markaziy dexqon bozoriga tutash hududda bozor atirofidagi avtomobil yo‘lini to‘sgan 3 nafar fuqaroga 15 sutka ma’muriy qamoq jazo tayinlandi.

Avvalroq, «Gazeta.uz» o‘z manbasiga tayanib, yo‘lni to‘sganlar «NUKUS DILISHA» MCHJga qarashli 3 qavatli savdo binosida ijara asosida faoliyat yurituvchi tadbirkorlar ekanini ma’lum qilgandi.

Manbaga ko‘ra, do‘konlarning ijara puli so‘nggi 3−4 oy ichida ko‘tarilgan. Yaqinda esa, ijarachilarga ijara puli yana 1 million so‘mga ko‘tarilishi ma’lum qilingan. Xususan, ikkinchi qavatda 2−3 million so‘mga ijarada turuvchi tadbirkorlar kelasi oydan boshlab ijara uchun 3−4 million so‘mdan to‘lashlari kerak bo‘lgan. Natijada ijarachi tadbirkorlardan taxminan 50 nafari noroziligini bildirish uchun bozor yonidagi yo‘lni to‘sgan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ushbu vaziyatni jamoat tartibini buzish deb atagandi.

4 fevral kuni vazirlik mahalliy telekanalda sodir bo‘lgan vaziyat bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berdi. Unda holat yuzasidan qo‘zg‘atilgan ma’muriy ish Jinoyat ishlari bo‘yicha Nukus shahar sudi tomonidan ko‘rib chiqilgani aytildi.

Sud qaroriga ko‘ra, Nukus shahrida yashovchi T.Sh, M.T va J.S.larga nisbatan MJtKning 201-moddasiga muvofiq, yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari yoki namoyishlar uyushtirish, o‘tkazish tartibini buzganligi uchun har biriga 15 sutka ma’muriy qamoqqa olish jazosi tayinlangan.

Qoraqalpog‘iston IIV matbuot xizmati rahbari Dauran Yelmuratov fuqarolar ogohlantirdi: «Shu kabi harakatlarni amalga oshirish davlatimizda qonun bilan taqiqlangan».