Osiyo taraqqiyot bankining (OTB) 2022−2024 yillarga mo‘ljallangan, mamlakatlar bilan operatsiyalarning biznes-rejasi doirasida O‘zbekistonda umumiy qiymati 2,8 mlrd dollarga teng 27 ta loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda. Bu haqda investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov va OTB rahbari Masatsugu Asakava o‘rtasida kechgan muzokaralar natijasiga tayanib vazirlik matbuot xizmati xabar qildi.

Xususan, 2022 yilda umumiy qiymati 524 mln dollarlik 3 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda. Qayd etilishicha, tomonlar ma’qullangan tashabbuslarni amalga oshirishni jadallashtirish, shuningdek, ko‘rib chiqish jarayonida bo‘lgan loyihalar yuzasidan qaror qabul qilish bo‘yicha yaqindan hamkorlik qilish to‘g‘risida kelishib oldilar.

Bank matbuot xizmatiga ko‘ra, joriy yilda OTB O‘zbekistonga qayta tiklanadigan energiya manbalari, jumladan, quyosh va shamol energiyasi, suv resurslari, shaharsozlik va yo‘llarga investitsiyalar, davlat korxonalarini davlat-xususiy sheriklik (DXSH) asosida kreditlash sohalarida yordam ko‘rsatish, ipoteka bozorini rivojlantirishni, shuningdek, kredit kafolatlari va loyihalarni moliyalashtirish ishlarini davom ettirishni rejalashtirmoqda. Bundan tashqari, bank O‘zbekistonning xususiy sektoridagi o‘z faoliyati doirasini kengaytirishni davom ettirishni mo‘ljallagan.

Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati

Hozirgi kunda OTB bilan birgalikda mamlakatda infratuzilmaviy rivojlanish, energetika, uy-joy kommunal xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash va qishloq xo‘jaligi sohalarida umumiy qiymati 5 mlrd dollarlik 29 ta loyiha amalga oshirilayotganligi ma’lum qilingan.

Qayd etilishicha, bugunga kelib mamlakatda bank ishtirokida amalga oshirilayotgan loyihalar portfelining qiymati 10 mlrd dollardan ortiq bo‘lib, boshqa barcha rivojlanish bo‘yicha hamkorlar orasida eng yirigi hisoblanadi. OTB va O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikda xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash, hududiy hamkorlikni rivojlantirish, inklyuziv o‘sishni rag‘batlantirish orqali tengsizlikni qisqartirish kabi sohalarga ustuvorlik berilgan.

Muzokara doirasida OTB bilan birgalikda DXSH asosida amalga oshirilayotgan loyihalar hamda energetika sohasidagi loyihalarini tayyorlash va amalga oshirishda erishilgan yutuqlarga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, hozirda O‘zbekistonda quyosh energiyasini rivojlantirish bo‘yicha OTBning umumiy quvvati 1 GVt teng bo‘lgan alohida Dasturi amalga oshirilmoqda.

«Tomonlar ushbu sohadagi hamkorlikni kengaytirish uchun ulkan salohiyat mavjudligini qayd etib, suv ta’minoti, elektr energiyasini taqsimlash tarmoqlarini modernizatsiya qilish, sog‘liqni saqlash va transport infratuzilmasini rivojlantirish sohalarida DXSH vositalarini joriy etishni kengaytirish imkoniyatlarini o‘rganishga tayyor ekanliklarini bildirdilar», — deyiladi xabarda.

Shuningdek, muzokaralar davomida OTB bilan O‘zbekistonda xususiy sektor va tijorat banklari loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, yo‘l infratuzilmasini kengaytirish loyihalarini amalga oshirish, texnologiya, muhandislik va matematika sohalaridagi o‘quv dasturlarini takomillashtirish orqali o‘rta va kasb-hunar ta’limini rivojlantirish, aholi bandligini oshirish, sog‘liqni saqlash sohasini modernizatsiya qilish, ayollarning imkoniyatlarini kengaytirish, ayollar va yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish masalalari muhokama qilinganligi aytilmoqda.