O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev yarim tunda Toshkent shahar «103» xizmati faoliyatini o‘rgandi, deya xabar bermoqda SSV matbuot xizmati.

Vazirlikning qayd etishicha, koronavirusning Omicron shtammi mamlakatga kirib kelishi va so‘nggi kunlarda kornavirusga chalinganlar sonining keskin ko‘payishi natijasida «tez yordam» xizmatiga murojaatlar miqdori ham ortgan.

Shu munosabat bilan Behzod Musayev jumaga o‘tar kechasi soat 03:00 larda yaqindan o‘rganish uchun Toshkent shahar tez yordam stansiyasiga bordi. U yerdagi Call-markaz hamda tez tibbiy yordam xodimlari ish jarayoni bilan tanishdi.

«103» xizmatiga chaqiriqlar soni ortgani va ish yuklamasi ko‘payib borayotgani sababli shu soatning o‘zidayoq vazir topshirig‘i bilan qo‘shimcha tarzda 40 ta zamonaviy jihozlangan tez tibbiy yordam mashinasi haydovchilari bilan birga xizmat tasarrufiga biriktirib berildi. Bundan tashqari, Call-markaz ish samaradorligini oshirish uchun 30 ta yangi operator o‘rni yaratildi, deyiladi xabarda.

Shuningdek, tez yordam brigadalarining tezkorligi va samaradorligini oshirish maqsadida ular qo‘shimcha 100 dona planshet berilishi ma’lum qilindi. Qolaversa, brigadalar uchun bugun ertalab — 14 yanvardan koronavirusga qarshi dori-darmonlar bo‘lgan Covid-box`lar ajratiladigan bo‘ldi.

Tez tibbiy yordam xodimlari bilan yarim tunda o‘tgan muloqot chog‘ida koronavirus infeksiyasi aniqlangan, biroq xastalik klinik belgilarsiz yoki yengil shaklda kechayotgan bemorlar salomatligini nazorat qilish, ularga ambulator va uyiga borgan holda sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish maqsadida Toshkent shahrining 12 ta tumanida 1 tadan maxsus COVID poliklinikalar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Bundan tashqari, koronavirus kasalligi bo‘yicha murojaatlar bilan samarali ishlash maqsadida poytaxtimizdagi 12 ta ko‘p tarmoqli va 66 ta oilaviy poliklinikalarda maxsus mobil brigadalar faoliyati ham yo‘lga qo‘yildi.

Ma’lum bo‘lishicha, Toshkent shahar «103» xizmatiga 12 yanvarda 4888 ta murojaat bo‘lgan. Avvalroq esa SSV 1−10 yanvar kunlari ichida «Tez yordam»ga 350 mingga yaqin chaqiriq kelib tushganini ma’lum qilgan edi.

O‘zbekistonda 7 yanvar kuni Omicron shtammi ilk bor qayd etildi. Keyinroq Omicron aniqlangan shaxs kelgan samolyotda jami 200 kishi bo‘lgani aytildi.