Futbol bo‘yicha Italiya A Seriyasining 19-turida Eldor Shomurodov to‘p suradigan «Roma» klubi o‘z uyida «Sampdoriya»ni qabul qildi. O‘yin Sport telekanali orqali jonli efirga uzatilgan.

67-daqiqada zaxiradan maydonga tushgan Eldor Shomurodov oradan 5 daqiqa vaqt o‘tib «Sampdoriya» darvozasiga kiritilgan yagona golga mualliflik qildi. U jarima maydonchasidan darvozaga 2 marta zarba yo‘llashga urindi. Himoyachilar uni qaytarishdi, Shoma uchinchi zarbani muvaffaqiyatli amalga oshirdi va yaqin burchakni nishonga oldi.

80 daqiqada esa hisob tenglashdi. «Sampdoriya» hujumchisi Manolo Gabbyadini burchkdan berilgan zarbadan so‘ng, gol kiritdi.

Futbol sharhlovchisi Davron Fayziyevning yozishicha, «bu Romaning 2021 yildagi oxirgi o‘yini edi va Shoma uni gol bilan chiroyli tugatayotgani juda muhim».

Mazkur uchrashuvdan so‘ng, A Seriya turnir jadvalida romaliklar 1 pog‘ona pastlab, 32 ochko bilan 6-o‘rinda bormoqda. «Sampdoriya»da esa 20 ochko bor. U 14-o‘rinni band qilgan.

Bu Shomaning «Roma» safida joriy mavsumda kiritgan 15 ta o‘yindagi ikkinchi goli bo‘ldi. Bundan tashqari, unda 3 ta golli uzatma mavjud.