«O‘zaviatsiya» agentligi tomonidan iFly Airlines aviakompaniyasiga sanksiya tariqasida O‘zbekistonga charter parvozlarini amalga oshirishni vaqtinchalik to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, «O‘zaviatsiya» agentligidan tegishli ruxsatnoma olmasdan turib aviachiptalarni sotish amaliyotini tugatish to‘g‘risida ogohlantirish xati yuborilgan.

Kompaniya ushbu ogohlantirishga qaramay tegishli ruxsatnomalarni olmasdan qo‘pol ravishda talablarni buzib noyabr oyida Moskva — Urganch — Sankt-Peterburg — Urganch — Moskva, Navoiy — Moskva hamda Sankt-Peterburg — Navoiy — Sankt-Peterburg yo‘nalishlarida charter parvozlari uchun aviachiptalar sotuvini tashkil etgan.

Natijada aviachiptada ko‘rsatilgan vaqtda yo‘lovchilar aerovokzallarga kelishgan va belgilangan yo‘nalishda parvozning bajarilmasligi ular o‘rtasida ijtimoiy keskinlikka olib kelgan, deyiladi xabarda.

Uzbekistan Airports 8 noyabr kuni «Navoiy» aeroportida Navoiy — Moskva va Navoiy — Sankt-Peterburg yo‘nalishlari bo‘yicha iFly reyslari bilan parvozni amalga oshirmoqchi bo‘lgan 200 ga yaqin odam to‘plangani haqida xabar bergan. Ular chiptalarni «Vostok Buxoro» kompaniyasining Samarqand, Buxoro va Urganch shaharlaridagi filiallaridan xarid qilishgan. Ularga chiptalar puli qaytarib berilishi va’da qilingan.

5 noyabr kuni Urganch aeroportida 300 ga yaqin odam yig‘ilgan edi.Ularda jadvalda bo‘lmagan iFly aviakompaniyasining Moskvaga parvozi uchun chiptalar bo‘lgan. Vaziyat hal bo‘lgach, Moskvadan samolyot jo‘natilgan edi.

Transport vazirligi qayd etishiga ko‘ra, aviakompaniyalar tomonidan bunday holatlar takrorlangan taqdirda «O‘zaviatsiya» agentligi parvozlarni amalga oshirish uchun berilgan ekpluatatsiya ruxsatnomalarni bekor qiladi.

Aviachiptalarni sotib olish yoki sotishdan oldin «O‘zaviatsiya» agentligi saytida tanishib chiqish mumkin.