Bizning qadrli xo‘jayinlarimiz — o‘zbekistonliklar, balki yetar?

Shahar va qishloqlarni qoplagan o‘tib bo‘lmaydigan chang-qumli tuman nihoyat bizni o‘ldirishni to‘xtatishingiz uchun yetarlidir?

Balki endi o‘zingizni ko‘changiz, hovlingiz, shahringizdagi daraxtlarning o‘ldirilishiga befarq qilib ko‘rsatishni bas qilarsiz?

Biz muayyan odamlar yoki tashkilotlarga murojaat qilmayapmiz, biz har qaysingizga murojaat qilyapmiz.

Ortingizda gullab-yashnagan dalalar, sersuv vodiylar, yam-yashil saylgohlar o‘rniga chang bosgan cho‘l va chuqurlar, ko‘llar, bog‘lar va o‘rmonlar o‘rniga jonsiz beton — o‘lim manzarasini qoldirib, o‘z xaloskorlaringiz — daraxtlarni kesar ekansiz, nega o‘zingizni sevmaysiz, nega o‘z vataningiz, farzandlaringiz, shahringizni sevmaysiz? Nega Yerdagi barcha tirik jonning qon rishtalari haqida unutdingiz? Nega bugungi kuningiz va kelajagingizga befarqsiz?

Davlatimiz bayrog‘ida yashil rang porlaydi. Poytaxtimiz — Toshkent — gerbida esa nigohimiz tiriklik va to‘kinlik ramzi bo‘lgan sershox daraxtga tushadi. Nega endi amalda hayot nihollari ildiziga bolta uryapsiz?

Biz — o‘sha yashil rangning vakillarimiz. Biz — shu muborak tabiatning timsolimiz. Biz — daraxtlar, bog‘lar va dalalar, tabiat va shahar saylgohlari — bu mamlakatda ko‘pchiligingizdan ko‘ra ko‘proq yashaganmiz, aksariyatingizdan yoshimiz ulug‘roq va sizdan ko‘ra ko‘proq narsalarga guvoh bo‘lganmiz. Ko‘p avlodlar, davrlar va o‘zgarishlarning guvohi bo‘ldik. Bu bizning ham yerimiz va bizning ham yashashga haqqimiz bor.

Bizni eshitib bo‘lmaydi, chunki bizda lobbistlar yo‘q. Bizni suiqasddan himoya qiladigan darajada qudratli yashil lobbi yo‘q. Bizni o‘ldirayotgan faqatgina arraning o‘tkir tig‘i emas, qotillikning eng asosiy quroli — bu ko‘pchilik odamlarning sukut saqlashidir.

Bizning taqdirimiz oson kechmagan

Bundan roppa-rosa 12 yil muqaddam, 2009 yilning noyabr oyida «genotsid» oqibatida — kuppa-kunduzi, poytaxtingizning bosh maydonida — ko‘plab keksalarimiz halok bo‘lishdi. O‘shanda sodir etilgan butun boshli fojeani anglab yetdingizmi? Bu Adliya vazirligi — qonunlar ijrosini nazorat qiluvchi organ binosining ro‘parasida sodir bo‘ldi. Shahar aholisi ham, o‘tkinchilar ham — barcha bu noqonuniy harakatning guvohi bo‘ldi va o‘zlari uchun bir umrlik «saboq» olishdi.


Amir Temur maydoni, 2008 yil iyul va 2009 yil noyabr. Manba: Google Earth.

Bir necha yil avval poytaxtingiz markazidagi tarixiy Milliy bog‘ni xususiy qo‘llarga topshirdingiz, ular kelishdi, bizni kesib tashlashdi va ko‘l o‘rniga beton yotqizishdi. Bugunga kelib qonun chiqaruvchi eng oliy organ — Oliy Majlis Qonunchilik palatasi — binosidan uncha uzoq bo‘lmagan ikkinchi ko‘l hududi ham qurib bitdi.


Milliy bog‘, 2017 yil avgust va 2021 yil aprel. Manba: Google Earth.

Ma’lum bo‘lishicha, ikkinchi ko‘l hududida milliy akademik teatrning yangi binosi qurilishi rejalashtirilmoqda.

Ammo ko‘l — bu ekotizim, bu — barcha ranglarida aks etgan hayot. Bir vaqtlardagi tabiiy ko‘l o‘rnida tiklangan favvorali beton hovuz esa uning qabri ustidagi jonsiz qo‘g‘irchoq, xolos.

Biz, O‘zbekiston daraxtlari, saylgohlari va ko‘llari, ushbu yangi teatrda qo‘yiladigan ilk spektakl «O‘zbekistondagi saylgohlar, daraxtlar va ko‘llarning genotsidi haqida» bo‘lishini taklif qilamiz.

Nima xohlaysiz?

Tijoriylashtirish va yorqin tashqi ko‘rinish ilinjida Toshkentni Dubayga o‘xshatishni xohlayapsizmi? Ha, Dubay sahro ustida qurilgan. Lekin, harholda, yam-yashil Toshkentni dastavval jonsiz cho‘lga, shundan keyingina Dubayga aylantirmoqchi emasdirsiz? Cho‘l sizni ham, bizni ham o‘z bag‘riga olib bo‘ldi va endi qo‘yib yubormaydi.

Biz kamchilikmiz va uddalay olmayapmiz. Mamlakatimiz havosi inson salomatligi uchun tobora xavfli bo‘lib bormoqda. Allergiya, astma, o‘pka sili epidemiyasi — shuni xohlaganmidingiz?

Biz, daraxtlar, bebahomiz:

• biz havodan salomatlik uchun sezilarli xavf tug‘diradigan zararli moddalarni yo‘qotib, uni yanada toza va foydaliroq qilamiz;

• biz — ko‘plab beton qoplamalar natijasida yuzaga kelgan issiqlik «orollari» bilan kurashishning eng yaxshi vositasimiz;

• biz haydovchi va piyodalarni tinchlantiramiz, ularga soya va salqinlik tuhfa qilamiz;

• biz, daraxtlar, ko‘chmas mulk qiymatini oshiramiz. Agar uyingiz qimmatroq baholanishini istasangiz, daraxt eking va parvarish qiling;

• soyamiz bilan salqinlik beramiz, shu orqali, ayniqsa yozda, elektr to‘lovlaridan pulingizni tejaymiz;

• biz maktab o‘quvchilarining muvaffaqiyatini oshiramiz, chunki ular sinf oynasidan daraxtlarga tikilganlarida, ko‘zlari dam oladi va miyada yoqimli his-tuyg‘ular paydo bo‘ladi;

• kasalxonadagi bemorlar derazadan bizga nazar tashlaganlarida, ularga kuch va yashash istagini tuhfa etamiz.

Biz nima xohlaymiz?

Biz imtiyozlar va preferensiyalar so‘ramaymiz. Siz ularni mebel ishlab chiqaruvchilar, sement ishlab chiqaruvchilar, avtomobil ishlab chiqaruvchilar, turizm, to‘qimachilik, maishiy texnika ishlab chiqaruvchilar, investorlar va hattoki ta’lim sohalariga berib bo‘lgansiz.

Buning ustiga, bizga sizning va’dalaringiz kerak emas. Biz sizdan faqat qonun ustuvorligini ta’minlashingizni so‘raymiz, yashash huquqi va qonuniy huquqimiz himoyasini so‘raymiz.

Mamlakatimiz Bosh qomusining 55-moddasiga rioya qiling. Zero unda shunday deyiladi:

«Yer, yer osti boyliklari, suvlar, o‘simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy resurslar milliy boylik bo‘lib, ulardan oqilona foydalanish zarur va davlat muhofazasidadir».

Fuqarolardan o‘z mamlakati Konstitutsiyasiga rioya qilishni so‘raymiz, zero uning 50-moddasida shunday deyilgan:

«Fuqarolar tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga majburdirlar».

Biz faqat bir narsani so‘raymiz: bizni o‘ldirmasligingizni. Jinoyatni yashirish uchun kechalari yoki kuppa-kunduzi ruxsatnoma qog‘ozini mag‘rur silkitgancha.

Bizni «qimmatbaho navlar» va «qimmat emas» deb ajratmang. Sizni tirik saqlashga hammamiz birdek harakat qilamiz.

O‘z sog‘lig‘ingizga, o‘z farovonligingizga befarq bo‘lmasangiz, hovlingiz, mahallangiz yoki maydoningizda kimdir daraxt kesayotganida, bu sizni ishingiz emasdek, beparvo o‘tib ketmang. Siz sayr qilgan yashil saylgoh darvozasi birdan yopib qo‘yilsa va yillar davomida yopiqligicha qolsa, beparvo o‘tib ketmang, nima bo‘layotganini so‘rang. Ehtimol, uning sizga kerak yoki kerak emasligini so‘rashni unutgan bo‘lishlari mumkin. Ularga bu sizga kerakligini ayting. Qotillikka chek qo‘ying.

Sizning daraxtlaringiz, bog‘laringiz va ko‘llaringiz