BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi ijrochi kotibi Geda Vali noyabr oyida O‘zbekistonga tashrif buyuradi. Bu haqda kelishuv Senat raisi Tanzila Narbayeva ishtirokida Venadagi muzokaralar doirasida qabul qilindi.

Senat matbuot xizmati xabariga ko‘ra, giyohvand moddalar aylanmasi va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi hamkorlikni kengaytirish muzokaralarning asosiy mavzulari bo‘ldi.

Tashrif doirasida BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha 2022−2025 yillarga mo‘ljallangan yangi mintaqaviy dasturini imzolanishi kutilmoqda. Mazkur dasturning amalga oshirilishi odam savdosi, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi huquqbuzarliklarni o‘rganish, shuningdek, oila qadriyatlarini mustahkamlash chora-tadbirlari doirasida giyohvandlikning oldini olish bo‘yicha huquq-tartibot idoralarining salohiyatini oshirish imkonini beradi, deyiladi xabarda.

«Toshkentdagi BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi mintaqaviy vakolatxonasi tashkilotning xorijdagi eng yirik vakolatxonasi hisoblanadi. Bu esa O‘zbekiston bilan hamkorligimiz naqadar muhimligini ko‘rsatadi», — deb ta’kidladi Geda Vali.

U hukumat tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish, bolalar va tizimli majburiy mehnatga butunlay barham berish, shuningdek, odam savdosiga qarshi kurashish borasidagi qabul qilinayotgan «qat’iy choralarni» qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.

Shuningdek, BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi rahbari Afg‘oniston atrofida yuz berayotgan voqealar munosabati bilan mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashda juda muhim rol o‘ynaydigan idoralararo va transchegaraviy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Senat raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi O‘zbekiston parlamenti delegatsiyasi Vena shahrida Parlamentlararo ittifoq tomonidan BMT va Avstriya parlamenti bilan hamkorlikda tashkil etilgan Ayol spikerlarning 13-sammiti va Parlamentlar rahbarlarining 5-butunjahon konferensiyasida ishtirok etmoqda.