Prezident Shavkat Mirziyoyev OTMlarda tahsil olayotgan, ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan shug‘ullanayotgan iqtidorli yoshlarni yanada qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Hujjatga muvofiq, 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston prezidenti davlat stipendiyasi kvotasi:

  • tayanch doktoranturada tahsil olayotgan doktorantlar va magistratura bosqichi talabalari uchun ikki barobarga oshirilib, tegishlicha 10 ta va 22 ta etib;
  • bakalavriat bosqichi talabalari uchun esa har bir oliy ta’lim muassasasiga 1 tadan etib belgilandi.

Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan iqtidorli talabalarni rag‘batlantirish maqsadida O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq yozuvchisi To‘lepbergen Qaipbergenov hamda O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Ibroyim Yusupov nomli davlat stipendiyalari joriy etildi.

Hujjatga ko‘ra, O‘zbekiston prezidenti va nomli davlat stipendiyalari davlat oliy ta’lim muassasalarining qo‘shma ta’lim dasturlari asosida tahsil olayotgan hamda respublikada faoliyat yurituvchi xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarining filiallari va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari bakalavriat bosqichi talabalari uchun ham tatbiq etilishi belgilandi.

O‘zbekiston prezidenti va nomli davlat stipendiyalari tanlovlarining dastlabki bosqichi oliy ta’lim muassasasi tomonidan o‘tkaziladi va tanlovning navbatdagi bosqichiga tavsiya etiladigan talabgorlar tegishli oliy ta’lim muassasasining professor-o‘qituvchilari va talabalari ishtirokida aniqlanadi.

Prezident va nomli davlat stipendiyalari tanlovlari Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan tartibga muvofiq Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligida tashkil etiladigan komissiyalar tomonidan o‘tkaziladi.

Qo‘shma ta’lim dasturi asosida davlat oliy ta’lim muassasasini, respublikada faoliyat yurituvchi xorijiy oliy ta’lim tashkilotining filialini yoki nodavlat oliy ta’lim tashkilotini tamomlagan O‘zbekiston Prezidenti yoki nomli davlat stipendiyasi sohibi bo‘lgan talabalar ham davlat oliy ta’lim muassasasi magistraturasiga bakalavriatning ta’lim yo‘nalishiga mos va turdosh mutaxassislik bo‘yicha kirish imtihonlarisiz qo‘shimcha davlat granti asosida qabul qilinadi.

Farmonda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga mavjud vazirlik va idoralar bilan birgalikda O‘zbekiston prezidenti va nomli davlat stipendiyalari tanlovlarining dastlabki bosqichi oliy ta’lim muassasalari tomonidan shaffof, adolatli va yuqori saviyada o‘tkazilishini ta’minlash topshirildi.