Toshkent viloyati hokimining uyida chiroq o‘chdi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Toshkent viloyati hokimi v.b. Davron Hidoyatov xizmat uyiga ko‘chib o‘tishidan bir hafta o‘tib, chiroq o‘chganini ma’lum qildi.

«Surishtirsam, qarzdorlik bor ekan. Mendan avval bu uyda yashaganlar elektr haqini to‘lamagan. Menga aytishdiki, farmoyish bilan hokimiyat hisobidan bu qarzdorlikni bartaraf etish mumkin… Nega? Hokimiyat uy-joy bilan ta’minlashi mumkindir, lekin kommunal xizmatga to‘lovni u hokim bo‘ladimi, prokuror bo‘ladimi, shaxsan o‘zi amalga oshirishi kerak!», — deya ta’kidladi viloyat rahbari.

«Nega amaldor ishlatgan elektr byudjetdan, xalq pulidan qoplanishi kerak? Men bunaqa farmoyishlarga qo‘l qo‘ymayman!», — dedi u.

Oldinroq, Toshkent viloyati hokimi bir hafta ichida viloyat, shahar va tumanlar hokimliklari elektron hujjat aylanish tizimiga to‘liq o‘tkazilishini aytgan edi.

Ma’lumot uchun, Davron Hidoyatov prezidentning 30 yanvardagi farmoni bilan Toshkent viloyati hokimi Rustam Xolmatovning o‘rniga viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan edi. Tayinlovdan oldin u Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.