17-may kuni Shavkat Mirziyoyev telefon orqali Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayevni tavallud kuni bilan tabrikladi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar qildi.

O‘zbekiston prezidenti Toqayevga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va muvaffaqiyatlar, qardosh qozoq xalqiga tinchlik va ravnaq tiladi. Qasim-Jomart Toqayevning O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shgan katta shaxsiy hissasi alohida qayd etildi.

Ikki davlat rahbarlari O‘zbekiston-Qozog‘iston hamkorligini yanada kengaytirishga doir masalalarni ko‘rib chiqdi. Xiva shahrida bo‘lib o‘tgan amaliy uchrashuvdagi kelishuvlarning amalga oshirilishi va bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlar rejasi muhokama qilindi.

“Savdo-iqtisodiy hamkorlik loyihalarining yangi portfelini shakllantirish, biznes va hududlarni jalb qilgan holda sanoat, transport va logistika, energetika, qishloq xo‘jaligi sohalaridagi kooperatsiyani ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi. Faol madaniy-gumanitar almashinuvni davom ettirish muhimligi ta’kidlandi”, — deyiladi xabarda.