15-yanvar kuni prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxt tumanlarining hokimlari va sektor rahbarlari, shuningdek, Yunusobod tumani mahalla faollari hamda yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda “Gazeta.uz” muxbiri xabar bermoqda.

Davlat rahbari 10 kun ichida ikki vazirning (uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri Muzaffar Saliyev hamda oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Inomjon Majidov) ishdan olganini, qolaversa, bir qancha vazir o‘rinbosarlari — suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari — Baxodir Ro‘ziboyev, Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosarlari Saidkamol Xodjayev va Botirjon Sulaymonov, oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari O‘ktam Salomov, transport vaziri o‘rinbosari Davron Деҳқонов niнг lavozimidan ozod qilinganini ta’kidladi.

Bundan tashqari, prezidentning so‘zlariga ko‘ra, bosh vazirning ikki o‘rinbosari “oxirgi xayfsan bilan zo‘rg‘a ishda qoldi”. Kim haqida gap borayotganiga aniqlik kiritilmadi.

“Nimaga? Aravani tortmasa ketishi kerak. Ketish kerak. Aravani tortish uchun mahalliy hokimiyat idoralari fidoyi bo‘lishi kerak. Ularga nisbatan mahalla raisi 10 karra fidoyi bo‘lishi kerak”, — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari Yunusobod tumanining 63 ta mahalla raislariga (ularning ikki nafari vakant) murojaat qilib, “uyg‘onish"ga va “esnash"ni bas qilishga chaqirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mahalla raislari davlat organlaridan joylardagi muammolarni hal etishni talab qilishi zarur.

Shavkat Mirziyoyev mahalla raisi “prezident bilan xalq o‘rtasida ko‘prik” yaratadigan prezident vakili ekanini ta’kidladi.

“Yo adolatli, yo xiyonatli, lekin ikkovi ham ko‘prik bo‘ladi. Qanday ko‘prik bo‘lgani mahallaning ishiga bog‘liq. Shuning uchun mahalla raisi endi jamiyatimizning ko‘zgusi, adolati hamda ertangi kunga ishontiradigan kuch bo‘ladi. Shunga loyiq bo‘la olamizmi? Agar bo‘la olsak, marra bizniki. Bo‘la olmasak, shiddat bilan o‘tib ketayotgan zamonda biz ko‘p narsani yo‘qotib qo‘yamiz. Ming afsus, lekin nevaramizning ko‘ziga qara olmaymiz”, — dedi davlat rahbari.