Pandemiya ko‘p mamlakatlar ijtimoiy himoya tizimi uchun juda qiyin davr bo‘ldi. Ish va tirikchilik vositalaridan mahrum bo‘lgan davrda ko‘plab odamlarning ijtimoiy yordam va xizmatlarga bo‘lgan ehtiyoji oshdi. Bundan tashqari, ijtimoiy yordam ko‘rsatish mexanizmlari ijtimoiy masofani saqlash va infeksiya tarqalishini oldini oluvchi qo‘shimcha ehtiyot choralari qo‘llanilayotgan sharoitda o‘zgarishlarga uchradi.

O‘zbekistonda kam ta’minlangan va himoyaga muhtoj odamlarga keng ko‘lamli bir martalik ijtimoiy yordam mart oyida tashkil etilgan Inqirozga qarshi jamg‘armasidan ko‘rsatilmoqda. Uning ijtimoiy sohaga qaratilgan xarajatlari 11 avgust holatiga 2,56 trln so‘mni tashkil etdi, shundan 489 mlrd so‘m mablag‘ ijtimoiy nafaqa to‘lovlariga sarflandi.

O‘zbekistondagi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga yordam ko‘rsatish uchun ehtiyojmandlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar kiritilgan «temir daftar» ro‘yxati joriy qilindi. Ro‘yxat mahalla qo‘mitalari raislari tomonidan sektor rahbarlari bilan birgalikda shakllantiriladi. Mas’ul shaxslar ma’lumotni «temir daftar»ga elektron shaklda sakhovat.argos.uz saytida elektron imzo kaliti yordamida kiritadilar.

Manba: AOKA.

«Temir daftar»ni yuritishda kam ta’minlangan oilalarning besh toifasi belgilandi:

  1. mehnatga layoqatsiz va surunkali kasalligi bor oila a’zolarining mavjudligi;
  2. yolg‘iz, keksa, beva va kam ta’minlangan, shuningdek qarovga muhtoj fuqarolardan tashkil topgan oilalar;
  3. besh va undan ko‘p bolali oilalar;
  4. koronavirus pandemiyasi munosobati bilan kiritilgan karantin choralari natijasida ishini va daromad manbaini yo‘qotgan fuqarolar hamda qaytib kelgan mehnat migrantlari;
  5. kambag‘al, yordamga va moddiy qo‘llab-quvvatlashga muhtoj oilalar.

Nima uchun «Temir daftar»?

Zamonaviy O‘zbekistonda «temir daftar» iborasi qarz majburiyatlarini hisobga oladigan vosita sifatida xalq kundalik hayotida mustahkam o‘rnashgan. Qarzdorlarni «temir» hisobga olish zarurati ko‘proq qishloq joylarda, odamlar vaqtincha pulsiz bo‘lganida va do‘kondan oziq-ovqat mahsulotlarini qarzga olishganida paydo bo‘lgan. Sotuvchi «temir daftar»da aynan qanday mahsulotlar va umumiy qancha miqdorda qarz olinganligini yozib olgan va qishloq aholisi hosil yig‘ib olingandan keyin yoki sharoit yaxshilangan vaqtlarda qarzni qaytargan. Qarz qaytarilganidan so‘ng, sotuvchi qarzni o‘chirib tashlagan.

Ehtimol, «temir daftar»ning qarzlar daftarchasi sifatida paydo bo‘lgani kabi, ushbu ro‘yxatning nomi hozirgi vaqtda ko‘rsatilayotgan moliyaviy yordam kelajakda soliq to‘lovchilar uchun soliq yukiga aylanishiga ishoradir.

«Muzlatgichni oching! Biz siz tomon boryapmiz»

Mahalla qo‘mitalari tomonidan COVID-19 pandemiyasi davrida nafaqalar va bir martalik to‘lovlarni tayinlash uchun muhtojlik tekshiruvlarini amalga oshirishda inson omilining namoyon bo‘lishi ushbu yondashuvning samaradorligi va bir xilligiga shubha tug‘diradi. Shu bilan birga, moddiy yordamning adolatli taqsimlanishining asosiy omili ehtiyojlik mezonidir.

Oilaning ro‘yxatga kiritilganligi uning karantin davrida bir martalik pul yordamini olish huquqiga ega ekanligini anglatadi. Ammo mahalla xodimlari va sektor rahbarlari muhtoj oilalarni «temir daftar»ga kiritish uchun uyma-uy yurganda qaysi aniq mezonlarga asoslanib, aniqlashayotgani noma’lumligicha qolmoqda.

Yaqinda Toshkentning ayrim joylarida mahalla vakillari oilaning ehtiyojmandligini aniqlash uchun muzlatgichlar tarkibini uyma-uy yurib, tekshiruvdan o‘tkazayotgani haqida xabar berildi.

Shunday qilib, kam ta’minlangan oila ijtimoiy himoyaga muhtoj oiladan nimasi bilan farq qiladi? Ro‘yxatga kiritishda kam ta’minlanganlik va ijtimoiy himoyaga muhtojlikni aniqlash uchun yagona, aniq mezonlar mavjudmi va ularning barcha holatlarda bir xilda qo‘llanilishining kafolatlari qanday? Shubhasiz, tadqiqot ishtirokchilari muzlatgichlar va ularning tarkibidagi narsalar, televizor va boshqalar kabi «muhtojlik mezonlari»ni sub’ektiv talqin qilishlari mumkin.

Shaxsiy hayotga aralashishmi?

Muzlatgich tarkibini ko‘zdan kechirish uchun yashab turgan uyga kirish kerak bo‘lsa, bu inson sha’ni va qadr-qimmatiga tegmaydimi? Agar kishi mahalla vakillarini uyga kiritishdan bosh tortsa, ayniqsa pandemiya paytida, uning ehtiyoj darajasi aniqlanmaydimi va u yordamga haqiqatdan ham muhtoj bo‘lsa, unga rad etiladimi? Shu bilan birga, fuqarolarning shaxsiy hayoti va turar joyi dahlsizligi O‘zbekiston Konstitutsiyasining 27-moddasi bilan himoya qilinishini yodda tutish muhim.

Kam ta’minlanganlar va ijtimoiy himoyaga muhtojlarning qandaydirro‘yxatini «e’lon qilish» va uni mahalla qo‘mitasida osib qo‘yish to‘g‘rimi?

Albatta, bu ishlar mahalla fuqarolari mazkur ro‘yxatga haqiqatda kim tushgani va tushmagani, kim qanday yordam olgani bilan tanishishlari uchun shaffoflik nuqtai nazaridan amalga oshirilayotgani aniq. Shaffoflikka bo‘lgan bu intilish to‘la asosli namoyon bo‘lyapti.

Ammo shuni yodda tutish lozimki, ezgu maqsadlarda oshkor qilingan «temir daftar» ayrim vaziyatlarda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni stigmatizatsiyasiga, uni oluvchida uyat, boshqalarda esa hasad yoki boshqa yomon hissiyotlarga, shuningdek shaxsiy ma’lumotlarning maxfiyligini buzilishiga olib kelishi mumkin.

Shuni ham yodda tutish kerakki, yordamga muhtoj odamlar o‘zlarining moliyaviy ahvolini oshkor qilishni istamasliklari mumkin va bu ularning huquqi.

Pul talon-taroj qilinishi va korrupsiya xavfi

Mahallalarda hali hech qanday yordam olmagan kam ta’minlangan oilalar istiqomat qilib turganda, nisbatan badavlat oilalar ro‘yxatga kiritilishida korrupsiya holatlari bo‘y ko‘rsatadi.

Faktlar ham buni tasdiqlab turibdi: karantin davrida mahalla faoliyati mahalla qo‘mitalari raislari va xodimlari tomonidan kam ta’minlangan oilalar uchun ajratilgan nafaqa, ishsizlik nafaqalari, «Mahalla» va «Saxovat va ko‘mak» xayriya jamg‘armalari mablag‘larini o‘zlashtirish ko‘rinishidagi qonunbuzarlik holatlaridan holi bo‘lmadi.

Bundan tashqari, pandemiya davrida uyma-uy yurish oqsoqollar (mahalla raislari)ning, shuningdek, yolg‘iz keksa odamlar, nogironligi bor yoki surunkali kasalliklari mavjud odamlarning koronavirusga chalinish xavfini sezilarli darajada oshirishi aniq. Bu Elmira Bositxonova (o‘sha paytda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirining o‘rinbosari bo‘lgan) tomonidan mustaqil ko‘ngillilar guruhlari faoliyatini 1 apreldan to‘xtatish uchun foydalangan ayni argument edi.

Muhtojlikning pasaytirilgan mezoni

«Temir daftar» joriy qilingunga qadar ba’zi oilalarda 2 yoshgacha bo‘lgan bola parvarishi uchun nafaqa, 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun nafaqa va kam ta’minlangan oilalar uchun nafaqalar olish imkoniyati mavjud edi. Bunday yordamni olish uchun oilaning har bir a’zosining jami daromadi so‘nggi uch oyda o‘rtacha eng kam ish haqining 1,5 baravaridan yoki 358 ming so‘mdan oshmasligi kerak.

Agar oilaning har bir a’zosi daromadi 358 ming so‘mdan ortiq bo‘lsa, unda ro‘yxatdan o‘tish uchun ariza Yagona ijtimoiy reyestrda avtomatik ravishda rad qilinadi.

Manba: AOKA.

Biroq, kam ta’minlanganlikning 358 ming so‘m miqdoridagi yuqori chegarasi oilalar muhtojligining pasaytirilgan mezonidir. 2015 yildan buyon Jahon banki o‘ta qashshoqlikni kuniga 1,9 AQSH dollariga kun kechirish deb belgilagan, bu esa o‘z navbatida bir kishining oylik daromadi 57 dollarni yoki 580 ming so‘m (hozirgi valyuta kursi bo‘yicha)ni tashkil qilishi o‘ta kambag‘allik belgisini anglatadi.

Natijada, O‘zbekistonda yagona ijtimoiy reyestrda belgilangan daromadlar mezoni global qashshoqlik chegarasidan 1,62 baravar kam, bu esa mamlakat aholisini ijtimoiy nafaqalar bilan qoplashni sezilarli darajada kamaytiradi. Demak biz o‘ta qashshoqlikda kun ko‘rayotgan oilalarga yordam berish bilangina cheklanayapmiz, agar ular mahalla qo‘mitalarida barcha qog‘ozbozlik jarayonlaridan o‘tib, bir to‘da qog‘oz taqdim eta olishsa albatta.

Yaqinda YUNISEFning O‘zbekistondagi hisoboti kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam ko‘rsatish butun mamlakat bo‘ylab 61,5 ming oilani qamrab olgan juda kichik dastur ekanligini ko‘rsatdi.

YUNISEF tahlillari yashash sharoiti hattoki muhtojlikning sezilarli past mezoniga to‘g‘ri kelayotgan 98 foiz uy xo‘jaliklari ushbu dastur bilan qamrab olinmaganini aniqladi. Bundan tashqari, YUNISEFning 2012 yildagi ma’lumotlariga ko‘ra, oilalar bola parvarishi bo‘yicha o‘rtacha 6,7 oy va bolali oilalar uchun 4,7 oy davomida nafaqa olganlar.

Mahalla qo‘mitalari ham kam ta’minlangan oilalarga nafaqa tayinlash uchun mas’ul hisoblanadilar. YUNISEF tadqiqotida ta’kidlanishicha, mablag‘ yetishmasligi va kam ta’minlangan oilalarning ko‘pligi sababli ko‘plab kishilar hatto COVID-19 pandemiyasi va qattiq karantin choralari qo‘llanilishidan oldin ham, yashash sharoiti muhtojlikning past mezonlari talablariga javob bersa ham, mahallalardagi ijtimoiy nafaqalarni olish uchun o‘z navbatlarini kutishga majbur bo‘lishgan.

Onasi ishlamaydigan, 14 yoshgacha bo‘lgan ikkita voyaga yetmagan farzandi bo‘lgan va oilaning yolg‘iz boquvchisi otasining o‘rtacha oylik ish haqi 2,3 million so‘mni tashkil qiladigan oilani olamiz. Bu daromad shunchaki oilaga kuniga bir kishi uchun $ 1,9 kambag‘allikda yashashga imkon beradi va oila daromad mezonlariga javob bermaydi va bolalar nafaqasini olmaydi.

Vaziyat O‘zbekistonda iste’mol savatchasining va kun ko‘rishning minimal hajmi hali rasman tasdiqlanmaganligi sababli yanada qiyinlashadi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, o‘tgan yilning yozida Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida iste’mol savatchasi 650 ming so‘mni, kun ko‘rishning eng kam hajmi esa 800 ming so‘mni tashkil etgan.

Kim ijtimoiy yordamsiz qolishi mumkin?

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining matbuot kotibi Saodat Boymirzayeva fuqarolarning savollariga javob berar ekan, kam ta’minlanganlar ro‘yxatida turgan va oldin ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam olayotgan oilalar Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 15 fevraldagi qaroriga asosan faqat bitta turdagi nafaqa yoki moddiy yordam olish huquqiga ega ekanligini ta’kidladi. Boshqacha qilib aytganda, ular «temir daftar»ga kiritilishga umid qilolmaydilar.

Bundan tashqari, qandaydir sabablarga ko‘ra o‘ta muhtoj odamlarning ushbu ro‘yxatlarga kiritilmasligi xatari to‘liq chiqarib tashlanishi haligacha aniq emas. Masalan, pandemiya paytida ular ro‘yxatdan o‘tgan mahallada yashamasliklari yoki olti oydan kam yashayotgan bo‘lishlari, yoki ro‘yxatdan o‘tganligini va shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarini yo‘qotib qo‘ygan bo‘lishi mumkin. Ilgari oila olti oydan kam vaqt davomida yotoqxonada yashaganligi asosida bolalar nafaqasini tayinlashda shunga o‘xshash rad etish holatlari yuz bergan.

Keling, boshqa sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan vaziyatni ko‘rib chiqaylik. Aytaylik, yolg‘iz ona oyiga 700 ming so‘m ish haqiga farrosh bo‘lib ishlaydi. Uning nogiron bolasi bor, u bolalikdan 466 000 so‘m miqdorida nogironlik nafaqasini oladi. Natijada ushbu kichik oilaning umumiy daromadi 1 million 116 ming so‘mni tashkil etadi va har bir oila a’zosiga 583 ming so‘m to‘g‘ri keladi.

May oyidan boshlab bolalar va nabiralari bilan yashaydigan bobo va buvilar uchun keksalik nafaqasi, shuningdek nogironlik va boquvchisidan ayrilganlik nafaqalari oilaning umumiy daromadiga kiritilmaydi. Ushbu qaror tufayli haqiqatan ham juda oz daromadga ega bo‘lgan nogiron bolasi bo‘lgan yolg‘iz ona mahalla orqali kam ta’minlangan oilalar ro‘yxati bo‘yicha moddiy yordam olishi mumkin.

Mahalla orqali bo‘lmasa, unda qaysi mexanizm samara beradi?

Bosh vazir Abdulla Aripov 8 avgust kuni fuqarolar yig‘inlari raislarini muhtoj oilalarga bir martalik moliyaviy yordam berish jarayonini kechiktirganliklari uchun tanqid qildi. Tabiiyki, uyma-uy yurish va tasdiqlanmagan, sub’ektiv mezonlarga ko‘ra yetti toifadagi oilalarni aniqlashga ancha ko‘p vaqt va kuch talab qilinishi mumkin, shuningdek, shtat birliklari cheklangan mahalla qo‘mitalari xodimlarining tezkorligi va tayyorgarligi ham o‘z ta’sirini ko‘rsatadi.

Mahalla raislari va ularning o‘rinbosarlari mahallada bo‘layotgan jarayonlardan xabardor, tashkilotchilik mahorati, hayotiy tajribasi va aholi orasida obro‘ga ega bo‘lishi mumkin. Biroq, ular ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar va kattalar uchun keys-menejment ko‘nikmalariga ega mahoratli ijtimoiy ishchilar o‘rnini bosa olmaydilar. Shuning uchun bu masalada mahalla vositachiligidan voz kechish maqsadga muvofiqdir.

Ijtimoiy himoyaning yagona reyestrining yangi tizimida (2019 yil 1 oktyabrdan Sirdaryo viloyatida sinov tartibida ishlaydi, yil oxiriga qadar butun O‘zbekiston bo‘ylab joriy etilishi kuтилмоқda) fuqarolar shaxsiy identifikatsiya raqami (JSHSHIR) yordamida ro‘yxatdan o‘tishlari va ijtimoiy nafaqa olish uchun ariza berishlari mumkin.

Ushbu jarayonni raqamlashtirish ortiqcha qog‘ozbozlikdan qochish va kam ta’minlangan oilalarning daromad darajasini, ish haqi va boshqa yopiq shaxsiy ma’lumotlarini kuzatib borish imkoniyati bilan muhtojlik darajasini ob’ektiv baholash imkonini beradi.

Shunga qaramay, 358 000 so‘m miqdordagi muhtojlikning juda pasaytirilgan chegarasini kambag‘allikni aniqlashning xalqaro standartlariga mos kelishi uchun qayta ko‘rib chiqish kerak.

Moliya vazirligi vakilining so‘zlariga ko‘ra, Ijtimoiy himoya yagona reyestrining yangi tizimida mahalla qo‘mitasining oila tarkibini tasdiqlash va fuqarolardan keyinchalik Pensiya jamg‘armasiga o‘tkazish uchun hujjatlarni to‘plash vazifasi saqlanib qolmoqda. Shunday qilib, ijtimoiy himoya reyestrida ro‘yxatga olish jarayonining dastlabki bosqichlarida inson omili chiqarib tashlanmaydi va ariza berish jarayoni hali ham mahalla vakillari bilan bevosita aloqani talab qiladi.

Uyma-uy yurish natijasida «temir daftar»ga kiritilgan shaxslar va ularning hikoyalari ro‘yxatga kiritiladimi yoki yo‘qmi noma’lum bo‘lib qolmoqda. Agar ular biror bir sababga ko‘ra «temir daftar»dan chiqib ketishgan bo‘lsa ham, ehtimol ularning iqtisodiy holati yaqin kelajakda juda zaif bo‘lishi mumkin.

Reyestrni tuzishda hammada — mahallada, Xalq ta’limi va Sog‘liqni saqlash vazirliklarida, Tibbiy-mehnat ekspert komissiyalarida aholining zaif va moddiy yordamga muhtoj qatlamlarining har xil ro‘yxatlari borligini yodda tutish zarur. Ularning barchasi yagona reyestrga kiritilishi kerak.

Pandemiya natijasida ijtimoiy-iqtisodiy inqirozdan aziyat chekkan oilalarga bir martalik yordam ularga bir muddat o‘zini tiklab olishga imkon beradi. Shu bilan birga, mahalla va sektor vakillari bu odamlarga qattiq karantin choralari qo‘llanilganidan so‘ng ish topishda yordam berishadi, ammo past malakali va jamoat ishlaridan keladigan past miqdordagi maoshning oila umumiy daromadiga ko‘rsatadigan ijobiy ta’siri sezilarli bo‘lmasligi mumkin.

COVID-19 bizni nimaga o‘rgatdi?

Koronavirus pandemiyasi sog‘liq borasida ham, ijtimoiy-iqtisodiy holat borasida ham hammamiz zaif ekanligimizni ko‘rsatdi. Yetarlicha katta bo‘lgan norasmiy sektorda mehnat qilayotganlar va o‘z-o‘zini band qilgan ishchilar ayniqsa zaif bo‘lib chiqdilar.

Dastlab, aholini ijtimoiy himoya qilish deganda aholining ijtimoiy zaif qatlamlariga yordam berish nazarda tutilgan bo‘lib, bu davlatimiz tomonidan ijtimoiy nafaqalarning umumiy tizimidan kam ta’minlangan oilalarga manzilli yordam berish — kambag‘illikka manzilli yondashish usullarini joriy etish uchun muhim asos bo‘ldi.

Ammo, pandemiyadan oldin ham, ijtimoiy nafaqa olish uchun kambag‘allikning pasaytirilgan chegarasi va qog‘ozbozlik to‘siqlari ko‘plab himoyasiz bolalar va kattalarni davlat tomonidan beriladigan ayni ijtimoiy yordamsiz qoldirdi.

Yil boshida Prezident Shavkat Mirziyoyev parlamentga qilgan murojaatida turli hisob-kitoblarga ko‘ra, O‘zbekiston aholisining 12−15 foizi yoki 4−5 million fuqarosi qashshoqlikda yashayotganini ta’kidladi. Hozirgi inqiroz sharoitida bu ko‘rsatkich sezilarli darajada o‘sishi mumkin. Bunday vaziyatda kambag‘allikka manzilli yondashish ma’nosiz bo‘lib qoladi, chunki aholining ko‘p guruhlari u yoki bu holatda bu vaziyatdan aziyat chekishi aniq va ular ijtimoiy yordamga muhtoj bo‘lishi mumkin.

Ehtiyojmandlar uchun «temir daftarni» yuritish oilalarning farovonligini baholashning standartlashtirilmagan, sub’ektiv mezonlariga asoslanadi. Mahalla qo‘mitasi xodimlari va sektor rahbarlari uyma-uy yurib, aholi moddiy ahvolini yillar davomida yig‘ilgan mol-mulkdan (transport vositalari, ko‘chmas mulk ob’ektlari va h.k) kelib chiqib baholashlariga asoslanadigan bo‘lishsa, inqiroz davrida oilaning yo‘qotilgan daromadlariga yetarlicha e’tibor bermasliklari mumkin.

Kelajakda «temir daftar»da to‘plangan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar to‘g‘risidagi ma’lumot haqiqatan ham ijtimoiy yordam oluvchilarning tarixini aks ettiradigan respublika reyestrini yaratish uchun qanday saqlanishi va undan foydalanish mumkinligini batafsil o‘ylab ko‘rish juda muhim. Oxir oqibat, vaziyatni baholash va odamlarga ko‘rsatilayotgan yordamning samaradorligi mamlakatning ijtimoiy xavfsizlik tarmog‘ini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Muallifning fikri tahririyat fikri bilan mos kelmasligi mumkin.

Dilmurod Yusupov

Sasseks universiteti Taraqqiyot tadqiqotlari instituti doktoranti (Buyuk Britaniya).