O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Toshkent hokimligi tomonidan Abdulla Qodiriy va Do‘stlik (sobiq Bobur) bog‘lari 49 yil muddatga BMP Smart Decision Management tizimiga o‘tkazilgani munosabati bilan bayonot e’lon qildi.

Partiya matbuot xizmatining “Gazeta.uz”ga yo‘llagan izohi “Bog‘lar xalqniki bo‘lishi kerak!” deb nomlangan.

Unda aytilishicha, “Adolat” deputatlaridan iborat ishchi guruh istirohat bog‘larida o‘rganishlar olib bormoqda. “Hokimlik vakillari partiyani istirohat bog‘lari hududini muhofaza qilishga katta e’tibor qaratishini hamda hokimlik ruxsatisiz har ikki bog‘ hududida hech qanday qurilish ishlari olib borilmasligiga ishontirdi”, — deyiladi partiya xabarida.

“Bunday holatlarning oldini olish uchun „Adolat“ SDP istirohat bog‘larini jamoatchilik muhokamasidan so‘ng ijaraga berish va bu tartibni ochiq va oshkora amalga oshirish zarur, deb hisoblaydi. Bunda xalq deputatlari kengashining ham fikrini olish maqsadga muvofiqdir”, — deyiladi xabarda.

“Barcha qurilish va rekonstruksiya ishlari jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda tashkil etilishi, doimiy jamoatchilik nazorati zarur va, albatta, daraxtlarga zarar yetkazilmasligi kerak”, — deya ta’kidladi partiya.

Partiya Toshkent hokimligini “jamoat uchun muhim bo‘lgan bunday masalalar bo‘yicha qaror qabul qilishdan oldin jamoatchilik fikrini o‘rganish va hisobga olish, barcha tashkiliy jarayonlarni ochiq olib borish”ga chaqirdi.

BMP Smart Decision Management — G‘afur G‘ulom bog‘ini ijaraga olgan va u yerda kamida 10 million dollar sarmoya kiritish majburiyati bilan rekonstruksiya ishlarini olib borgan kompaniya. Kompaniya muhokama qilinayotgan ikkita park uchun yuqoridagidek majburiyatlarni oldi.

Qonunga ko‘ra, xususiy investor tashabbus ko‘rsatib, bog‘ yoki uning bir qismini davlat-xususiy sheriklik doirasida ijaraga berishi mumkin. Lekin davlat buyurtmachisi investordan ariza olganidan keyin Madaniyat vazirligi veb-sayti va boshqa ommaviy axborot vositalarida tanlov e’lon qilishi kerak, biroq bunday e’lon yo‘q.

“Gazeta.uz” kolumnisti Botir Qobilov avvalroq bog‘larni “norentabel” deb hisoblagan rasmiylar xatoga yo‘l qo‘yayotganini, chunki bog‘lar odamlar uchun ham, shaharning o‘zi uchun ham muhimroq ekanini ta’kidlagan edi. U zudlik bilan bog‘larni saqlab qolish va ularni haqiqiy egalari — xalqqa qaytarishni boshlashga chaqiradi.

Bir qator jamoat arboblari bog‘larni davlat mulkida qoldirishga chaqirdi.

Avvalroq “Gazeta.uz” ikkala bog‘ni rekonstruksiya qilish rejalari haqida batafsil yozdi (quyidagi o‘xshash xabarlarga qarang).