Iqtisodiyot
1-maydan elektr va gaz uchun tariflar oshiriladi, ijtimoiy norma joriy etiladi
O‘zbekistonda 1-maydan elektr energiyasi va gaz uchun to‘lovlar miqdori oshiriladi (2019-yil avgustidan buyon ilk marta). Shuningdek, energoresurslar iste’moli bo‘yicha ijtimoiy norma joriy etiladi.
Gaz va elektr tariflari oshishi sababli muhtoj oilalarga qanday yordam beriladi?
IHMA gaz va elektr energiyasi tariflari oshirilishi munosabati bilan 1,5 millionga yaqin muhtoj oilalarga qanday yordam ko‘rsatilishini tushuntirdi. Kambag‘allik chegarasi, pensiya va nafaqa miqdorini oshirish, isitish mavsumida 270 ming so‘m miqdorida bir martalik kompensatsiya to‘lash ko‘zda tutilgan.
Elektrning tannarxi qariyb 1000 so‘m, tabiiy gazniki esa qariyb 2000 so‘mni tashkil qiladi — Iqtisodiyot vazirligi
Iqtisodiyot vazirligi departamenti direktori Xurshed Mustafayev elektr va tabiiy gaz tariflari oshirilayotganini izohlab, so‘nggi 5 yilda narxlar aholi uchun o‘zgarishsiz qolganini eslatdi. U, shuningdek, elektrning tannarxi qariyb 1000 so‘mni, tabiiy gazniki esa qariyb 2000 so‘mni tashkil qilishini ta’kidladi.
O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston Qambarota GES-1 qurilishi bo‘yicha qo‘shma kompaniya tuzadi
O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston hukumatlari Norin daryosida Qambarota GES (GES-1) qurilishi bo‘yicha qo‘shma kompaniya tuzadi. Loyiha amalga oshirilgach, stansiyaning aksiyalari va aktivlari Qirg‘iziston mulkiga aylanadi.
Kiyevda urushdan zarar ko‘rgan Ukraina korxonalarini O‘zbekistonga ko‘chirish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi
Kiyev shahrida O‘zbekiston tomonidan tadbirkor Zafar Hoshimov raisligida O‘zbekiston-Ukraina biznes kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda ikki davlat ishbilarmon doiralarining o‘zaro hamkorligi, urushdan jabr ko‘rgan Ukraina korxonalarini O‘zbekistonga ko‘chirish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.
Toshkentdagi sobiq avtobazaning bino va inshootlari 105 mlrd so‘mga sotildi
Davlaktiv Toshkentdagi 3,2 gektar maydondagi sobiq avtobazani 105 milliard so‘mga sotdi. Tender g‘olibi Evro Tires Universal bo‘ldi.
Jamiyat
Jizzaxda yo‘lovchi avtobus ariqqa tushib ketdi
Sharof Rashidov tumanida yo‘lovchi tashuvchi avtobus ariqqa tushib ketdi. Avtobusda yo‘lovchilar bo‘lmagan, haydovchiga birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Rossiyada qarovsiz qolgan bolalar O‘zbekistonga qaytarildi
Ota-onalari bo‘lmagan va yordamga muhtoj jami 17 nafar bola Rossiyadan O‘zbekistonga qaytarildi. Ular yaqin qarindoshlariga yoki maxsus bolalar muassasalariga vasiylik qilish uchun topshiriladi.
BP Farg‘onadagi muzeyda sodir bo‘lgan yong‘inni tekshirmoqda
Bosh prokuratura Farg‘ona viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyida sodir bo‘lgan yong‘in bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv o‘tkazmoqda. Hodisa oqibatida XIX asrga oid masjid eshigi hamda qadimiy miltiqning qo‘ndog‘i yonib zararlangan.
Toshkentda o‘qituvchi o‘quvchilar qo‘liga igna va “samorez” sanchib jazolab kelgani aniqlandi
Sergeli tumanidagi 277-maktabning 1-sinf rahbari xato qilgan o‘quvchilarini jazolash uchun qo‘llariga igna va “samorez” sanchgani aytilmoqda. Holat 2023−2024-o‘quv yili boshidan buyon takrorlanib kelgan. Bolalar ombudsmani holat nazoratga olingani va o‘qituvchi ishdan olinganini bildirdi.
Nukusdan Istanbulga aviaqatnovlar 3-iyundan boshlab yo‘lga qo‘yiladi
Uzbekistan Airways 3-iyundan boshlab Nukus-Istanbul-Nukus yo‘nalishida aviareyslarni yo‘lga qo‘yishini ma’lum qildi. Qatnovlar haftaning har dushanba kuni amalga oshiriladi.
Toshkent va Buxoro viloyatlarida noqonuniy yer sotishda gumonlanganlar ushlandi
DXX Toshkent viloyatining Toshkent, O‘rta Chirchiq va Ohangaron tumanlari hamda Buxoro viloyatining Buxoro tumanida yer maydonlarini noqonuniy sotishga urinishlarni aniqladi. Bunda fuqarolardan 50 mingdan 100 ming dollargacha pul so‘ralgan.
O‘quvchilar xorijga chiqishdan avval maktab direktorini ogohlantirishi kerakligi taklif etilmoqda
Maktab vazirligi o‘quvchilar xorijga chiqishda maktab direktorini ogohlantirishi kerakligi nazarda tutilgan buyruq loyihasini muhokamaga qo‘ydi. O‘zgartirish maqsadi sifatida xorijga ogohlantirmasdan yoki vaqtincha chiqib ketib, qaytib kelmagan o‘quvchilar bilan ishlashni samarali yo‘lga qo‘yish ekani qayd etilgan.
Madaniyat
Foto: Italiyada “O‘zbekiston: sahrodagi avangard” ko‘rgazmasi loyihasi taqdimoti bo‘ldi
Florensiyadagi Pitti saroyida “Nur va rang” ko‘rgazmasi ochildi. U “O‘zbekiston: sahrodagi avangard” loyihasining bir qismi bo‘lib, Yevropa jamoatchiligini ilk bor Toshkent va Nukus san’at muzeylari kolleksiyalaridagi rus va “sharq” avangard asarlari bilan tanishtirmoqda.
Jahon
Qozog‘iston rahbari mamlakatdagi suv toshqinlari fonida yirik tadbirlarni bekor qilishni buyurdi
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev mamlakatdagi eng yirik suv toshqinlari fonida hukumatga budjet mablag‘larini tejash maqsadida imidj yaratish va yirik tadbirlarni o‘tkazishdan voz kechishni buyurdi.
AQShda Trampning pornoaktrisaga qilgan to‘lovlari bo‘yicha sud jarayoni boshlandi
Nyu-Yorkda Donald Trampning sukut saqlashi uchun pornoaktrisaga pul to‘lagani bo‘yicha sud jarayoni boshlandi. Tarixda ilk bor AQSh sobiq prezidenti jinoiy ish bo‘yicha sudda ishtirok etmoqda. Siyosatchi o‘ziga qo‘yilgan aybni tan olmayapti.
Gruziyada “xorijiy agentlar to‘g‘risida"gi qonun loyihasiga qarshi ommaviy noroziliklar bo‘lmoqda
Minglab odamlar Gruziya parlamenti binosi yaqiniga “xorijiy agentlar to‘g‘risida"gi qonun loyihasiga norozilik bildirish maqsadida yig‘ildi. Ularning fikricha, qonun Rossiyaning xorijiy agentlar haqidagi qonuniga o‘xshash. Hujjat o‘tgan yili muhokamaga qo‘yilgan, biroq namoyishlardan so‘ng qaytarib olingandi.
“Gazeta.uz"da e’lon qilingan maxsus materiallar:
Demokratiya, qancha qusuri bo‘lsa ham, baribir avtokratiyadan yaxshiroq
Demokratiyaning nima keragi bor? Rivojlanayotgan mamlakatlar uchun an’anaviy avtokratiya yaxshiroq emasmi? Bu savollarning javobi, FT sharhlovchisi Martin Vulfning qayd etishicha, faqat rivojlanayotgan mamlakatlar aholisinigina qiziqtirayotgani yo‘q. “Gazeta.uz” uning shu haqdagi maqolasini tarjima qildi.
Bizni o‘qiyotganingiz uchun rahmat!