Minglab odamlar Tbilisida “Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasining qabul qilinishiga qarshi namoyishga chiqdi, bu ularning fikricha, Rossiyaning xorijiy agentlar haqidagi qonuniga o‘xshaydi, deb yozmoqda BBC.

15-aprel kuni ertalab namoyishchilar mahalliy parlament binosi yaqinidagi Rustaveli xiyobonini to‘sib qo‘yishdi. Ular “Rossiya qonunlariga yo‘q” deb baqirishdi va ko‘pchilik Yevropa Ittifoqi hamda Gruziya bayroqlarini ko‘tardi. Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, namoyishlarda 5000 dan ortiq odam qatnashdi.

Paper Kartuli nashrining qayd etishicha, tushdan keyin namoyishchilar politsiya otryadini yorib o‘tishga urinib, ular bilan to‘qnash keldi. Gruziya Ichki ishlar vazirligi 14 kishi ma’muriy huquqbuzarlik uchun qo‘lga olingani haqida xabar berdi. Idora, shuningdek, bir politsiyachi yaralanganini va tibbiy yordamga muhtojligini da’vo qilmoqda.

Namoyishchilarni Gruziya prezidenti Salome Zurabishvili qo‘llab-quvvatladi. “Tbilisida fuqarolik jamiyatining „Rossiya qonunchiligiga“ qarshi namoyishi. Suv to‘plari va gaz qurollari bo‘lgan „maxsus kuchlar“ o‘zlarining Yevropa kelajagini himoya qilayotgan tinch aholiga qarshi chora ko‘rishga tayyor. Hibsga olishlar davom etmoqda. Gruziya qayta sovetlashtirishni qabul qilmaydi!” — deb yozdi u X.

Paper Kartuli nashriga ko‘ra, 16-aprel kuni ertalab Tbilisidagi parlament binosi yaqinida namoyishchilar yana yig‘ilgan.

Qonun loyihasi haqida nimalar ma’lum?

Hukmron “Gruziya orzusi” partiyasi qonun loyihasini parlament muhokamasiga taqdim etdi. Bu hujjatni tasdiqlash uchun qilingan ikkinchi urinishdir. O‘tgan yili jamoatchilik tanqidi va ko‘plab noroziliklardan so‘ng hukumat uni qaytarib olishga majbur bo‘lgandi.

Aprel oyi boshida esa “Gruziya orzusi” qonun loyihasini qaytadan kiritish niyati borligini ma’lum qildi. Uning mazmuni avvalgi versiya bilan bir xil, deb qayd etdi Mtavari. Hujjat 20 foizdan ko‘proq mablag‘ni xorijdan oladigan nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalarini “xorijiy davlat manfaatlariga xizmat qiluvchi tashkilot” sifatida davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazish majburiyatini yuklaydi.

Gruziya bosh vaziri Irakliy Kobaxidzening aytishicha, taklif etilayotgan qonun loyihasi grant oluvchilarning moliyaviy shaffofligini ta’minlash uchun zarur.

Biroq muxolifat partiyalari va mustaqil jurnalistlar bu hujjat Gruziyadagi tanqidiy ovozlarni bostirish va mamlakatning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish imkoniyatlarini izdan chiqarishga urinish ekanini aytdi, deb yozmoqda BBC.

G‘arb davlatlari, jumladan AQSh, Buyuk Britaniya va Germaniya Gruziyani qonun loyihasini qabul qilmaslikka chaqirdi. Dekabr oyida Gruziyaga nomzod maqomini bergan Yevropa Ittifoqi bu hujjat blokning qadriyatlariga “mos kelmasligini” bildirdi.

Noroziliklarga qaramay, Gruziya parlamentining huquqiy masalalar bo‘yicha qo‘mitasi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qo‘llab-quvvatladi. Birinchi eshituv 16-aprelga belgilangan.